Senator va deputatlar faxriylarni yo‘qlab bordi

10.05.2022, 16:14

Senator va deputatlar faxriylarni yo‘qlab bordi

Yurtimizda 9 – mayni “Xotira va qadrlash kuni” sifatida nishonlash, o‘tganlarni xotirlash, keksa fidoyi insonlarni e’zozlash ezgu an’anaga aylandi. Shunday kunda urush maydonlaridan qaytmagan yurtdoshlarimizning muqaddas xotirasi oldida bosh egib, ularning ruh poklariga hurmat bajo keltiramiz. Jang maydonlarida mardlik, jasorat ko‘rsatgan, front ortida fidokorona mehnat qilgan va bugun oramizda sog‘u salomat yurgan faxriylar e’zozlanadi.

Bu dahshatli urush butun insoniyat qatori, o‘zbekistonliklarga ham mislsiz kulfat va yo‘qotishlar olib keldi. O’sha paytda yurtimizda yashovchi aholining aksariyati urushga jo‘natilgan. Taassufki, shulardan ko‘pchiligiga uyga qaytish, g‘alaba nashidasini surish nasib etmadi. Namangan viloyatida 9 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi bugun oramizda.

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati O’zbekiston Liberal demokratik partiyasi faollari, partiyadan saylangan xalq noiblari shu kunlarda ona Vatanimiz ozodligi, xalqimizning bugungi osuda hayoti uchun jonini qurbon qilgan hamyurtlarimizni xotirlab, keksa otaxonu onaxonlar holidan xabar olmoqda.

Oliy Majlis Senati a’zosi, Namangan shahridagi “ANAMED” diagnostika markazi direktori Nosirbek Abdullaxonov shu yilning 29 aprel kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida aholining ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida xayrli ishga qo‘l urdi.

Senator O’zLiDeP Namangan viloyati kengashi xodimlari hamrohligida Yangi Namangan tumanidagi Mingchinor mahallasida xayriya ishlarini amalga oshirdi. Unda asosiy e’tibor Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi va front orti zahmatkashlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratildi. Urush va mehnat faxriysi Galina Alekseyevna Badochenkova holidan xabar olindi.

Ikki asrga guvoh bo‘lgan Mirzarahmon bobo Abdurahmonov Pop tumanidagi Chorkesar mahallasining piru badavlat kishilardan biridir. 100 yoshni qarshi olgan nuroniy Ikkinchi jahon urushi qirg‘inbarotlarini boshidan kechirgan.

Otaxonni bayram munosabati bilan mahalliy hokimlik, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, keng jamoatchilik vakillari yo‘qlab borib, ulardan hol-ahvol so‘ramoqda. Urush va mehnat faxriysi O’zLiDeP Namangan viloyati kengashi, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati, “Nuran.Uz” meva-sabzavotchilik klasteri rahbari Anvarxon Qodirov tomonidan uyushtirilgan yo‘qlovdan mamnun bo‘ldi.

Xalq deputatlari mahalliy Kengashi deputatlari, “Art Soft Holding” kompaniyasi ta’sischilari aka-uka Olimxon va G’iyosiddin Boboxonovlar tashabbusi bilan Namangan shahridagi Madaniy, Sharshara, Gulpora, Sohibkor, Oydinko‘l, Chinor va Sharq tongi mahallalarida yashovchi front orti mehnat faxriylari hamda baynalmilalchi jangchilar xonadonlariga yo‘qlovlar uyushtirilib, ularga sovg‘a-salomlar topshirildi. 
– Bugungi dorilomon kunlarga yetkazganiga shukr, biz ko‘rgan kunlarni sizlarga aslo ravo ko‘rmayman, – deydi “Madaniy” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qilayotgan faxriy Abduqahhor Madaminov. – Ilohim, yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, hayotimiz yanada farovon bo‘laversin.

Shuningdek, O’zLiDeP faollari xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati, Namangan shahridagi "MEXMASH" mas’uliyati cheyelangan jamiyati direktori Zokirjon Xodjayev bilan birgalikda viloyat markazidagi Ma’rifat mahallasida istiqomat qilayotgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, 98 yoshli Nikolay Fedorovich Borisov xonadoniga bordi.

Yangi O’zbekistonni bunyod etishda faxriylarimizning jasorati, shonli an’analari, shubhasiz, biz uchun ibratdir.

Oqilxon Dadaboyev, O’zA

  • Ko'rildi
    357
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+