Internet xavfsizligi va yoshlarda internet madaniyatini shakllantirish masalasi muhokama qilindi

07.09.2022, 17:54

Internet xavfsizligi va yoshlarda internet madaniyatini shakllantirish masalasi muhokama qilindi

Guliston tumani kasb-hunar maktabida O`zLiDeP Sirdaryo viloyat Kengashi Yoshlar va biznes tuzilmalari bilan ishlash bo‘limi tomonidan “Xavfsiz internet” loyihasi doirasida “Internet xavfsizligi va yoshlarda internet madaniyatini shakllantirish” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Tadbirda O`zLiDeP Sirdaryo viloyat va Guliston tumani Kengashi xodimlari, deputatlar, Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning Guliston tumani bo‘yicha bosh mutaxassisi, tuman IIB, kasb-hunar maktabi o‘qituvchilari va o‘quvchi-yoshlari, OAV vakillari ishtirok etishdi.

Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad yoshlarning internet resurslaridan foydalanish holatini o‘rganish, ularda axborot olish va uzatish madaniyatini shakllantirish, yosh avlodning ruhiy salomatligi va ma’naviy-ahloqiy tarbiyasiga ta’sir ko‘rsatadigan axborotdan qonuniy muhofaza qilish, xavfsiz internet muhitini shakllantirish va bu bo‘yicha sharoit yaratishdan iborat.

Mazkur soha dunyo bo‘yicha kundan-kunga jadal suratlar bilan rivojlanayotganligini, ayniqsa, jahon tarmog‘idan foydalanuvchilarining soni ortib borayotganligida ko‘rish mumkin. Hozirda internet auditoriyasining katta qismini yoshlar tashkil etmoqda. Jahon tarmog‘ida yaratilayotgan imkoniyatlarni inkor etolmaymiz, albatta. Biroq, kuchli mafkuraviy ta’sir ko‘rsatish vositasi bo‘lgan ushbu mo‘‘jiza jiddiy muammolarni ham keltirib chiqarayotgani hech kimga sir emas. 

Tadbirda so‘z olgan O`zLiDeP Sirdaryo viloyat Kengashi Yoshlar va biznes tuzilmalari bilan ishlash bo‘limi mudiri H.Jabborov, “Ayollar qanoti” rahbari N.Rustamova, Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning Guliston tumani bo‘yicha bosh mutaxassisi U.Kamolov, tuman Kengashi deputati N.Husanov va boshqalar yoshlarni internet tarmog‘idagi buzg‘unchi kontentdan himoya qilish va ularda internet madaniyatini shakllantirish, mustaqil fikrlaydigan va hayotga teran qaraydigan ma’naviy yetuk, barkamol avlodni tarbiyalash, axborot makonida salbiy tusdagi tahdidlardan asrash, internet tarmog‘idan xavfsiz foydalanish, salbiy veb-saytlar orqali kirib kelayotgan yot g‘oyalarning oldini olish va ta’sir kuchini kamaytirish yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirib o‘tishdi. 

Tadbirda katta qiziqish bilan qatnashgan yoshlar muhokama etilayotgan mavzu to‘g‘risida fikr-mulohazalarini bildirib, mediamadaniyat hamda mediasavodxonlikni oshirish usullari borasidagi o‘z takliflarini bildirib o‘tishdi.

  • Ko'rildi
    616
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+