Quyi bo‘g‘inlarda hisobot-saylov yig‘ilishlari tanqidiy-tahliliy ruhda o‘tmoqda

22.02.2023, 16:52

Quyi bo‘g‘inlarda hisobot-saylov yig‘ilishlari tanqidiy-tahliliy ruhda o‘tmoqda

Ayni paytda O`zLiDeP Jizzax viloyat Kengashi tarkibida o‘z saflariga 100 226  maslakdoshlarimizni birlashtirgan 945 ta quyi bo‘g‘in faoliyat olib bormoqda.  Keyingi bir yilda quyi bo‘g‘inlar soni 83 taga, faollar soni esa 20 632 nafarga oshdi.

Biroq, partiyaning tayanch nuqtasi hisoblanmish BPTlar faoliyati son bilan emas, sifat bilan o‘lchanadi. Shu ma’noda olib qaraganda, joylarda bo‘lib o‘tayotgan quyi bo‘g‘inlardagi hisobot-saylov yig‘ilishlari alohida ahamiyatga ega. Chunki, aynan partiya hayotida muhim o‘rin tutuvchi bu siyosiy jarayonda, o‘tgan hisobot davridagi faoliyatni baholash va kelgusi ish rejalarini belgilab olish mumkin.

E’tiborli tomoni, aksariyat  BPTlarda  hisobot-saylov yig‘ilishlari tanqidiy-tahliliy ruhda  o‘tmoqda.

Misol uchun, Sh.Rashidov tumanidagi “EVRO ASIA MOTORS” MCHJ qoshidagi xalq deputatlari tuman Kengashi deputati Akmal Ahmedov yetakchilik qilayotgan quyi bo‘g‘in o‘z safiga 20 nafar faollarimizni birlashtirgan. Bo‘lib o‘tgan hisobot-saylov yig‘ilishida quyi bo‘g‘in yetakchisi maslakdoshlar tomonidan partiya Saylovoldi dasturida ilgari surilgan maqsad va vazifalarni targ‘ib qilishda, shuningdek,  tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, aholi murojaatlarini hal qilish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida axborot berdi.  Maslakdoshlarimiz tomonidan 10 nafardan oshiq kishining bandligi ta’minlangan, hududga 500 dona mevali va manzarali ko‘chatlar ekilgan. Chiqarilgan deputatlik so‘rovlari ko‘tarilgan muammolar yechimini topishda ham faollar alohida hissa qo‘shishgan. Yetakchining hisoboti qoniqarli deb toplib, uning o‘zi yana raislikka saylandi.

Arnasoy tumanidagi "Oltin Vodiy" MFY hududida tuzilgan BPT a’zolarining aksariyatini Maktabgacha ta’lim muassasasi xodimlari tashkil qiladi. Mazkur quyi bo‘g‘inga tajribali maslakdoshimiz Adolat Berdiyeva yetakchilik qilib kelmoqda. BPTda bo‘lib o‘tgan hisobot-saylov yig‘ilishida O`zLiDeP Jizzax viloyat, tuman Kengashlari mas’ul xodimlari, partiya a’zolari ishtirok etdi. Dastlab, BPT raisi hisoboti tinglandi. U o‘z hisobotida faollar tomonidan mahallada ko‘pchilikni qiynayotgan yo‘l sohasidagi muammolarni, aholi tomonidan tushgan 10 dan ortiq murojaatlarni partiyaviy vositalar bilan hal qilishda,  BPT faollari xalq deputatlari tuman Kengashi deputati Gulmira Zoidovaga yaqindan ko‘makdosh bo‘lganini aytib o‘tdi. Yetakchi hisoboti qoniqarli, deb topildi va uning o‘zi BPTga qayta rais etib saylandi.

Zarbdor tumanidagi “Mustaqillik” MFY hududida joylashgan BPTda partiya faollari o‘z yetakchilari Rustam Axmurodov hisobotini qoniqarsiz, deb topdilar. Uning o‘rniga quyi bo‘g‘inga tajribali faollarimizdan biri O’lmas Ortiqov rais etib saylandi. Kelgusida amalga oshiriladigan ishlar rejasi belgilab olindi.

Shohruh O’rozboyev,

O`zLiDeP Jizzax viloyat Kengashi

BPTlar bilan ishlash guruhi rahbari

Teglar
BPT
  • Ko'rildi
    138
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+