Deputat maktab kutubxonasiga 100 dan ortiq badiiy asarlar va adabiyotlar tuhfa qildi

14.02.2024, 17:25

Deputat maktab kutubxonasiga 100 dan ortiq badiiy asarlar va adabiyotlar tuhfa qildi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O’zLiDeP deputatlari partiya dasturiy maqsad va vazifalaridan kelib chiqqan holda yoshlarni har tomonlama barkamol qilib tarbiyalash, ularning ma’naviyatini yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida navqiron avlodning kitobga bo‘lgan mehrini, mutolaa madaniyatini oshirishga doir qator tadbirlarni tashkil etmoqda.

Ayni masalaga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Viktor Pakning O’rta Chirchiq tumanidagi 40-umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘tkazilgan “Deputat va yoshlar uchrashuvi”da ham e’tibor qaratildi.

Unda mamlakatimizni har tomonlama rivojlantirishning fundamental asoslari belgilab berilgan “O’zbekiston – 2030” strategiyasining “Ma’naviy taraqqiyotni ta’minlash va madaniyat sohasini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha islohotlar” bandida ko‘rsatilgan o‘zbek va jahon adabiyoti durdonalarini keng ommalashtirish, jamiyatda kitobxonlikni hamda aholiga axborot-kutubxona xizmatini ko‘rsatishni rivojlantirish maqsadining mazmun-mohiyati targ‘ib qilindi.

Xususan, strategiyada 2024 yilda yurtimizdagi kitobxon yoshlar sonini 5 million nafarga yetkazish, har yili 100 ta eng yaxshi badiiy asar hamda bolalar va o‘smirlarga mo‘ljallangan 50 ta badiiy kitoblar yaratish, “O’zbek adabiyoti xazinasidan” ko‘p jildlik, “Jahon bolalar adabiyoti durdonalari” 100 jildligini o‘zbek tilida nashr qilish, 40 millionga yaqin kitob fondini raqamlashtirish kabi g‘oyat xayrli va ezgu maqsadlar belgilab berilgani e’tirof etildi.

Mazkur maqsadlarning ro‘yobga chiqishi yoshlarning ma’naviy kamolotida muhim bosqichni boshlab berishi ta’kidlandi.

Kitoblarni saralab mutolaa qilish madaniyati, jahonning durdona asarlari, o‘zbek mumtoz adabiyotining nodir namunalari haqida qizg‘in muhokamalarga boy tarzda kechgan tadbir yakunida deputat 40-umumta’lim maktabining kutubxonasiga 100 dan ortiq badiiy asarlar to‘plamlari va ilmiy-ommabop ma’lumotlarni o‘z ichiga qamrab olgan adabiyotlarni tuxfa qildi.

Davronbek Kamoliddinov,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati yordamchisi

  • Ko'rildi
    86
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+