Issiqxonada ishsiz xotin-qizlar uchun master-klass o‘tkazildi

07.02.2022, 14:56

Issiqxonada ishsiz xotin-qizlar uchun master-klass  o‘tkazildi

To‘rayeva Zahroxon Ulug‘nor tumani “Nurobod” mahalla fuqarolar yig‘inidagi “Olg‘a” ko‘chasida istiqomat qiladi. Bugun bu insonni nafaqat tumandagilar, balki viloyatda ham yer bilan tillashgan inson, mohir tomorqachi sifatida yaxshi biladilar. Uzoq-yaqindan tajribasini o‘rganishga keluvchilarning keti uzilmaydi. Demak, mehnatdan baraka, halollikdan fayz, yerdan oltin topgan yer egasi u.

2016 yilda 6 sotix yer maydonida limon yetishtirish bilan faoliyatini boshlagan Zahroxon opaning bugun shogirdlari ham talaygina. Limonariya ortidan topayotgan daromadi dasturxoniga baraka, xonadoniga rizqu mo‘lchilik olib kirayotgani ma’lum.

- Oilaviy tadbirkorligimiz orqali mahalladagi “temir daftar”dagi 5 nafar ayollarni mavsumiy bandligini ham ta’minladik. Xaridorlarimiz doimiy mijozlarga aylanishdi. Mana, shu tomorqachilikning ortidan to‘y qildik, uy-joy qilyapmiz. Yer bilan tillashib, dillashib kam bo‘lmadik, - dedi tomrqachi opa.

Darhaqiqat, mohir tomorqachining suyunganicha bor. Ayni kunda 6 sotix yer maydonida yetishtirilayotgan limon hosili mahalliy bozorni to‘ldiribgina qolmay qo‘shni  davlatlariga ham eksport qilinmoqda. 

O’zLiDeP Ulug‘nor tuman Kengashi Ayollar qanoti guruhi tomonidan mazkur xonadonda tashkil etilgan amaliy seminarda tomorqachilikning sir-asrorlari bilan yaqindan tanishildi. Partiya faollari hamda xayrixohlari bo‘lgan xotin-qizlarning ushbu yo‘nalishdagi qiziqishlari “Namunali tomorqachi” mavzusidagi master-klass mashg‘ulotidan so‘ng aniq maqsadga aylangani ularning fikrlarida namoyon bo‘ldi.

-Yashash xonadonimda ikki sotixdan iborat tomorqam bor, - deydi shu mahallada yashovchi Saidaxon Mamadaliyeva. – Ochig‘i, shu kunga qadar bu xonadondagi limon yetishtirish sirlariga qiziqmaganimga afsuslandim. Mana, hechdan ko‘ra kech yaxshi. Partiya Ayollar qanoti tashabbusi bilan o‘tkazilgan bugungi tadbir tufayli o‘z tomorqamda limon yetishtirishni yo‘lga qo‘yishga ahd qildim. Buning uchun Zaxroxon To‘rayevadan zaruriy maslahat va tavsiyalarni oldim.

Bo‘lib o‘tgan seminarda Saidaxon Mamadaliyeva singari tomorqachilik yo‘nalishida faoliyat boshlamoqchi bo‘lgan xotin-qizlarga ham qiziqish uyg‘otdi.

O’zLiDeP Andijon viloyat Kengashi

matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    290
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+