Deputat maktablar faoliyatini o‘rganishni boshladi

02.02.2022, 15:45

Deputat maktablar faoliyatini o‘rganishni boshladi

O‘zLiDeP Andijon viloyat Kengashi raisi, 59-“Xoqon” saylov okrugidan xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatligiga saylangan Xurshidaxon Xalilova “O’rikzor” mahallasida istiqomat qilayotgan aholi va saylovchilarni qiynayotgan muammo, takliflarini eshitish hamda ularni hal etish choralarini ko‘rish bilan birga mahalladagi umumta’lim maktablarining holatini o‘rganish, amaliy ko‘mak berish maqsadida joylarda turli uchrashuvlar, davra suhbatlari tashkil etib kelmoqda. Aholi bilan uchrashuvda O’rikzor ko‘chasi 1-tor ko‘cha 4-xonadonda yashovchi Xurshida Maxmudova ko‘zidan shikoyati borligi, ruhiy xastalikdan qiynalayotgani, yashash sharoiti og‘irligi sababli ijtimoiy-ta’minot olishi uchun nogironlik guruhi tayinlashida ko‘mak so‘radi. Deputat darhol mutassadi tashkilotlar bilan murojaatga yechim izladi va o‘z nazoratiga oldi.

Deputat mahalladagi o‘rganishni 54-umumta’lim maktabidan boshladi. Andijon tuman xalq ta’limi tasarrufidagi mazkur  muassasa  “O’rikzor” mahallasida joylashgan. 2014 yilda  600 o‘ringa mo‘ljallab qurilgan ushbu maktabda 78 nafar ustozlar 1202 nafar o‘quvchilarga saboq berib kelmoqda.

Dastlab, xalq noibi ta’lim muassasasi rahbarlari, o‘qituvchi xodimlari bilan uchrashib, davlatimiz rahbari tomonidan xalq ta’limi tizimiga qaratayotgan e’tiborlari xususida so‘z yuritdi. Deputat o‘z so‘zida 2022 — 2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasida to‘rtinchi ustuvor yo‘nalish ham aynan ta’lim sohasini, inson kapitalini rivojlantirishga qaratilgani ham bejiz emasligi, davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda, ta’lim sohasidagi islohotlarni kechiktirishga haqqimiz yo‘q, maktab ta’limida poydevorni bugundan mustahkamlash kerakligini alohida ta’kidladi.

Uchrashuvdan so‘ng, maktabning ma’naviy-ma’rifiy ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Abrorbek Usmonov maktabda yaratilgan shart-sharoitlar, sport zallari, kompyuterga ixtisoslashgan sinfxonalari bilan tanishtirdi. Har bir sinf xonalariga kuzatuv kameralari o‘rnatilgani, bu esa o‘quvchi va o‘qituvchilarning doim nazoratda ekanligi, shuningdek, boshlang‘ich sinf xonalari ham namunali jihozlangani xalq noibini quvontirdi. Ayniqsa, muassasa hududiga issiqxona qurib, unda sitrus mevalari yetishtirayotgani alohida e’tibor tortdi.

O’rganishlar asnosida muassasa tashqarisida yangi barpo etilayotgan mini stadion ham aynan maktab o‘quvchilari uchun joriy yilning 21 martida  foydalanishga topshirilishi rejalashtirilayotgani muassasa rahbariyatining sportga befarq emasligini anglatadi. Maktab sportzali esa  qayta ta’mirdan chiqayotganligi va bu yo‘nalishda foydalanish uchun sport anjomlari kerakligini deputat o‘z nazoratiga oldi.

O‘zLiDeP Andijon viloyat Kengashi

matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    247
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+