Gurlanlik tadbirkorning 25 gektarlik issiqxonasi bilan tanishilib, muammo va takliflari o‘rganildi

04.08.2022, 16:34

Gurlanlik tadbirkorning 25 gektarlik issiqxonasi bilan tanishilib, muammo va takliflari o‘rganildi

Gurlan tumanidagi tadbirkorlik sub’ektlari bilan tanishuv davomida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spiker o‘rinbosari, O‘zLiDeP fraksiyasi rahbari Aktam Xaitov “Tozayorg‘on” mahallasidagi 25 gektarlik issiqxona faoliyati bilan tanishdi.

Asosan pomidor, bodring, bulg‘or qalampiri va baqlajonni xorijiy davlatlariga eksport qilishga ixtisoslashgan issiqxonada endilikda ko‘chatchilik ham yo‘lga qo‘yildi. 1 gektarga yaqin maydonda pomidorning serhosil navlari ko‘chatlari yetishtirilib, tadbirkorlarga va aholiga yetkazib berilmoqda. Shijoatli tadbirkor ayol Manzura Masharipova rahbarlik qilayotgan issiqxonada bo‘lgan tadbir ishtirokchilari issiqxonachilikni rivojlantirish, ichki va tashqi bozorni sifatli mahsulotlar bilan ta’minlashga qaratilayotgan e’tibor xususida o‘zaro fikr almashdilar hamda  tadbirkorning muammolarini o‘rgandilar.

Ma’lumot o‘rnida o‘tgan yili mazkur isiqxonalarda yetishtirilgan 1 mln 453 ming dollarlik mahsulotlarni Rossiya va Qozog‘iston davlatlariga eksport qilib, tuman iqtisodiyotiga valyuta kiritgan tadbirkorning rejalari katta. Kelgusida pomidordan yiliga 2 marta hosil olishni, gulchilik yo‘nalishida issiqxona tashkil etishni va tropik mevalarni yetishtirishni hamda tamat ishlab chiqarishni reja qilgan. Hozirgi kunda bu yerda 250 ta doimiy, 120 ta mavsumiy ishchilar ish bilan ta’minlangan.  

Muloqotlar davomida yurtimizda aholi bandligini ta’minlash, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, bu borada asosan xotin-qizlar va yoshlarga qulay  sharoitlar yaratish bo‘yicha ko‘plab ijobiy ishlar amalga oshirilayotgani, buning natijasida yangi ish o‘rinlari yaratilib, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari” ro‘yxatida turuvchi fuqarolarning kengroq qamrab olinayotgani e’tirof etildi. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 18 iyul kuni oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishni va aholi daromadlarini ko‘paytirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida bergan topshiriqlari ijrosini ta’minlash, mamlakatimizda oziq-ovqat havfsizligini barqarorlashtirish borasida bu kabi issiqxonalarning ahamiyati katta ekanligi ta’kidlandi.

Ma’lumki, dunyoda oziq-ovqat tanqisligi kuchayib bormoqda. Eksportga qo‘yilayotgan cheklovlar va transport-logistikadagi uzilishlar muammolarni yanada chuqurlashtirmoqda. Tahlillarga ko‘ra, joriy yilda dunyoda oziq-ovqat mahsulotlari narxi kamida 20 foizga o‘sishi prognoz qilinmoqda.

Mamlakatimizda aholi daromadining 40-50 foizi oziq-ovqatga sarflanadi. Shu bois bunday mahsulotlarni ko‘paytirib, narx-navoning aholi ro‘zg‘origa ta’sirini yumshatish choralari ko‘rilmoqda.

Partiya yetakchisi A.Xaitov yurtimiz aholisini sifatli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan ta’minlayotgan va mahsulotlarni xorijga ham eksport qilib, iqtisodiyotimiz rivojlanishiga hissa qo‘shayotgan tadbirkorlarimiz yonida bo‘lish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish va bu borada qonunchilikni takomillashtirishda O‘zLiDeP doim tayyor ekanligini bildirdi. 

O‘zLiDeP Xorazm viloyat Kengashi

matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    502
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+