Davlat dasturidan kelib chiqadigan partiya va fraksiya oldidagi vazifalar muhokama qilindi

26.02.2024, 21:34

Davlat dasturidan kelib chiqadigan partiya va fraksiya oldidagi vazifalar muhokama qilindi

Bugun O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi va Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasining kengaytirilgan qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi.

Unda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmonidan kelib chiquvchi O‘zLiDeP va partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi oldida turgan dolzarb vazifalar muhokama qilindi.

Yig‘ilishda so‘z olganlar Davlat dasturida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini taʼminlash nafaqat har bir davlat va nodavlat tashkiloti, balki siyosiy partiya vakillari, ayniqsa, O‘zLiDeP hamda uning deputatlik korpusi zimmasiga ham juda katta masʼuliyat yuklashi taʼkidlandi. Shundan kelib chiqib, yig‘ilishda farmonning partiya dasturidagi vazifalarga hamohang jihatlari va undan kelib chiquvchi vazifalarga to‘xtalib o‘tildi. Xususan, mahallalarda yoshlar bilan ishlash masalasiga alohida eʼtibor qaratilib, ularning muammolarini hal qilish va salohiyatini yuzaga chiqarish, kasb-hunarga o‘qitish orqali bandligini taʼminlash, hayotda o‘z o‘rnini topishi, shuningdek, huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirishga har tomonlama ko‘maklashib boriladi.

Unga ko‘ra, oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida ajratilayotgan kreditlarning kamida 40 foizi yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishga yo‘naltiriladi. “Yosh tadbirkor” tanlovlari o‘tkazilib, har bir loyiha g‘oliblariga bazaviy hisoblash miqdorining 1 000 baravarigacha miqdordagi imtiyozli kreditlar ajratiladi, xorijiy davlatlarga malaka oshirishga yuboriladi.

Farmoni bilan partiyaning asosiy maqsadi hisoblangan barqaror iqtisodiy o‘sish orqali aholi farovonligini taʼminlash yo‘nalishida qator vazifalar belgilangan. Jumladan, yalpi ichki mahsulot o‘sish surʼati 6 foizdan kam bo‘lmagan darajada bo‘lishi, investitsiyalar esa yalpi ichki mahsulot hajmiga nisbatan kamida 30 foiz bo‘lishi taʼminlanadi. Iqtisodiyot tarmoqlarida qiymati 18 milliard dollar bo‘lgan 309 ta yirik loyihalar ishga tushiriladi. Yillik inflyatsiya darajasi 9 foizgacha va fiskal taqchillik 4 foizgacha bo‘lishi taʼminlanadi, keyinchalik inflyatsiya va Davlat byudjeti taqchilligi ko‘rsatkichlarini pasaytirish choralari ko‘riladi.

Milliy iqtisodiyotni rivojlantirish borasida ham qator vazifalar belgilandi. Biznes uchun yana-da qulay sharoitlarni yaratish maqsadida “Biznesni qo‘llab-quvvatlash dasturi” amalga oshiriladi. Unga ko‘ra, kompleks qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlarini amalga oshirish orqali 2 million aholi biznesga jalb qilinib, yangi ish o‘rinlarini yaratish orqali 5 million aholining bandligi taʼminlanadi.

2024 yil 1 iyuldan boshlab nufuzli xalqaro brendlar bilan ishlab chiqarishni boshlayotgan korxonalarga qator imtiyozlar berilyapti. Xususan, xalqaro standartlarni joriy etish va ekologik sertifikatlash xarajatlarini qoplab berish tartibi joriy qilinadi. Shuningdek, uch yil davomida nufuzli xalqaro brendlar ostida ishlab chiqariladigan mahsulotlar uchun zarur bo‘lgan barcha xomashyolar mahalliylashtirish darajasini kamida 60 foizga yetkazish sharti bilan bojxona bojidan ozod etiladi.

Yana bir muhim tarmoq "yashil iqtisodiyot"ga o‘tish va “yashil energiya” manbalari salmog‘ini oshirish borasidagi ishlar tizimli davom ettiriladi. Yaʼni, 2024 yil 1 aprelga qadar “yashil energiya” sertifikatlari aylanmasi bozor tamoyillari asosida yo‘lga qo‘yiladi. Bu albatta, mamlakatimizda barqaror va uzluksiz elektr energiyasi taʼminlanishiga xizmat qiladi.

Suvdan oqilona foydalanish borasida ham aniq choralar ko‘riladi. 2024 yil 1 martga qadar suv kanallarini rekonstruksiya qilish ishlariga Davlat byudjetidan qo‘shimcha ajratilgan 500 milliard so‘m mablag‘lar doirasida kamida 1,5 ming kilometr yirik kanallarni betonlash ishlarini yakunlash choralari ko‘riladi. Bu orqali qishloq xo‘jaligi yerlarida suv tanqisligini oldini olish maqsadlar ko‘zda tutilgan.

Ochiq oshkora, savol-javoblarga boy tarzda o‘tgan qo‘shma yig‘ilishda, mazkur farmon va unda belgilangan dolzarb vazifalarni og‘ishmay amalga oshirish, Davlat dasturining mazmun-mohiyatini aholining keng qatlami orasida targ‘ib qilish hamda unda belgilangan ustuvor vazifalar samarali ijro etilishi ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini o‘rnatish lozimligi alohida qayd etildi.

  • Ko'rildi
    61
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+