Turkiy mushtaraklikka asoslangan samarali hamkorlik

17.11.2021, 14:34

Turkiy mushtaraklikka asoslangan samarali hamkorlik

Joriy yil oktabr oyida bo‘lib o‘tgan O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi xalqimizning Shavkat Mirziyoyevga bo‘lgan yuksak ishonchini yaqqol ko‘rsatdi. Bu -  ham ichki, ham taqshi siyosatdagi  islohotlar bilan bog‘liq. Masalan, olib borilayotgan ochiq va pragmatik tashqi siyosat, davlatimiz rahbarining uzoq-yaqindagi mamlakatlar bilan o‘zaro munosabatlarni mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslari  samarasida, 2017 yildan buyon mustahkam siyosiy va iqtisodiy aloqalar yo‘lga qo‘yildi, xalqaro hamkorlikning yangi yo‘nalishlari va mexanizmlari  tadbiq etildi.

Shulardan biri Shavkat Mirziyoyevning Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining sakkizinchi sammitidagi ishtiroki bo‘ldi. Unda   savdo, investitsiyalar, “yashil” iqtisodiyot, raqamli texnologiyalar, transport va kommunikatsiyalar, ta’lim va madaniyat sohalaridagi ko‘p qirrali munosabatlarni har tomonlama kengaytirish va mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi hamda 10 dan ortiq hujjatlar imzolandi.  Yig‘ilishda Turkiy Kengash nomining «Turkiy davlatlar tashkiloti» deb o‘zgartirilishi hamda Tashkilotning birinchi sammitini kelgusi yilda O’zbekistonda o‘tkazilishi muhim qarorlardan biri bo‘ldi. Turkiy Kengash nomini «Turkiy davlatlar tashkiloti» deb o‘zgartirish bo‘yicha qarorning qabul qilinishi tashkilot faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqib, uning xalqaro maydondagi o‘rni va nufuzini oshirishgan holda, hamkorlikni yanada rivojlantirishda  mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi.

Sammitda turkiy dunyo birdamligini mustahkamlashda katta hissa qo‘shgan buyuk mutafakir va davlat arbobi Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofotni ta’sis qilish to‘g‘risidagi qarorning qabul qilingani O’zbekistonda, jumladan mamlakat faollari va aholisining yuksak e’tiboriga sazovor bo‘ldi.

Biz, O’zbekiston  Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O’zLiDeP fraksiyasida Turkiy davlatlar tashkilotiga mamlakatimizni asrlar osha  til, do‘stlik rishtalari va ma’naviy qadriyatlar o‘xshashligi va yakdilligi  bilan birlashtirib turgan  qardosh xalqlar bilan muloqot va aloqalarni mustahkamlashning  samarali maydonchalardan biri sifatida qaraymiz.

Shu bois, sobiq Turkiy Kengash, hozirgi Turkiy davlatlar tashkiloti o‘zaro hamkorlik uchun  keng imkoniyat eshiklarini ochadi. Alohida  ta’kidlab o‘tamizki,  turkiy xalqlar  o‘rtasidagi yaqin rishtalarga nafaqat madaniyatlar mushtarakligi, til va qadriyatlar o‘xshashligi, balki shuningdek, yo‘lga qo‘yilgan savdo aloqalari, hamkorlik va o‘zaro tashriflar bilan ham asos solingan.

Turkiy davlatlar tashkiloti – endilikda nufuzli xalqaro tuzilma hamdir. Turkiy tilli  davlatlarda yashovchi aholi soni 150 million kishidan oshadi. Tashkilotga a’zo davlatlarning hududi – qariyb 4 million kvadrat kilometrni tashkil etadi. Umuman olganda, tashkilot ham aholi soni, ham  salohiyati va ahamiyati bo‘yicha Yevroosiyo markazidagi yirik tuzilmadir.

Parlament  a’zolarining fikricha, Turkiy davlatlar tashkiloti qardosh mamlakatlar o‘rtasidagi ishonch va aloqalarni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy, energetika, sayyohlik, transport va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish, mintaqada tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan. Bundan tashqari, og‘ir pandemiya davridagi  qiyinchiliklarga qaramay, ushbu tashkilot doirasida bir-biriga yordam ko‘rsatish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik  ishlari davom ettirildi.

