Romitanlik serqirra tadbirkor Nodira Samiyeva “Ishbilarmon ayol” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichida qatnashadi

23.06.2022, 16:16

Romitanlik serqirra tadbirkor Nodira Samiyeva “Ishbilarmon ayol” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichida qatnashadi

O’zLiDeP Buxoro viloyat Kengashi Ayollarning siyosiy faolligi, jamiyatdagi o‘rni va mavqeini oshirish bo‘limi tomonidan an’anaviy tarzda har yili tashkil etiladigan “Ishbilarmon ayol” ko‘rik-tanlovining Romitan tuman bosqichi o‘tkazildi.

Hakamlar hay’ati a’zolari tomonidan ko‘rik-tanlov ishtirokchilarining faoliyatini o‘z joyida borib o‘rganishdi hamda baholandi.

Dastlab partiya vakillari tumanning “Afrosiyob” MFY, Amir Temur ko‘chasida joylashgan “Muxabbat-baxt liboslari” hamda “Muxabbat-go‘zallik saloni” rahbari Muxabbat Mavlonova faoliyatini ko‘zdan kechirishdi. Oilaviy sartaroshlar davomchisi M. Mavlonova  2008 yilda yakka tartibdagi tadbirkor sifatida “Muxabbat-go‘zallik saloni” da 2 nafar shogird bilan o‘z faoliyatini boshlagan, 2012 yilda esa faoliyatini kengaytirib  “Muxabbat-baxt liboslari” shaxsiy korxonasini ochgan. Bugungi kunga qadar 250 dan ortiq shogirdlarni tayyorlagan. Ularning 20 nafardan ortig‘i  o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘ygan.  

Ishchi guruh a’zolarining keyingi manzili “Afrosiyob” MFY hududidagi “Shaxlo” tikuvchilik sexi bo‘ldi. 2012 yilda 3 nafar xotin-qizlar bilan tikuvchilik faoliyatini yo‘lga qo‘ydi. Tikuvchilik sexida dastlab 5 ta zamonaviy tikuv mashinkasida xotin-qizlar kiyim-kechagi hamda kelinlik liboslari tikish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, bugungi kunda tikuv sexida 50 nafardan ortiq mahalladagi ishsiz xotin-qizlar, “Ayollar daftari” ro‘yxatida turgan ayollarning bandligi ta’minlanib, tikuvchilik sir-asrorlarini o‘rganib kelmoqdalar. Shuningdek, Sh.Ergashevaning 13 nafar shogirdlari uy sharoitida kasanachilik asosida, 4 nafar shogird qizlar esa yakka tartibdagi tadbirkorlik sub’ekti sifatida faoliyat yuritib kelmoqdalar.

Ishchi guruh a’zolari ko‘rik – tanlovning yana bir ishtirokchisi tumanning “Bobir” MFY, “Xo‘ja Azizon” ko‘chasi 8- uyda joylashgan “Nigora-Ilhom” MChJ  hamda “Kamalak yulduzlari” xususiy bog‘cha mudirasi Nodira Samiyeva bilan uchrashib, uning faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Mazkur MChJda 4 nafar xotin-qizlarning bandligi ta’minlagan bo‘lib, 14 xil turdagi non mahsulotlarini ishlab chiqariladi. Shuningdek, N.Samiyeva tomonidan vaqti-vaqti bilan “Ayollar”, “Yoshlar” daftaridagilar, nogironligi bor, kam ta’minlangan oila vakillariga ko‘mak berish maqsadida 7 turdagi non mahsulotlari bepul tarqatib kelinmoqda. Tadbirkor ayol tomonidan hududda tashkil etilgan “Kamalak yulduzlari” xususiy MTTda ham 4 nafar xotin-qizlarning bandligi ta’minlangan. Bundan tashqari, serqirra tadbirkor N.Samiyeva tomonidan  tumandagi MFYlar, chekka qishloq bolalari uchun turli ko‘ngilochar attraksionlar ham tashkil etilgan. N.Samiyeva o‘z xonadonida parrandachilikni ham yo‘lga qo‘ygan. 70 donadan ortiq tovuqlarni parvarishlab, aholiga sifatli tuxum mahsulotlari ham yetkazib bermoqda. O’z xonadonida tashkil etgan issiqxonada esa sitrus mevalardan limon va mandarin, shuningdek, pomidor, bodring hamda ko‘katlar yetishtirib kelmoqda.   

Ko‘rik-tanlov hakamlar hay’atining yakuniy xulosasiga ko‘ra faxrli birinchi o‘rin serqirra tadbirkor “Nigora-Ilhom” MChJ rahbari hamda “Kamalak yulduzlari” xususiy MTT mudirasi Nodira Samiyevaga nasib etdi. N.Sameva o‘z yo‘nalishi bo‘yicha ko‘rik-tanlovning viloyat bosqichiga qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi.

  • Ko'rildi
    421
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+