Epidemiologik osoyishtalik korxona va tashkilotlarning yanada barqaror ishlashini ta’minlaydi

30.08.2023, 11:07

Epidemiologik osoyishtalik korxona va tashkilotlarning yanada barqaror ishlashini ta’minlaydi

So‘nggi yillarda mamlakatimizda aholining epidemiologik osoyishtaligini ta’minlash borasida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Ma’lumki, epidemiya va pandemiyalar salomatlikka putur yetkazibgina qolmay, jiddiy iqtisodiy oqibatlarni ham yuzaga keltirishi mumkin. Korxonalarning yopilishi, xalqaro savdoning cheklanishi, ish o‘rinlari yo‘qolishi va iqtisodiy o‘sishning pasayishi shular jumlasidandir.

Epidemiologik osoyishtaligini ta’minlashdan asosiy maqsad – yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olish va kamaytirish orqali aholi salomatligini himoya qilish hamda ularda jiddiy oqibatlarning oldini olishdir. Bunda infeksiyalangan bemorlarni tezda aniqlash, izolyatsiya qilish va davolash mumkin. Natijada kasallik tarqalish va epidemiyalar paydo bo‘lish ehtimoli kamayadi. O‘z-o‘zidan yuqoridagi qator muammolarning oldi olinadi.

Kezi kelganida aytish joizki, aholining, hususan yosh bolalar orasida o‘tkazilgan profilaktik, epidemiyaga qarshi hamda maqsadli emlash tadbirlari natijasida ko‘plab xastaliklar dinamikasi pasayishiga erishildi. Ayrim kasalliklar tugatildi.

E’tibor bering, 2022 yilda bolalarni yuqumli kasalliklarga qarshi emlashga ajratilgan mablag‘lar 205 mlrd. so‘mni tashkil etdi va qamrov 98 foizga yetkazildi. Bu mablag‘lar 2017 yilga nisbatan 10 barobar ortiq ekanini bildiradi.

Oxirgi 5 yil davomida emlash kalendariga 4 turdagi yangi vaksina kiritildi. Qarabsizki, o‘tgan yil yakuniga kelib brutsellyoz 2017 yilga nisbatan 36 foizga, virusli gepatitning “V” turi 2 barobarga, “S” turi 2,3 marotabaga, OIV infeksiyasi 29 foizga, o‘tkir yuqumli ichak kasalliklari 15 foizga kamaydi.

Butun dunyoni larzaga solib, insoniyatda katta qo‘rquv uyg‘otgan koronavirus pandemiyasi davrida bu ishlarga yanada jadallashdi. Tojdor virusga qarshi profilaktik emlash ishlarini tashkil etish maqsadida jami 75,9 mln doza vaksina hozirlandi. Ulardan 48,4 mln dozasi chetdan olib kelindi, qolgani respublikamizda ishlab chiqarildi. 73,8 mln. doza vaksina ishlatilib, to‘liq bosqichlarda emlanganlar ulushi 82,7 foizni tashkil qildi.

Orolbo‘yi mintaqasida, xususan, Qoraqolpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida yashovchi bolalarda mikronutriyent yetishmovchilikning oldini olish borasidagi xayrli ishlarni ham e’tirof etish o‘rinli. Shu maqsadda 2021-2022 yillarda mazkur hudud kichkintoylariga 68 984 o‘ram multivitamin ozuqa qo‘shimchalari tarqatildi.

Islohotlarning davomi o‘laroq davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlar va dori vositalarining hajmi ham tasdiqlandi. Kafolatlangan paketga 120 turdagi dori vositalari, tibbiy buyumlar va sarflov materiallari hamda barcha bo‘g‘indagi tibbiyot muassasalarida bepul ko‘rsatiladigan tibbiy xizmat turlari kiritildi.

Ayniqsa, Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 4 iyuldagi “Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarori bu boradagi islohotlarning mantiqiy davomi bo‘ldi. Zero, har bir soha rivoji kadrlarining ilmi va malakasiga bog‘liq.

Mazkur qarorga muvofiq, Sog‘liqni saqlash vazirligining Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi huzurida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi tashkil etiladi.

2023 yilning 1 sentyabrdan faoliyatini boshlaydigan ushbu markaz bir qator vazifalarni o‘z ichiga oladi. Jumladan, jamoat salomatligi va kasalliklar profilaktikasi hamda aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligiga oid fundamental va ilmiy-amaliy tadqiqotlarni amalga oshiradi. Soha mutaxassislarini qayta tayyorlaydi va ularning malakasini oshiradi. Innovatsion texnologiyalar hamda ilg‘or xorijiy tajribani joriy etishga mo‘ljallangan o‘quv rejasi va dasturlari, xalqaro e’tirof etilgan tashkilotlarda akkreditatsiyadan o‘tgan o‘quv dasturlari asosida qayta tayyorlash va malaka oshirishning o‘quv-metodik hujjatlarini ishlab chiqadi. Yetakchi professor-o‘qituvchilar, tajribali amaliyotchi mutaxassislarni taklif etgan holda, innovatsion texnologiyalarga asoslangan qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslari tashkil etadi.

Chet el oliy ta’lim tashkilotlarining professor-o‘qituvchilari va soha mutaxassislarini jarayonga jalb etadi. Bundan tashqari, to‘lov-kontrakt asosida turli soha xodimlarining sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari bo‘yicha malakasini oshiradi. Sohada favqulodda holatlarning oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha mashq va mashg‘ulotlar, anjuman, ko‘rgazma va boshqa tadbirlarni o‘tkazadi.

Xulosa qilib aytish mumkinki, epidemiologik osoyishtalikni ta’minlash, nafaqat, kasallik tarqalishini kamaytirib, uning iqtisodiyotga ta’sirini minimallashtiradi, qolaversa, korxona va tashkilotlarning yanada barqaror va samarali ishlashini ta’minlashga yordam beradi.

Dilbar Usmonova

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi

O'zLiDeP fraksiyasi a’zosi

  • Ko'rildi
    145
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+