O‘zbekiston – Qatar: o‘zaro munosabatlarda yangi davrni boshlab bergan tarixiy tashrif

08.06.2023, 11:34

O‘zbekiston – Qatar: o‘zaro munosabatlarda yangi davrni boshlab bergan tarixiy tashrif

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Qatar Davlati Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy 5-6 iyun kunlari davlat tashrifi bilan mamlakatimizda bo‘ldi.

Ikki davlat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 25 yildan ziyod vaqt o‘tgan bo‘lsa-da ilk bor amalga oshirilgan mazkur davlat tashrifiga keyingi yillarda jadal rivojlanib borayotgan hamkorlik natijasi sifatida alohida e’tibor qaratildi. Tomonlar tashrifga juda katta tayyorgarlik ko‘rdi, imzolanadigan salmoqli hujjatlar to‘plami tayyorlandi.

Qatar Davlati Amirini 5 iyun kuni Samarqand xalqaro aeroportida davlatimiz rahbari kutib oldi. Oliy martabali mehmonga yuksak hurmat-ehtirom ko‘rsatildi.

Tashrifning asosiy tadbirlari 6 iyun kuni Samarqand shahrida Qatar rahbarini rasmiy kutib olish marosimidan boshlandi.

Kongress markazi oldidagi maydonda faxriy qorovul saf tortdi. 

O‘zbekiston Prezidenti oliy martabali mehmonni samimiy kutib oldi va shohsupaga taklif qildi.

Harbiy orkestr ikki mamlakat madhiyalarini ijro etdi.

Davlat rahbarlari faxriy qorovul safi oldidan o‘tib, rasmiy delegatsiya a’zolarini qutladi. 

Shundan so‘ng Kongress markazida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qatar Davlati Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyning oliy darajadagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi.

Siyosiy muloqot va madaniy-gumanitar almashinuvni yanada rivojlantirish, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Uchrashuv avvalida Qatar Amiri davlatimiz rahbariga tashrif bilan kelish taklifi hamda Qatar delegatsiyasiga ko‘rsatilayotgan iliq va samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi.

Diplomatik munosabatlar tarixida birinchisi bo‘lgan ushbu oliy darajadagi tashrif ikki tomonlama hamkorlikda yangi bosqichni boshlab berishi hamda uni keng qamrovli sheriklik darajasiga ko‘tarishga xizmat qilishi qayd etildi.

– Biz Qatarni nafaqat Yaqin Sharq mintaqasida, balki butun arab-musulmon olamida o‘zimizning istiqbolli hamkorimiz sifatida bilamiz. Siz bilan so‘nggi yillardagi muloqotlarimiz bois munosabatlarimizda katta siljish kuzatilmoqda, – dedi davlatimiz rahbari.

Joriy yilda Toshkent shahrida Qatar elchixonasi ochilgani ikki tomonlama hamkorlikni faol ilgari surishda muhim o‘rin tutgani ta’kidlandi. Qatar tomoni Dohada O‘zbekiston elchixonasi ochilishi ushbu jarayonga kuchli sur’at bag‘ishlashiga ishonch bildirdi.

Tomonlar o‘zaro savdo ko‘rsatkichlarini yanada yaxshilash, qo‘shma investitsiya loyihalari va savdo shartnomalarini amalga oshirishga tayyor ekanliklarini ta’kidladilar.

Qatarning yetakchi kompaniyalari energetika, gaz-kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi, infratuzilma, logistika, turizm va boshqa tarmoqlarda umumiy qiymati 12 milliard dollardan ziyod yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirishda ishtirok etishi yuzasidan kelishuvga erishildi.

Istiqbolli loyihalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida shu yil sentyabr oyida O‘zbekiston – Qatar investitsiya forumini o‘tkazish hamda qo‘shma loyihalarni moliyalashtirish mexanizmlarini yaratish masalasini ko‘rib chiqish taklif etildi.

Davlat rahbarlari Markaziy Osiyoni Ko‘rfaz mamlakatlari bilan bog‘laydigan eng qisqa, ishonchli va xavfsiz yo‘laklarni shakllantirish muhimligini qayd etdilar.

Madaniyat, ta’lim va turizm sohalaridagi almashinuvlarni faollashtirishga qaratilgan sa’y-harakatlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga, shu jumladan, birgalikda madaniyat kunlari, konsert dasturlari, ko‘rgazmalar, hunarmandchilik va pazandachilik namoyishlarini o‘tkazishga kelishib olindi. Mamlakatlarimiz poytaxtlari o‘rtasida yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilayotgan muntazam aviaqatnovlar ishbilarmonlik aloqalari va o‘zaro sayyohlar oqimining ortishiga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Global va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi. Tomonlar Afg‘onistonga nisbatan pragmatik siyosat yuritilishi, mamlakat iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlash va afg‘on xalqiga insonparvarlik yordami ko‘rsatilishi muhimligini ta’kidladilar.

Shu ma’noda, Transafg‘on temir yo‘lini barpo etish bo‘yicha strategik loyihani amalga oshirishni birgalikda ilgari surish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv so‘nggida shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy davlatimiz rahbarini Qatarga tashrif bilan kelishga taklif qildi.

Oliy darajadagi muzokaralar yakunlangach, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qatar Davlati Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy huzurida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlashga qaratilgan 15 ta ikki tomonlama hujjatni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Jumladan, quyidagilar qabul qilindi:

– Investitsiyalarni o‘zaro rag‘batlantirish va himoya qilish to‘g‘risida hukumatlararo bitim;

– Ikki tomonlama soliqqa tortishning oldini olish hamda daromad va mulk soliqlarini to‘lashdan bosh tortishni bartaraf qilish to‘g‘risida hukumatlararo bitim;

– Bojxona ishlarida o‘zaro ko‘mak ko‘rsatish to‘g‘risida hukumatlararo bitim;

– Mehnat munosabatlari sohasida hamkorlik to‘g‘risida hukumatlararo bitim;

– Diplomatik pasport egalarini viza talablaridan ozod etish to‘g‘risida hukumatlararo bitim;

– Oliy ta’lim va ilmiy tadqiqotlar sohasida hamkorlik to‘g‘risida hukumatlararo memorandum;

– Madaniyat sohasida hamkorlik to‘g‘risida hukumatlararo memorandum;

– Savdo sohasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum;

– Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum;

– O‘simliklar karantini va himoyasi sohasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum;

– Sport va yoshlar ishlari sohasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum;

– Toshkent va Doha shaharlari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum.

Shuningdek, tashqi ishlar va adliya vazirliklari o‘rtasida 2023-2025 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturlari hamda Ustuvor investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun qo‘shma platforma yaratish to‘g‘risida kelishuv imzolandi.

Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qatar Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy Samarqanddagi Kongress markazi bog‘ida birgalikda daraxt ekdilar.

Bu O‘zbekiston bilan Qatar o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarda yangi bosqich boshlangani va yetakchilarning xalqlarimiz do‘stligini mustahkamlash yo‘lidagi qat’iy intilishi ramzidir.

Shu bilan  Qatar Davlati Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyning O‘zbekistonga davlat tashrifi yakunlandi.

  • Ko'rildi
    972
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+