Yoshlar parlamentining OʼzLiDePdan saylangan a’zolari faoliyati sarhisob qilindi

25.01.2023, 15:58

Yoshlar parlamentining OʼzLiDePdan saylangan a’zolari faoliyati sarhisob qilindi

Yoshlarning huquqiy va siyosiy bilimlari, ongi va madaniyatini yuksaltirish, ularni O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va amaldagi boshqa qonun hujjatlariga hurmat ruhida tarbiyalash, yoshlarda parlament faoliyatiga daxldorlik tuyg‘usini shakllantirish, yoshlarda erkin fikrlash qobiliyati va nutq madaniyatini o‘stirish, ularning faol fuqarolik pozitsiyasini yanada mustahkamlash, parlamentda Partiya elektorati manfaatlarini himoya qilish, partiya dasturiy maqsad va vazifalarini targ‘ib qilish, erkin fikrlaydigan, zamonaviy bilim va kasb-hunarga ega, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat bilan munosabatda bo‘ladigan yoshlarni mamlakatimizdagi siyosiy jarayonlarga keng jalb etish, yigit va qizlarning huquqiy madaniyatini oshirish orqali vatanga, o‘z xalqiga sadoqat tuyg‘usini shakllantirish bugungi kunning dolzarb masalalaridan biri hisoblanadi.

Prezidentimizning 2020 yil 2 martdagi Farmoni bilan tasdiqlangan Davlat dasturining 21-bandi ijrosi yuzasidan “Yoshlar parlamenti” tashkil qilinib, o‘tgan davr mobaynida yoshlarning siyosiy-huquqiy bilim va ko‘nikmalarini yuksaltirish, ularni qonun ijodkorligi jarayoniga keng jalb etish, qonunlarni yoshlar orasida targ‘ib qilish orqali ularning jamiyat hayotiga daxldorligini kuchaytirish, yosh avlodning siyosiy faollligini oshirishga xizmat qiladigan muhim institut sifatida shakllandi.

Xususan, Yoshlar parlamenti tomonidan qonun loyihalariga yoshlarning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning maqsad va vazifalarini inobatga olgan holda ularni keng jamoatchilik vakillari va yoshlar doirasida muhokamalardan o‘tkazish borasidagi ishlar tizimli tashkil etildi.

Yoshlar parlamenti tomonidan 2020-2022 yillarda Qonunchilik palatasiga kiritilgan 92 ta qonun loyihalari yuzasidan takliflar tayyorlandi. Shundan 32 tasi Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilindi.

Shuningdek, Yoshlar parlamenti a’zolari tomonidan respublika miqyosida 154 ta o‘rganish tadbirlari amalga oshirilgan bo‘lsa, qabul qilingan qonunlarning mazmun-mohiyati va targ‘ibotiga bag‘ishlangan 128 ta turli tadbirlar, o‘quv-seminarlari va konferensiyalarda ishtirok etishdi.

O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining 2022 yil 12 dekabrda “O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi Qarori bilan Yoshlar parlamenti to‘g‘risidagi Nizom va Reglament tasdiqlandi.

Shuningdek, O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasining 2023 yil 19 yanvardagi yig‘ilishi qaroriga bilan “Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolarini saylash tartibi to‘g‘risida”gi Nizom tasdiqlanib Saylovlarga start berildi.

“Yoshlar bilan” loyihasining navbatdagi sonida Yoshlar parlamentining OʼzLiDePdan saylangan a’zolari faoliyati sarhisobi, mazkur sohadagi ishlar samaradorligi, saylov jarayonlari va kelgusida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan tadbirlar hamda ularning yanada takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.

Tadbirda OʼzLiDePning Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy Kengashlardagi deputatlari, partiya faollari, Yoshlar parlamenti a’zolari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

  • Ko'rildi
    839
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+