Endilikda haydovchilik guvohnomasini olish ancha qiyinlashadi

08.02.2022, 14:56

Endilikda haydovchilik guvohnomasini olish ancha qiyinlashadi

«Yo‘l azobi-go‘r azobi»- degan maqol bugungi kunda o‘z ahamiyatini yo‘qotayotgandek, nazarimda. Sababi uzoq masofaga yo‘lga chiqmoqchi bo‘lsak qadimgidek ot-arava yoki piyoda emas, davrning shiddatli avtomashinalarida yoki transportning boshqa turlaridan foydalanayapmiz. Bir kunda mamlakatimiz poytaxtiga borib kelish endi bizga “cho‘t emas”. Tobora takomillashib borayotgan ulovlar va yaxshilanib borayotgan yo‘llarimiz ham “go‘r azobi”ni yodimizdan chiqarayapti.

 Biroq, bugungi kunda shu uchqur avtoulovlarni kim boshqarayapti, ularning avtoulovlarni boshqarish salohiyati shu ulovga qanchalik mos, avtoulovlarni boshqarish bo‘yicha huquq berayotgan ta’lim muassasalarining ahvoli, moddiy texnik holati kabilar talabga javob berayaptimi, degan savollar hammamizni qiynamoqda. Boisi har kuni sodir etilayotgan  avtofojialar va shu fojialarda halok bo‘layotgan yurtdoshlarimiz soni ko‘pligi bizni tashvishga solmoqda.

Xalq tili bilan aytganda “prava” beruvchi muassasalarda ta’lim jarayoni korrupsiya urchigan maskanga aylanib qolganligi ham ayni vaqtda sir emas. Davlatimiz rahbari o‘tgan oy oxirida o‘tkazgan yig‘ilishida shu muammoni ildizi haqida quyidagi so‘zlarni aytdilar:

- Shu o‘rinda, bir muhim masalaga barchaning e’tiborini qaratmoqchiman. Umuman, haydovchilik guvohnomasini o‘qimasdan olish oddiy holga aylanib qoldi. Mana biz o‘qiganmiz, uch yil o‘qitardi. Hozir 3 oy o‘qiyapti, yana bormasdan guvohnoma olyapti. Nima, O’zbekistonda qonun yo‘qmi? Shuning uchun, avariyalar soni soat sayin oshib bormoqda. Agar biz o‘zimiz tan olmasak, chora ko‘rmasak, davom etaveradi.

Kuyinchaklik  bilan aytilgan bu so‘zlar o‘z vaqtida tan olishimiz shart bo‘lgan aybimizdir.

Yaqinda Toshkent shahrida Yangihayot tumanida haydovchilik guvohnomasi uchun imtihon topshirish yagona markazi ochildi. Hammasi to‘liq avtomatlashtirilgan bo‘lib, endilikda "prava" olish ancha qiyinlashadi. Maqsad ham bitta, u ham bo‘lsa korrupsion holatlarga chek qo‘yish, haydovchilarning yo‘l qoidalarini to‘liq tushinib yetishlari, turli avtohalokatlarni oldini olishga qaratilgandir.  

Ushbu tajriba sinovi tariqasida ochilgan yagona markazni respublikamizning barcha tumanlarida tashkil qilish maqsadga muvofiq.

Bu orqali esa yo‘l harakati qoidalarining buzilishi va haydovchilarni o‘qitish tizimidagi korrupsion holatlarni oldini olishga,  ta’lim oluvchi farzandlarimiz to‘liq o‘quv mashg‘ulotlarida qatnashishi, natijada sodir etilayotgan avariyalarning oldini olishga va qisqarishga erishgan bo‘lamiz.

M.Eshniyozov,

Xalq deputatlari Navoiy viloyat Kengashi deputati,

O’zLiDeP deputatlik guruhi a’zosi.

  • Ko'rildi
    696
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+