Xotin-qizlarga bo‘layotgan turli tazyiq va zo‘ravonlikdan saqlash masalasi muhokama qilindi

17.02.2023, 15:55

Xotin-qizlarga bo‘layotgan turli tazyiq va zo‘ravonlikdan saqlash masalasi muhokama qilindi

O’zLiDeP Toshkent shahar Kengashi “Ayollar qanoti” tomonidan “Farovon oila” loyihasi doirasida “Ayollarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilishning huquqiy asoslari: muammo va yechimlar” mavzusida davra suhbati tashkil qilindi.

Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti qoshidagi akademik litseyida o‘tkazilgan tadbirda  Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Mavludaxon Ibragimova, Ichki ishlar xavfsizligi Jamoat xafvsizligi deportamenti  Huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmati katta inspektori mayor Laylo Xazratqulova, Xalq deputatlari Yakkasaroy tuman Kengashi deputati, litseyning o‘qituvchi va o‘quvchi qizlari ishtirok etdi.  

Deputat M. Ibragimova Prezidentimizning “2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O’zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni loyihasi umumxalq muhokamasi yuzasidan ma’lumot berib o‘tdi.

So‘z olganlar gender tenglikni ta’minlash, xotin-qizlarimizga bo‘layotgan turli tazyiq va zo‘ravonlikdan saqlash masalasida qisqacha to‘xtalib o‘tishdi.

Ta’kidlash joizki, bu borada mamlakatimizda tizimli ishlar olib borilyapti. Birgina 2021 yilda O’zbekistonda 2030 yilgacha mo‘ljallangan Gender tenglikka erishish strategiyasi qabul qilinishi davlatimizda gender siyosatini rivojlantirishda muhim bosqich bo‘ldi.

Chunki ushbu hujjatda boshqaruvda xotin-qizlar sonini ko‘paytirish, gender nomutanosibligini kamaytirish, ta’lim olishga imkoniyat yaratish, xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlik va tazyiqqa qarshi kurashish nazarda tutilgan. Shuningdek, xotin-qizlarni munosib ish bilan ta’minlash, qizlarimizni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasini oshirish, ularni rahbarlik lavozimlariga, shu jumladan, vaqtinchalik kvota tizimi orqali ko‘rsatish, kam ta’minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollarni qo‘llab-quvvatlashdek maqsadlar aks ettirilgan.

Erkak va ayolning teng huquqliligi xalq farovonligida, jamiyat tinchligi hamda iqtisodiy barqarorlikda muhim o‘rin tutadi. Tazyiq va zo‘rovonlik haqida gap ketganda shuni aytish joizki, ayol oqila bo‘lsa, aqlli-hushli bo‘lsa, ma’naviyati yuksak va huquqiy savodxon bo‘lsa, u hech qachon tazyiq va zo‘rovonliklarga uchramaydi.

Tadbir davomida talaba qizlarning fikr-mulohazalari ham tinglandi, qiziqtirgan savollariga mutaxassislar javob berishdi.

  • Ko'rildi
    246
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+