Buxorolik ishbilarmon ayollar aniqlandi

12.08.2022, 11:09

Buxorolik ishbilarmon ayollar aniqlandi

Buxoro shahridagi Modarixon madrasasida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-Demokratik partiyasi tashabbusi bilan “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” shiori ostida viloyatdagi ishbilarmon ayollarni birlashtirgan “Ishbilarmon ayol” respublika ko‘rik-tanlovi bo‘lib o‘tdi.

2016 yildan buyon O’zLiDeP tomonidan o‘tkazib kelinayotgan ushbu ko‘rik-tanlovda o‘tgan davr mobaynida 6 mingdan ziyod buxorolik xotin-qizlar ishtirok etdi.

Ko‘rik-tanlovning bu yilgi  tuman va shahar bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 13 nafar ishbilarmon ayol respublika ko‘rik-tanlovida  ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi. Ular “Zamonaviy tashabbuskor ayol”, “Eng yosh, faol ayol tadbirkor”, “Investitsiyalarni jalb qilishda tashabbus ko‘rsatgan ishbilarmon ayol”, “Qishloqni ijtimoiy rivojlantirishda faollik ko‘rsatgan fermer ayol”, “Yilning muruvvatli ishbilarmon ayoli” nominatsiyalari bo‘yicha o‘z bilim, mahorat va tajribalarini sinovdan o‘tkazdi.

G‘oliblar aniqlandi. Birinchi o‘rin Buxoro shahridagi “Banoaz Tekstile” MCHJ rahbari, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi Mahtob Odilovaga berildi.

Yakka tartibdagi tadbirkor sifatida o‘z mehnat faoliyatini 2007 yilda boshlagan M.Odilova oradan 10 yil o‘tgach bugungi kunda o‘zi  rahbarlik qilayotgan MCHJ faoliyatini yo‘lga qo‘yishga va “Turon” bankdan olingan  484 ming AQSH dollari evaziga ushbu korxona tasarrufida Koreya texnologiyasi asosida pomidor yetishtirishga ixtisoslashgan issiqxona tashkil etishdi. “Turon” bankning shundan keyingi 1 million 299 ming AQSH dollarlik krediti esa Kogon tumanidagi  “Beklar” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida ham 4 gektardan iborat xuddi shunday issiqxona  faoliyatini yo‘lga qo‘yish hamda Buxoro shahrining “Ahmad Donish” mahalla fuqarolar yig‘inidagi “Temir daftar”ga kiritilgan  ishsiz ayollardan  22 nafarining bandligini ta’minlash imkonini bergan.

Tumanning Ziyo Qobil massivida tashkil etilgan 4 gektarlik issiqxonada yetishtirilgan “Alamina” navli pomidor o‘ta xaridorgir bo‘lib, har yili salkam 200 tonnadan ana shunday mahsulot iste’molchilarga yetkazib berilyapti. Dastlabki mavsumda  100 ming AQSH dollariga teng sifatli mahsulotning  Rossiyadagi buyurtmachilarga yetkazib berilgan. Ishbilarmon va tinib-tinchimas ayol xorij davlatlarida malaka oshirib qaytgan o‘zbek tadbirkorlaridan biridir.

M.Odilova tadbirkorlik faoliyatining yana bir muhim yo‘nalishi – mehmonxona xo‘jaligini rivojlantirish bo‘lib, bu borada ham u keyingi paytda o‘z  maqsadi sari dadil odimlayapti. Uning sa’y-harakati bilan viloyat markazida 34 o‘rinli yangi mehmonxona qurilishi bitay deb qolgan.

— Mazkur ko‘rik-tanlovda ko‘p tarmoqli tadbirkor sifatida ishtirok etyapman, – deydi Mahtob Odilova. — Ishbilarmon ayol sifatida tadbirkorlik tashabbuslarini ro‘yobga chiqarib, yangi ish o‘rinlarini yaratish bilan birga obodonlashtirish, qurilish ishlarini ham yo‘lga qo‘yganman. Shaharning turli manzillaridan qarovsiz va tashlandiq yotgan yerlarni olib, yoshlar uchun 3 ta yozgi va 1 ta qishki yopiq tipdagi zamonaviy sport maydonchasi, sun’iy qoplamali futzal stadionlarini  qurib foydalanishga topshirdim.  O'zLiDeP tomonidan tadbirkor ayollar har tomonlama qo‘llab-quvvatlab kelinayotgani bizni ruhlantiradi.

Tanlovda 2-o‘rin Qorovulbozor tumanidagi  “Al-Nur” MCHJ rahbari Maftuna Saidovaga, 3-o‘rin esa Vobkent tumanidagi “Chinar Mushroom” MCHJ rahbari Chinora Yusupovaga nasib etdi.

G‘olib va sovrindorlar diplom, qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA

  • Ko'rildi
    371
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+