Ko‘kdalada tarvuz pishdi

18.04.2022, 15:01

Ko‘kdalada tarvuz pishdi

Ko‘kdala tumanidagi O’tamayli qishlog‘ida bir necha yillardan buyon plyonka ostida ertagi tarvuz yetishtirib kelayotgan Solih Rajabov bu yil odatdagidan boshqacharoq tarzda – 10 sotix issiqxonada tarvuz nihollarini ekib, hamkasblaridan ancha oldin 17 aprel kuni hosilni uzdi.

-Sinov tariqasida 20 dekabrda tarvuz urug‘ini ko‘kartirib, niholni yanvar oyida o‘rtalarida issiqxonaga ekkan edim.- deydi Solih Rajabov. – Issiqxona ichida ham ko‘chatlar ustini ikki qavat “duga” bilan o‘rab, sovuqdan himoyaladim. Buning samarasi o‘laroq tarvuz nihollari tezda quloch yozib, gulladi, sun’iy changlatdik, hosil tugdi va mana ko‘rib turibsiz, odatdagidan 1,5 oy oldin pishib yetildi. Issiqxonada bu yil 10 sotix yerda ertagi tarvuz yetishtirgan bo‘lsak, kelgusi yili 4 gektar joyda shu usulda hosil olib, xorijga eksport qilishni mo‘ljallab turibmiz.

Tomorqachi 10 sotix issiqxonada tayyor bo‘lgan hosilni peshma-pesh ichki bozorga chiqarmoqda. U ertagi tarvuzdan 50 mln so‘mdan ziyod daromad olishni mo‘ljallab turibdi.

Bu hali hammasi emas. Solih Rajabov 10 gektar yerda plyonka ostida 60 ming tup ko‘chat ekib, parvarishlamoqda. 5 gektari sal ertaroq chiqadi va uni Rossiya federatsiyasiga eksport qiladi.

-O’tgan yili 6 gektar yerda yetishtirgan tarvuzimizdan 500 mln so‘m daromad qilgan bo‘lsak, bu yilgi mo‘ljalimiz yanada ko‘proq daromad olishga qaratilgan. Otam Jamshid Jumanazarov 24 yildan buyon tomorqachilik bilan shug‘ullanadi. Mana, 2 yildirki, otamdan o‘rganib, o‘zim mustaqil ertagi tarvuz yetishtirish bilan mashg‘ul bo‘lib kelyapman.

O’zLiDeP Qashqadaryo viloyat Kengashi

matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    511
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+