Viloyat hokimi o‘rinbosarining hisoboti eshitildi

04.04.2024, 11:09

Viloyat hokimi o‘rinbosarining hisoboti eshitildi

Xalq deputatlari Qashqadaryo viloyati Kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat hokimining qurilish kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosarining 2023 yil yakunlari va joriy yilda Viloyatda byudjet hisobidan amalga oshirilayotgan qurilishlar va yo‘llar sifati yuzasidan olib borilayotgan ishlar to‘g‘risidagi hisoboti eshitildi.   

Hisobotda taʼkidlanishicha, o‘tgan yilda dasturlar doirasida 2,5 trln so‘mlik qurilish-taʼmirlash ishlari bajarilib, 1 536 ta ijtimoiy soha va infratuzilma obyektlari foydalanishga topshirilgan. “Yangi O‘zbekiston” massivlarida qurilayotgan 1 904 xonadonli 67 ta ko‘p qavatli uylardan 36 tasi, shundan 3 tasi 2024 yilda foydalanishga topshirildi. Muhandislik kommunikatsiya va yo‘l infratuzilmasi bo‘yicha 62 ta obyektda 352 mlrd. so‘mlik qurilish-montaj ishlari bajarilib,  389 km ichimlik suvi tarmog‘i tortilgan, 36 ta suv inshooti qurilgan, 22 km ichki yo‘llar taʼmirlanib, 7 ta ko‘priklar rekonstruksiya qilingan.

  Viloyatda 22 ming 35 km, shundan 3 487 km umumfoydalanuv, 18 548 km ichki yo‘llar, 1 285 dona ko‘prik mavjud bo‘lib, 4 642 km yo‘llar va 80 ta ko‘priklar taʼmirga muhtoj. O‘tgan yili 2 436 km yo‘llar taʼmirlanib, 23 ta ko‘priklar tiklandi. Shuningdek, og‘ir hududlardagi 305 km tuproq yo‘llar shag‘allashtirildi. Xalqaro va davlat ahamiyatidagi 106 km avtomobil yo‘l bo‘ylarida yashil belbog‘ tashkil etish uchun 276,1 ming dona ko‘chatlar  ekildi.

Yig‘ilishda so‘zga chiqqan deputatlar fuqaroning uzluksiz ish haqi kamligi yoki yo‘qligi, kredit tarixi ijobiy emasligi tufayli banklar tomonidan kredit ajratilmayotganligi, uy-joy narxining balandligi bois  subsidiya olganlarning to‘lay olmaslik xavfi mavjudligi, viloyatning chekka hududlaridagi yo‘llar taʼmirtalabligi, yo‘lsozlar aksariyat holatda yo‘llarni yamash bilan shug‘ullanayotganligi,  avtomobil yo‘llaridagi uydim-chuqurlar transport hodisalari sodir bo‘lishiga sababchi bo‘layotganligini tanqid qilishdi.

Yig‘ilish davomida deputatlar tomonidan sohaga oid ko‘plab muammolar o‘rtaga tashlanib, amaliy taklif va eʼtirozlar bildirib o‘tildi. Bildirilgan fikr - mulohazalar inobatga olingan holda joriy yilda viloyatda qurilishlar va yo‘llar sifatini yana-da oshirish yuzasidan  amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan chora-tadbirlarni belgilab olindi.

Teglar
BPT
  • Ko'rildi
    38
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+