Surxondaryolik ishbilarmon ayollar saralanmoqda

21.07.2023, 09:49

Surxondaryolik ishbilarmon ayollar saralanmoqda

O‘zLiDeP tomonidan xotin-qizlarni oilaviy tadbirkorlikka, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, fermerlikka jalb etish hamda bandligiga ko‘maklashish orqali yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash, iqtidorlarini ro‘yobga chiqarish, tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarga e’tibor yanada kuchaygan.

Xususan, joylarda, ayniqsa eng chekka hududlarda, xotin-qizlar bandligini ta’minlash, ayniqsa, “temir daftar”, “ayollar daftari” va “yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarni turli kasb-hunarlarga o‘qitish, ishga joylashtirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Bu borada “Har bir deputat - yuz ayolga ko‘makchi”, “Farovon ayol” kabi maqsadli partiyaviy loyihalar o‘tkazib kelinyapti.

Barcha tadbirlar partiya “Ayollar qanoti” faollari, deputatlar, tajribali tadbirkorlar ishtirokida O’zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi hamda bir qator tashkilotlar bilan hamkorlikda o‘tkazilmoqda. Ushbu “Ishbilarmon ayol” ko‘rik-tanlovi ana shunday partiyaviy loyihalar sirasiga kiradi.

Surxondaryo viloyati hududida ham ushbu ko‘rik-tanlovning tuman bosqichlari o‘tkazilmoqda. Xususan, Qiziriq, Boysun hamda Uzun tuman kengashlarida eng faol tadbirkor xotin-qizlar saralab olindi.

—  Ancha yillardan beri qadimiy gilamdo‘zlik bilan shug‘ullanaman, — deydi uzunlik hunarmand Hulkaroy Mamadaliyeva. — Surxondaryoning gilamdo‘zlik bo‘yicha o‘ziga xos uslubi bor. Hatto to‘qiladigan iplarni bo‘yashda ham momolarimiz qo‘llagan tabiiy usullardan foydalanamiz. Eng muhimi, ushbu hunarimni orqasidan bugun oilaviy tadbirkorligimni ham yo‘lga qo‘ydim. Hozirda gilamdo‘zlikning sir-asrorlarini avval kelinlarim, qizlarim va qo‘shni qizlarga o‘rgatyapman. “Ishbilarmon ayol-2023” ko‘rik-tanlovida amaliy ishlarim, yaratgan mahsulotlarim bilan ishtirok etib, viloyat bosqichiga yo‘llanma oldim. Bizni tadbirkorligimizni mana shunday qo‘llab-quvvatlayotgan partiya faollariga minnatdorchilik bildiraman.

Hududlar bo‘yicha o‘tkazilgan tanlovda eng yaxshi mahsulot ishlab chiqargan tadbirkor, hunarmand ayollar g‘olib deb topilib, ular esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.

Albatta, bu kabi tanlovlar va e’tibor ana shunday fidoyi xotin-qizlarnining yaratuvchanligi, bunyodkorligi, mehnatlarini ulug‘lash, jamoat ishlaridagi o‘rni va mavqeini yuksaltirishga xizmat qiladi.

O’zLiDeP Surxondaryo viloyati Surxondaryo viloyati
Kengashi matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    105
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+