O’qituvchilar bilan uchrashuvda ta’lim sifatiga ta’sir qiluvchi ayrim omillar sanab o‘tildi

26.01.2024, 16:53

O’qituvchilar bilan uchrashuvda ta’lim sifatiga ta’sir qiluvchi ayrim omillar sanab o‘tildi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O'zLiDeP fraksiyasi a’zosi Zafar Xudoyberdiyev Norin tumanida saylovchilar bilan uchrashdi. Tumandagi 30-umumta’lim maktabida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda pedagoklar ta’lim sifatini yaxshilash bo‘yicha sohada amalga oshirilayotgan islohotlar haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar. Xususan, keyingi yillarda "kundalik kom" tizimining joriy etilganligi o‘qituvchilar uchun qulayliklar yaratganligi, jurnal to‘ldirish, o‘quvchilarni bilimini baholash, chorak, yil yakunlarini chiqarishda  ortiqcha qog‘ozbozliklar barham topganligini e’tirof etdilar. Lekin shu bilan birga ayrim muammolarni ham ta’kidladilar. Jumladan, ikinchi va to‘rtinchi sinflar uchun tuzilgan matematika darsliklaridagi misol, masala va topshiriqlar o‘ta murakkab bo‘lgani bois o‘quvchilarning o‘zlashtirishi 50 foizga ham yetmayotganligi, dars o‘tish metodlari, darsliklarning tez-tez yangilanayotganligi ta’lim sifatiga salbiy ta’sir etayotganligi, maktabga qo‘shimcha yo‘ldosh bino qurishga zarurat borligi kabi muammolar o‘rtaga tashlandi.

Navbatdagi uchrashuv tumandagi "Shohidon" mahalla fuqarolari bilan kechdi. Unda mahalla tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, "Obod mahalla" dasturi, "Ayollar", Yoshlar" daftari asosida qilingan ishlar, tinchlik-osoyishtalikni barqaror saqlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish kabi mavzularda o‘zaro fikr almashildi.

Xalq vakili shuningdek, ushbu mahalladagi tibbiyot punkti faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi. Bu yerda yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. Muloqot davomida ushbu muassasada oliy ma’lumotli shifokorga ehtiyoj borligi aniqlandi.

Deputat saylovchilarning taklif-mulohazalarini, aniqlagan muammolarini tegishligiga qarab mutasaddi idoralarga yetkazishni va ijrosini o‘z nazoratiga olishini ma’lum qildi.

  • Ko'rildi
    77
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+