O’zLiDeP faoli 51 nafar ishsiz xotin-qizlarning bandligini ta’minladi

25.01.2023, 15:51

O’zLiDeP faoli 51 nafar ishsiz xotin-qizlarning bandligini ta’minladi

O’zLiDeP G’uzor tuman Kengashi “Ayollar qanoti” guruhi tomonidan tumandagi “Saxovat” korxonasida xotin-qizlarda tadbirkorlik va ishbilarmonlik ko‘nikmalarini shakllantirish, ularning biznes faoliyatini to‘g‘ri tashkil etishga o‘rgatish, oilaviy tadbirkorlik, hunarmandlik, kasanachilik faoliyatiga keng jalb etish, huquqiy, iqtisodiy va siyosiy savodxonligini oshirishga qaratilgan “Bugunning tadbirkor ayoli” mavzuida tadbir tashkil etildi.

Yaqin atrofdagi mahallalarda istiqomat qilayotgan aholi ishtirok etgan tadbirda tuman kengashi raisi o‘rinbosari Yusuf Turdiyev, tuman kengashi deputati Bobomurod Ashurovlar so‘zga chiqib, xotin-qizlarning biznesga doir iqtisodiy bilimlarini  mustahkamlash, tadbirkorlikka keng jalb etish, mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish asnosida bandlikni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida so‘zlashdi. 

-2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O’zbekiston taraqqiyot strategiyasida xotin-qizlarning bandligini ta’minlash, ularni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish masalalari ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangan, - deydi O’zLiDeP G’uzor tuman Kengashi “Ayollar qanoti” guruh rahbari Adolat Choriyeva. - Sarvinoz Farmonova  “Batosh” mahallasida partiyamiz ko‘magida o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘yganlardan. Ikki yil muqaddam tikuvchilik sexi ochib, 5 nafar xotin-qizlarni ish bilan ta’minlagan edi. Ayni paytda uning “Saxovat” tikuvchilik korxonasida “Ayollar daftari”ga kiritilgan 51 nafar xotin-qizlarning bandligi ta’minlangan. Yiliga 50 ming donaga yaqin turli bichimdagi mavsumiy kiyim-kechaklar tayyorlanadi. Mahsulotlarni xorijga eksport qilish borasida amaliy ishlar boshlangan. Kelgusida faoliyatini yanada kengaytirib, yana 30 nafar xotin-qizlar uchun yangi ish o‘rinlari yaratmoqchi.

Tadbir so‘ngida xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, bandligini ta’minlash borasida partiya “Ayollar qanoti” tomonidan amaliyotga tatbiq etilayotgan loyihalar haqida batafsil ma’lumot berildi.   

                   O’zLiDeP Qashqadaryo viloyat kengashi

Matbuot xizmati.

  • Ko'rildi
    283
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+