Xalq dardi bilan yashayotganlar

14.07.2023, 16:32

Xalq dardi bilan yashayotganlar

Oramizda shunday insonlar borki, ular o‘z faoliyatlari davomida bor bilimi va tajribasini ishga solib shu yurt, xalq farovonligi uchun safarbar etadi. Albatta, inson hayotda mehnati, olib borayotgan xayrli va ezgu ishlari bilan qadr topadi.

Xalq deputatlari Karmana tumani Kengashi deputati Yusuf Murodovni karmanaliklar yaxshi biladi U nafaqat kamtarin, ochiq ko‘ngil inson, balki saxovatpesha tadbirkor ham. Bugungi kunda Yu.Murodov boshchilik qilayotgan ishlab chiqarish va savdo korxonalarida 80 nafardan ziyod kishining bandligi ta’minlangan. Yusuf aka “Yangi ariq” mahallasi hududidan Xalq deputatlari tuman Kengashi deputatligiga saylangan. Deputat qisqa muddatda o‘z tashabbuskorligi va harakatchanligi bilan mahalla ahlining hurmatini qozondi. Uning sa’y-harakati va tinimsiz ravishda tuman hokimligini “bezovta” qilishi, Xalq deputatlari tuman Kengashi sessiyalarida tashabbus ko‘rsatishi bois mahallaning 2700 metr masofadagi ichki ko‘chalariga asfalt yotqizish muammosi hal etildi. Natijada tuman hokimligi tomonidan 2 milliard 200 million so‘mdan ziyodroq mablag‘ ajratildi.  

– Mahallamizda 3700 nafar aholi istiqomat qiladi, – deydi mahalla raisi Jasur Mahmudov. – Garchi mahallamiz tuman markaziga yaqin hududda joylashgan bo‘lsada, ichki ko‘chalarimizning birortasi asfalt qilinmagan. Aholimiz katta ko‘chaga chiqishi uchun yozda chang, yog‘in-sochinli kunlarda esa loy ko‘chalarda harakatlanishiga to‘g‘ri kelardi. Deputatimiz tashabbusi, tuman hokimining qo‘llab-quvvatlashi natijasida ko‘chalarimiz asfalt qilinmoqda. 700 metr uzunlikdagi bir ko‘chamizga beton qoplamasi yotqizildi. Yana bir markaziy ko‘chamiz kengaytirish maqsadida moliyalashtirilmoqda. Ayni paytda ayrim ko‘chalarga chiroqlar o‘rnatilmoqda. Shuningdek, 3 ko‘prik qayta ta’mirlanib, mahalla ahlining uzog‘i yaqin bo‘ldi. Deputat tashabbusi bilan mahalladagi ijtimoiy soha ob’ektlaridagi muammo va kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida “Tashabbusli byudjet” ga 7-umumta’lim maktabiga qo‘shimcha bino qurish loyihasi joylashtirilgan edi. Natijada o‘tgan yili 1 milliard 190 million so‘m mablag‘ evaziga 100 o‘ringa mo‘ljallangan 2-qavatli bino qad rostladi. Joriy yilda maktab uchun oshxona va faollar zali qurish maqsadida 1,2 milliard so‘m mablag‘ yutib olindi. Albatta, bugun yurtimizda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilib, barchasi inson manfaatlari uchun xizmat qilmoqda. Mahalla hududidagi 175 simyog‘ochning ma’nan eskirganligi uchun hozirgi kunga qadar ularning 80 tasi beton tayanchlarga almashtirildi.  

Mahalla aholisining asosiy daromadi tomorqadan keladi. Aksariyat aholi o‘z tomorqasida issiq xona qurgan. Bozorga pomidor va bodring yetkazib berishadi.  

– Mahallamizda istiqomat qiluvchi Ruxsat aya Nurullayeva 4-5 sotix tomorqasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirib, bozorga sotadi. Shuningdek, hovlisida qoramol boqadi. Shuning orqasidan o‘z peshona teri evaziga mablag‘ yig‘ib, Haj amallarini bajarib keldi, – deydi mahalla raisi. 

– Mahallamizda 799 xonadonda 975 oila istiqomat qiladi, – deydi mahalladagi hokim yordamchisi Anvar Nurbekov. – Uyma-uy olib borilgan o‘rganishlar natijasida 50 nafarga yaqin ishsiz yoshlarimizga imtiyozli kredit olishiga ko‘maklashildi. Natijada bugungi kunda ularning aksariyati issiqxona faoliyatini yo‘lga qo‘ygan. Shuningdek, parrandachilik va tikuvchilik bilan shug‘ullanuvchi yoshlarimizning soni ham ko‘paydi. 

Albatta, aholining muammolarini uyma-uy yurib o‘rganish bugungi kunda o‘zining ijobiy samarasini bermoqda. Natijada xonadon sohiblarining yashash sharoiti real o‘rganilib, yanada yaxshilash choralari ko‘rilmoqda. Aniqlangan muammo va kamchiliklarga yechim izlanmoqda.  

– Deputatlikka saylanganimdan keyin mahalla aholisi bilan yaqindan tanishish, ularning yashash sharoitini o‘rganish maqsadida bir xonadonga bordim, – deydi Yusuf aka Murodov. – Oilasida 4 nafar nogironi bor. Ammo biror-bir tashkilotga yoki hokimlikka yordam so‘rab murojaat qilmagan. Uchrashuvda xonadon sohibiga “Nima yordam kerak?”, deb so‘raganimda, “Nima deb javob berdi, bilasizmi?” Menga yordam kerak emas. Barchasini o‘z mehnatim bilan amallayapman. Daromadim yomon emas. Yetishtirgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini bozorga olib borishda yo‘lda ko‘p vaqt yo‘qotyapman. Bu esa mahsulotlar sifatiga ta’sir qilmoqda. Shuning uchun kreditga (tekinga emas!) mototsikl olib berishga ko‘maklashsangiz, dedi.  

Mahalladagi hokim yordamchisi bilan hujjatlarni rasmiylashtirib, ikki kunda aytgan mototsiklini olib berdik. Darvoqe, ism-sharifi ochiqlanmagan qahramonimiz 300 donaga yaqin 5 litrlik yelim idishda qulupnay, xaltalarga tuproq solib, kartoshka yetishtiradi. Hosilni esa mototsikliga yuklab, bozorga olib borib sotadi. O‘z mehnati orqasidan ro‘zg‘or tebratib, mo‘maygina daromadga ham ega bo‘lmoqda. 

Yaxshilik qilish va o‘zgalarga ko‘mak berish xalqimizning o‘ziga xos qadriyatlaridan. Qadriyatlarimiz bor bo‘lsin. Odamlar orasidagi mehr-oqibat yo‘qolmasin.  

  • Ko'rildi
    1422
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+