Mahsulotlar qiymatining 5 foizigacha bo‘lgan qismiga qo‘llanlishi kerak bo‘lgan jarimalar korxonalar ixtiyorida qoladi

02.05.2023, 09:59

Mahsulotlar qiymatining 5 foizigacha bo‘lgan qismiga qo‘llanlishi kerak bo‘lgan jarimalar korxonalar ixtiyorida qoladi

Joriy yilning 1 may kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotiga daxldor bo‘lgan bir qator qonun loyihalarini muhokama qildilar.

Yig‘ilishda ko‘rib chiqilgan dastlabki hujjat — “Valyutani tartibga solish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga qo‘shimcha va o‘zgartish kiritish haqida”gi qonun loyihasi bo‘ldi.

Fraksiya a’zolari qonun loyihasini ko‘rib chiqish chog‘ida partiya maqsad va vazifalaridan kelib chiqib, uning bugungi kundagi zarurati va ahamiyatini e’tiborga olib, uni yanada takomillashtirish, pishiq-puxta holatga keltirish hamda maromiga yetkazish bo‘yicha bir qator takliflar berdi.

Deputatlarning aytishicha, ushbu qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasining 1993 yil 7 mayda qabul qilingan “Valyutani tartibga solish to‘g‘risida”gi Qonuniga eksport shartnomasi doirasida jami mahsulotning 5 foizidan oshmagan debitor qarzdorlik uchun tadbirkorlik subyektiga nisbatan jarima qo‘llamaslik bo‘yicha qo‘shimcha va o‘zgartish kiritilmoqda.

Qonun loyihasida taklif etilayotgan yangi normalar esa partiya elektorati bo‘lgan tadbirkorlarning eksport faoliyatini qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash va mahalliy mahsulotlarning xorijiy bozorlarda raqobatbardoshligini oshishiga xizmat qiladi.

— Mamlakatimizda so‘nggi 6 yil ichida katta iqtisodiy islohotlar amalga oshirildi. Ayniqsa, tadbirkorlik subyektlarining eksport faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda, — deydi parlament quyi palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi rahbari Aktam Haitov. —Ushbu qonun loyihasida bir eksport shartnomasi doirasida jami mahsulotning 5 foizidan oshmagan debitor qarzdorlik uchun tadbirkorlik subyektiga nisbatan jarima qo‘llamaslik nazarda tutilayotgani diqqatga sazovordir. Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi orqali eksport shartnomasi doirasida eksportga yuklangan mahsulotlar qiymatining 5 foizigacha bo‘lgan qismiga qo‘llanlishi kerak bo‘lgan jarima summalari korxonalar ixtiyorida qoladi. Bu esa bugun o‘z faoliyatini yanada rivojlantirishni istagan barcha darajadagi tadbirkorlar uchun sog‘lom raqobat muhitidagi teng imkoniyat demakdir.

O‘zLiDeP mamlakatdagi yetakchi siyosiy kuch sifatida tadbirkorlikni keng rivojlantirish, biznes vakillarining erkin faoliyat yuritishlari uchun zarur sharoitlar yaratishni muhim vazifa, deb biladi. Jumladan, partiya saylovoldi dasturida eksport-import tartib-taomillarini yanada soddalashtirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar bo‘yicha davlat xaridlarini kengaytirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.

Shu jihatdan, fraksiya a’zolari qonun loyihasini muhokama qilish davomida unda nazarda tutilayotgan yangi normalar partiya dasturiy maqsadlariga hamohangligiga alohida e’tibor qaratdi. Loyihani yanada takomillashtirish yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini, takliflarini bildirdi. Qizg‘in baxs-munozalardan so‘ng, qonun loyihasi deputatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Yig‘ilishda “Yer to‘g‘risidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ham muhokama qilindi.

Fraksiya a’zolari qonun loyihasining qabul qilinishi yer uchastkalari ijara turlarining o‘ziga xos xususiyatlarini belgilagan holda, ularni garovga qo‘yish hamda ijara huquqini boshqa shaxsga o‘tkazish bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solishini e’tiborga olib, uni qo‘llab-quvvatladilar.

Yig‘ilishda fraksiya vakolatiga taalluqli boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.

  • Ko'rildi
    123
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+