Insonparvar siyosat yurtdoshlarimiz hayotiga yangicha mazmun baxsh etmoqda

22.09.2021, 18:35

 Insonparvar siyosat yurtdoshlarimiz hayotiga yangicha mazmun baxsh etmoqda

Besh yil muqaddam yaqin o‘tmishda mamlakatimizda amalda bo‘lgan “davlat – jamiyat – inson” tamoyiliga barham berila boshlandi. O’zbekistonda  avvalo inson, keyin esa, jamiyat va davlat manfaati barcha sa’y-harakatlar negiziga qo‘yildi. Hayotimizda  “Davlat – insonlar uchun” degan xalqchil g‘oya izchillik bilan qaror topa boshladi.  

Yurtimizda tarixan qisqa fursatda butunlay yangicha siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ilmiy-ma’rifiy va madaniy muhit yaratildi. Xususan, ijtimoiy yo‘nalishdagi islohotlar haqida so‘z yuritadigan bo‘lsak, ilm-fan, ta’lim-tarbiya, sog‘liqni saqlash, madaniyat va san’at, ommaviy axborot vositalari va sport kabi sohalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, kadrlar salohiyatini oshirish masalalari o‘tgan 5 yilda davlatimiz, hukumatimiz e’tiborida bo‘lganini alohida qayd etish lozim. Shu o‘rinda Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan xalq qabulxonalariga ijtimoiy soha bo‘yicha ham juda ko‘p murojaatlar bo‘lganini va tilga olingan dolzarb masalalar izchillik bilan hal etilganini ta’kidlash joiz.  

Eng muhimi, davlatimiz rahbari ilgari surgan “Odamlar ertaga emas, bugun baxtli yashashni istaydilar” tamoyili asosida olib borilgan ezgu ishlar tobora kengroq miqyos kasb etmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 20 sentabr kuni ta’lim, madaniyat va tibbiyot sohalaridagi bunyodkorlik loyihalari taqdimoti bilan tanishdi.

Davlatimiz rahbarining shu yil 23 iyundagi qaroriga muvofiq “Yangi O’zbekiston” universitetiga asos solingan edi. Qarorda universitet uchun zamonaviy o‘quv kampusi bunyod etilishi belgilangan. Shu maqsadda turkiyalik muhandislar bilan birgalikda loyiha ishlab chiqilgan. Tadbirda ushbu loyihaning asosiy jihatlari, bo‘lajak binoda yaratiladigan sharoitlar haqida ma’lumot berildi.

Taqdimotda  Milliy bog‘da qad rostlovchi yangi kutubxona, Toshkent tibbiyot akademiyasi klinikasi hududida bunyod etiladigan 10 qavatli onkologiya va radiologiya tibbiyot markazi loyihalari ham ko‘rib chiqildi.

Davlatimiz rahbari qurilishlarni xalqaro standartlar asosida, sifatli amalga oshirish, binolarga xizmat ko‘rsatadigan texnik xodimlarni hozirdan tayyorlab borish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.

Xulosa qilib aytganda, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan insonparvar siyosat odamlar hayotiga yangicha mazmun baxsh etmoqda.

 Gavharoy To‘xtasinova,

xalq deputatlari Bektemir tuman Kengashi deputati

  • Ko'rildi
    399
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+