Deputatlarning tanqidiga nima sabab bo‘ldi?

21.02.2023, 16:38

Deputatlarning tanqidiga nima sabab bo‘ldi?

2023 yil 20 fevral kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi hamda Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda “Agrar sohada tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari, fermer ho‘jaliklari va klasterlar o‘rtasidagi mavjud muammolar tahlili, dehqon xo‘jaliklarini tashkil etish borasidagi ishlar holati” yuzasidan mas’ul vazirlik va idoralarning axboroti eshitildi.

Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda barcha tarmoqlarda klasterlar faoliyatini rivojlantirish va rag‘batlantirish, ayniqsa, paxta-to‘qimachilik, meva-sabzavotchilik yo‘nalishlarida klasterlar faoliyatini yanada takomillashtirish, ularning qishloq xo‘jaligi yerlaridan samarali foydalanishdagi mas’uliyatini oshirish, mahsulot yetishtiruvchi va uni qayta ishlovchilarning manfaatdorligini ta’minlashga qaratilgan tizimli ishlar olib borilmoqda.

Xususan, 2022 yilda respublikda 134 ta paxta-to‘qimachilik klasteri faoliyat yuritib, 1 mln 32 ming gektar yer maydonlarida jami 3,5 mln.tonna paxta xomashyosi yetishtirilgan. G‘allachilik klasterlari soni 38 taga oshib, 195 taga yetgan va ular bilan shartnoma asosida faoliyat yuritayotgan fermer xo‘jaliklari tomonidan 928 ming gektar yer maydonida g‘alla parvarishlanib, 6 mln 496 ming tonna g‘alla o‘rib-yig‘ib olingan.

Shuningdek, meva-sabzavotchilik klasterlariga biriktirilgan 181,2 ming gektar yer maydonlaridan 1,4 mln. tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirilib, shundan, 454,4 ming tonna ichki istemolga, 630 ming tonna qayta ishlashga hamda qiymati 265 mln.dollarlik 315,6 ming tonna qishloq xo‘jaligi mahsuloti eskportga yo‘naltirilgan.

Yig‘ilishda deputatlar erishilgan yutuqlarni e’tirof etib, sohada uchrayotgan ayrim muammolarga alohida e’tibor qaratishdi. Deputatlar tomonidan Farg‘ona, Namangan va Toshkent viloyatlarida o‘tkazilgan o‘rganishlarda ayrim muammoli vaziyatlar qayd etilgan. Xususan, har bir klasterda o‘rtacha 10-15 foiz paxta va g‘alla maydonlarini qisqartish hisobidan aholiga dehqon xo‘jaliklari uchun ajratilayotgan yer maydonlari bugungi kungacha klasterlar hisobida turganligi muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Bundan tashqari, 2023 yil uchun klasterlar va fermer xo‘jaliklari o‘rtasida paxta xom ashyosi yetishtirish hamda xarid qilish bo‘yicha fyuchers shartnomasi bir tomonlama klaster manfaatiga mos ravishda ishlab chiqilishi holati kuzatilayotgani, hosildorlik sentnerlari yer ball bonitetidan kelib chiqmasdan belgilanayotgani, mahsulotlar yetishtirish xarajatlari uchun klasterlarga ajratilgan imtiyozli kreditlarning foizlari fermer xo‘jaliklari zimmasiga yuklanayotgani deputatlar tomonidan tanqid qilindi.

Savol-javoblarga boy bo‘lgan yig‘ilishda deputatlar tomonidan mahsulotlarni yetishtirish bo‘yicha imtiyozli kreditlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri fermer xo‘jaliklariga ajratilishi, fermerlar hududdagi istalgan klasterlar bilan shartnoma tuzishdagi to‘siqlarni bartaraf etish zarurligi qayd etildi.

Shuningdek, deputatlar sohada uchrayotgan muammolarni bartaraf etishga qaratilgan qator takliflarni ilgari surishdi. Xususan, klasterlar va fermer xo‘jaliklari o‘rtasidagi fyuchers shartnomalarining mutasaddilar bilan kelishilgan shaklda namunaviy loyihasini ishlab chiqish, normativ-huquqiy xujjatlarda shartnoma tuzish erkinligini buzish, shartnoma tuzishga majbur qilish holatlari uchun javobgarlik belgilash zarurligi aytib o‘tildi. Shartnomalarni qog‘oz shaklda tuzishdan voz kechish va elektron tartibda, yagona axborot portalida ro‘yxatdan o‘tkazish, uning ijrosini doimiy monitoring qilib borish bo‘yicha tizim yaratish zarurligi qayd etildi.

Yig‘ilish davomida deputatlar tomonidan fermer xo‘jaliklariga va paxta-to‘qimachilik klasterlariga imkoniyat yaratish maqsadida Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi kredit resurslari hisobidan tijorat banklari tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri yer uchastkasiga egalik huquqi bo‘lgan fermer va klasterlarga imtiyozli kreditlar ajratilishini belgilash taklifi berildi.

Shu bilan birga, bugungi yangilanish davrida dolzarb ahamiyat kasb etayotgan barcha paxta va don qabul qilish maskanlarini yangi, zamonaviy laboratoriya jihozlari bilan ta’minlash hamda paxta homashyosi va boshoqli don qabul qilishda amaldagi standlart talablarini jahon standlartlari talablariga muvofiqlashtirish zarurligi ta’kidlandi.

Bahs-munozaralarga boy bo‘lgan yig‘ilishda deputatlar kun tartibidagi masala yuzasidan samarali parlament nazoratini ta’minlashga kelishib olishdi.

Tadbir yakunida bildirilgan fikr-mulohazalar inobatga olinib, tegishli qaror qabul qilindi.

  • Ko'rildi
    280
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+