 O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ushbu sammitdagi  nutqida, avvalombor, tashkilot doirasida savdo aloqalari kengayishi uchun qulay va jozibador sharoitlar yaratish bilan bog‘liq qator konseptual takliflarni bildirganini alohida ta’kidlaymiz. Bu uchinchi davlatlarning mahsulotlarini tashkilotga a’zo mamlakatlarda ishlab chiqarish mumkin bo‘lgan tovarlar hisobidan qoplash kabi dolzarb vazifani hal qilish bilan bog‘liq. Keyingi vazifa - Xitoydan Yevropagacha mamlakatlarimiz hududlari orqali o‘tgan transqit’aviy transport yo‘laklarini yanada rivojlantirish va yangilarini yaratishdir.

Parlament a’zolari shuningdek, davlatimiz rahbarining qo‘shilgan qiymat zanjirlarini yaratish va raqobatbardoshlik tamoyillariga asoslangan qo‘shma loyihalarni birgalikda ishlab chiqish orqali ishlab chiqarish kooperatsiyasini kuchaytirish bo‘yicha belgilab bergan vazifasini ham alohida qayd etishadi. Shavkat Mirziyoyevning «Turkiy dunyo turizmi» va «Tabarruk ziyorat» kabi sayyohlik loyihalarini amalga oshirishga oid  taklifi  barcha davlatlar tadbirkorlarining manfaatlariga mos keladi.

Yangi xalqaro tashkilot tuzish haqidagi qaror haqida gapirganda,  kuyidagi jihatga alohida to‘xtalish lozim. Shavkat Mirziyoyev joriy yilning noyabr oyida bo‘lib o‘tgan yangi saylangan O’zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishish tantanali marosimiga bag‘ishlangan Oliy Majlis palatalari  qo‘shma yig‘ilishidagi  o‘z nutqida eng avvalo, Markaziy Osiyo mintaqasidagi barcha mamlakatlar bilan yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini tobora kuchaytirish bundan buyon ham asosiy maqsadimiz bo‘lishini ta’kidlagan edi.

Bu O’zbekiston mintaqamizning ajralmas qismi, yaqin qo‘shnimiz bo‘lgan Afg‘onistonda tinch va osoyishta hayotni tiklash, bu mamlakatda iqtisodiy va gumanitar inqirozga yo‘l qo‘ymaslik uchun afg‘on xalqiga qo‘ldan kelgan barcha yordamni ko‘rsatadi, deganidir. Bu shuningdek, Afg‘oniston bilan birgalikda yirik transport-kommunikatsiya loyihalarini amalga oshirish bilan ham bog‘liqdir.

Shavkat Mirziyoyev Turkiyadagi sammitda ham bu mavzuga to‘xtalib o‘tdi. Davlatimiz rahbari hozirgi murakkab vaziyatda ushbu mamlakatning gumanitar inqirozga tushib, xalqaro maydonda yakkalanib qolishiga, uning terrorchilar makoniga aylanishiga yo‘l qo‘ymaslik nihoyatda dolzarbligini  va shu bois Afg‘onistonning yangi Hukumati bilan muloqotlarda yondashuvlarimiz umumiy va yakdil bo‘lishi lozimligini qayd etdi.

Xulosa o‘rnida shuni aytamizki, hozirgi vaqtda dunyoda yuz berayotgan shiddatli jarayonlar, turli tahdid va xatarlar, pandemiya sinovlari, oziq-ovqat xavfsizligi, iqlim o‘zgarishi va ekologiya bilan bog‘liq muammolar tashkilotga a’zo davlatlar oldiga yangi dolzarb vazifalarni qo‘ymoqda. Shu bois, O’zbekistonning Turkiy tilli davlatlar tashkilotidagi ishtiroki xalqimizning tub mafaatlariga javob beradi.

Aktam XAITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

spikeri o‘rinbosari,

O’zLiDeP fraksiyasi rahbari

 

  • Ko'rildi
    329
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+