Maqsadimiz – erta va qarindoshlar o‘rtasidagi nikohning oldini olish

16.12.2017, 14:43

Maqsadimiz – erta va qarindoshlar o‘rtasidagi nikohning oldini olish

O‘zLiDeP Xonqa tuman Kengashi “Ayollar qanoti” tashabbusi bilan “Erta va qarindoshlar o‘rtasidagi nikohning salbiy oqibatlari hamda ularni bartaraf etish yo‘llari” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi. Unda O‘zLiDeP Xorazm viloyat Kengashi va Xonqa tuman Kengash xodimlari, deputatlar, partiya faollari hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.  

– Mutaxassislarimizning fikricha, yigit-qizlarning turmush qurish yoshi oila mustahkamligiga ta’sir ko‘rsatuvchi asosiy omillardan biridir, – deydi O‘zLiDeP Xonqa tuman Kengashi xodimi Saodat Karimova. – Afsuski, ayrim ota-onalar farzandining taqdiri, baxt-saodati haqida o‘ylamay, hali balog‘at yoshiga yetmagan qizini uzatish yoki qarindoshimning qizi begona bo‘lmasin, deb o‘g‘il uylantirish taraddudiga tushadi. Buning oqibatida qizlarni o‘n sakkiz, hatto undan kichik yoshda turmushga uzatib yuborish hollari uchrab turadi. Ammo bu ko‘p hollarda bo‘lg‘usi onaning salomatligi va ruhiyatiga, qolaversa, yosh oilaning mustahkamligi, tug‘ilajak farzandning sog‘lomligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

– Shifokor sifatida bugungi kunda skrining tekshiruvlarda ko‘p ishtirok etaman, – deydi Xalq deputatlari viloyat Kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhi a’zosi Nasiba Masharipova. – Shuni ochiqchasiga aytish kerakki, bolalardagi turli xil anomaliyalar, ayniqsa, asab tizimi va genetik nuqsonlar aynan qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlar tufayli yuzaga kelayotir. Buning oldini olish uchun, avvalo, ota-onalar yetarli tibbiy bilim va tushunchaga ega bo‘lishi lozim. Ammo ayrimlar erta turmush, qarindoshlar o‘rtasidagi nikohning salbiy oqibatlarini ko‘ra-bila turib, shoshma-shosharlik va o‘zboshimchalik bilan qaror qabul qilishadi. Natijada nosog‘lom farzandlar dunyoga keladi, oilalar o‘rtasida sovuqchilik paydo bo‘ladi, yosh kelin-kuyov ruhiy tushkunlikka tushib qoladi. Kimningdir o‘ylamay qilgan xatosi tufayli yosh oilalar buzilib ketadi.

Ta’kidlash kerak, O‘zLiDeP mazkur mavzu bo‘yicha mahallalarda turkum uchrashuvlar, davra suhbatlari uyushtirib, muntazam tushuntirish ishlarini olib bormoqda. Mahalla faollari ham bu borada o‘z ko‘maklarini ayamayapti. Maqsad esa bitta: erta va qarindoshlik o‘rtasidagi nikohlarni oldini olish va sog‘lom oilalar safini ko‘paytirishdan iborat.  

                   Nilufar JABBOROVA,

O‘zLiDeP Xorazm viloyat Kengashi

matbuot xizmati xodimi

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    4386
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+