“Bolam maktabiga o‘tin tashiydi”, deb iddao qilgan ayolning yolg‘onlari O‘zLiDePning sayyor qabulida fosh bo‘ldi

22.12.2017, 18:41

“Bolam maktabiga o‘tin tashiydi”, deb iddao qilgan ayolning yolg‘onlari O‘zLiDePning sayyor qabulida fosh bo‘ldi

O‘zLiDeP Andijon tuman Kengashi tashabbusi bilan tumanning 14-umumta’lim maktabida Beshbo‘ynoq, Ekin-tikin, Ayrilish, Yorboshi, Chorbog‘, Sultonobod mahalla fuqarolar yig‘ini aholisini qiynayotgan muammolar yuzasidan sayyor qabul tashkil qilindi. Tuman hokimligi, qator mutasaddi tashkilot vakillari fuqarolarning murojatlariga javob berishdi.

– Farzandim shu maktabda ta’lim oladi, – deydi Ayrilish MFYda istiqomat qiluvchi Mohidil Yusupova. – Qish mavsumi boshlanishi bilan o‘qituvchisining o‘tin talab qilishidan farzandim darsga borishga bezillaydi. Axir o‘zimiz ham o‘tinni sotib olsak, maktabiga qayerdan yetkazib beramiz?! Aslida ta’lim dargohlari yoqilg‘i bilan davlat tomonidan ta’minlanishi kerak-ku!

Fuqaroning murojaati butun zalni qalqitdi. Keskin munozaralar boshlandi. Maktab direktori Zuhra Karimova idaaoni qat’iy rad etib, bunday “talab”lar bo‘lmayotganini ta’kidladi.

– Muammoni o‘z joyida hal qilish maqsadida o‘rganishni maktabning o‘zidan boshladik, – deydi O‘zLiDeP Andijon viloyat Kengashi Jismoniy va yuridik shaxslar bilan ishlash bo‘limi mudiri Olimjon Tolipov. – Aniqlanishicha maktabga 17 tonnayu 800 kilogramm ko‘mir kelgan. Bu esa  maktabning mavjud 28 ta sinf xonalarini isitishga yetyapti. O‘rganish jarayonida barcha xonalarda isitish pechlari qurilgani hamda yoqilayotgan yoqilg‘i tufayli xonalar issiqligiga guvohi bo‘ldik. Bundan tashqari, maktabning ko‘mir va o‘tin saqlanayotgan omborini ko‘zdan kechirganimizda, fuqaroning gaplari yolg‘onligi aniqlandi.

Xo‘sh, u holda o‘quvchining onasi nima sababdan bunday iddao qildi? Ma’lum bo‘lishicha, M. Yusupova va uning turmush o‘rtog‘i farzandining sinf rahbari bilan sira kelisholmas ekan. Ular bolasi boshqa sinfga o‘tkazilmagunga qadar maktab sha’niga ana shunday yolg‘on gaplarni aytishni to‘xtatmaslik haqida maktab direktorini ham ogohlantirishgan ekan.

Sayyor qabulda bir qator murojaatlar mutasaddilar tomonidan hal qilindi. Jumladan, Beshbo‘ynoq mahallsida yashovchi Fotima Shamsuddinova 2- bor turmushga chiqqan bo‘lsada, birinchi turmushidan qonunan ajrashishda to‘siqlarga duch kelayotgani yuzasidan murojaat qildi. Beshbo‘ynoq MFY raisi Muhabbatxon Ibragimova bu borada tegishli idoralar bilan hamkorlikda ko‘mak berishga va’da berdi.

– Ekin-tikin mahallasidagi Olimjon Yodgorovning ko‘mir narxi sun’iy ravishda oshirib yuborilayotgani xususidagi murojaat yechimini zimmamizga oldik, – deydi O‘zLiDeP Andijon tuman Kengashi apparat rahbari Odinaxon Turg‘unova. – Darhaqiqat, bu boradagi muammolarga ko‘p duch kelyapmiz. Hozirda ayni masala yuzasidan mutasaddilar bilan hamkorlikda tegishli tartibda nazorat ishlarini yo‘lga qo‘ydik.

Ochiq muloqot davomida aholi vakillarining bandlik, imtiyozli kredit, tadbirkorlikni boshlash, soliq, ichimlik suvi tanqisligi muammolariga ham javob berildi.

Zilola RAHMONOVA,

O‘zLiDeP Andijon viloyat kengashi

Matbuot xizmati xodimi

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1302
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+