Asakalik tomorqachi ayol 18 sotix yerdan yiliga 120 million so‘mga yaqin daromad topmoqda

02.03.2023, 15:23

Asakalik tomorqachi ayol 18 sotix yerdan yiliga 120 million so‘mga yaqin daromad topmoqda

O‘zLiDeP Andijon viloyat Kengashi “Ayollar qanoti” Asaka tumanidagi “Otish” mahallasida yashovchi M.Sulaymonova xonadonida “Tomorqa – daromad manbai” mavzusida ochiq muloqot o‘tkazdi.

Partiya faollari, tajribali tomorqachilar, mahalladagi xotin-qizlar ishtirok etgan tadbirda Maxfiratxon Sulaymonova shaxsiy tomorqasidan unumli foydalanmagan, yetarli tajribaga ega bo‘lmagan xotin-qizlar uchun mahorat darsi o‘tib berdi. Mahorat darslari davomida o‘z biznesini boshlamoqchi bo‘lgan xotin-qizlarga faoliyati davomida orttirgan bilim va amaliy tajribalarini o‘rtoqlashdi, tomorqada ekinlarni yetishtirish, parvarishlash va ishlov berish bo‘yicha tajriba almashishdi.

- Bugun tomorqadan samarali foydalanib, yerga mehrimizni bermasak ertaga daromad olishimiz qiyin bo‘ladi, - deydi Otish mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi tajribali tomorqachi Maxfiratxon Sulaymonova. -  “Mehnatning tagi rohat” deb bejizga aytilmagan. Tomorqamizdan unumli foydalanib, 18 sotix yerdan yiliga 120 million so‘mga yaqin daromad olyapmiz. Partiya vakillari bilan birgalikda aholi o‘rtasida mahorat darslarini tashkil etib kelyapmiz. Maqsadimiz o‘z tajribalarimizni boshqa fuqarolarga ham ommalashtirish, ozroq bo‘lsada yerga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirish.

Shuningdek,  tadbirkor 60 nafar “Ayollar daftari”da turgan xotin-qizlarni bandligini ta’minladi.

Darvoqe, tadbirkor bugun chorvachilik bilan ham shug‘ullanib kelmoqda. Shu bois, mahalladagilar uni “ishbilarmon opa” deyishadi. Tadbirkor bu nomga hovlisida mol boqib ham yaxshigina daromad olayotgani sababli sazovor bo‘lgan.

O‘zLiDeP vakillari tomonidan tashkil etib kelinayotgan bu kabi amaliy seminarlar viloyatning eng chekka tumanlarida ham davom etmoqda.

Irodaxon Tadjibayeva,

O‘zLiDeP Andijon viloyat Kengashi

bo‘lim mudiri

  • Ko'rildi
    363
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+