Tajribali tadbirkor olotlik yoshlar bilan uchrashdi

14.09.2023, 11:37

Tajribali tadbirkor olotlik yoshlar bilan uchrashdi

Uyda ishsiz va daromadsiz qolgan o‘nlab fuqarolarni daromadli qilishda tashabbus ko‘rsatayotgan ishlab chiqarish sub’ektlaridan biri O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi, O'zLiDeP faoli Nurmuhammad Ochilov rahbarligidagi  “Parvoz Humo ravnaq trans” MChJ va uning negizida ish yuritayotgan tikuv–trikotaj fabrikalaridir.

Olot va G’ijduvon tumanlarida qator loyihalarni amalga oshirib kelayotgan ushbu MChJning dastlabki ish faoliyati 2011-2018 yillarda transport xizmati ko‘rsatishdan boshlangan bo‘lib, keyinchalik- 2019 yildan e’tiboran mazkur korxonada to‘qimachilik, undan so‘ng esa tikuv–trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishga kirishilgan.

Korxona tarmoqlarida endilikda jami 1,5 mingta ish o‘rni yaratilgan bo‘lib, 2022 yilda umumiy qiymati 90 million AQSh dollaridan ko‘proq miqdordagi mahsulot ishlab chiqarishga erishilgan. Shundan 56 million AQSh dollariga teng mahsulot Rossiya Federatsiyasi, Eron, Turkiya, Xitoy, Polsha va Qirg‘iziston kabi davlatlardagi hamkorlardan tushgan buyurtmalar asosida eksportga chiqarilgan. Korxonada shu kungacha boshqa bir qator ishlab chiqarish muvaffaqiyatlariga ham erishilgan. Germaniya, Shveysariya, Yaponiya davlatlarining bir qator kompaniyalarida ishlab chiqarilgan zamonaviy dastgohlardan samarali foydalanib kelinmoqda. Korxonaning ip-yigiruv Ip-yigiruv fabrikasida ishlab chiqarilgan mahsulotlar Rossiya, Bolgariya, Eron, Misr, Turkiya, Polsha va Moldava davlatlariga eksport qilinmoqda.2019 yildan boshlab esa “Parvoz Humo ravnaq trans” qishloq xo‘jalik mahsulotlari ishlab chiqarish, ularni qayta ishlash, qurilish tarmog‘ini yo‘lga qo‘yish orqali mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati zamonaviy keng tarmoqli klaster maqomini oldi.

Senator N.Ochilovning Olot tumanida mahalliy tadbirkorlar, tashabbuskor yoshlar bilan tashkillashtirilgan uchrashuvida ham yuqoridagi kabi tarmoqdagi korxonalar ishlab chiqarish imkoniyatlari, istiqbolli loyihalar amaliyoti xususida batafsil so‘z yuritildi.

Shuni unutmaslik kerakki, deya uchrashuvda eksportbop mahsulot ishlib chiqarishning o‘zi bo‘lmaydi. Sifatli va xaridorgir mahsulotlarninggina “bozori chaqqon” bo‘ladi. Qolaversa, bu ham tom ma’noda tadbirkorlikning oltin qoidalaridan biridir. Moliyaviy tahlil, kezi kelganda esa tavakkalchilikning ham sohani rivojlantirishda o‘z o‘rni bor. Tadbirkorlik sohasida klaster tizimi joriy etilganligining afzalliklari, beqiyes imkoniyatlari, pirovard natijalarini hech shubhasiz “Parvoz Humo ravnaq trans” MChJ klasteri faoliyati misolida ko‘rish mumkin.

Uchrashuvda so‘zga chiqqan J.Allakov shu haqda so‘z yuritar ekan, mahalliy tadbirkorlar ularga berilgan imkoniyat va yaratilgan sharoitlardan oqilona foydalangan holda davr talablari darajasida faoliyat olib borishlari zarurligi uchrashuv davomida qayta-qayta ta’kidlandi. E’tiborlisi kam miqdordagi kreditlar bilan o‘z faoliyatini boshlagan, keyinchalik sohada yuqori natijalarga erishgan, qisqasi o‘zini o‘nglab olgan tadbirkorlar orasida O’zLiDeP a’zolari ham ko‘pchilikni tashkil etadi. Zotan, partiyaning dasturiy maqsad-vazifalari ham aynan sohani rivojlantirish bilan bog‘liq ekanligi ahamiyatlidir.

Uchrashuv yakunida biznesni rivojlantirish faoliyatida katta tajribaga ega tadbirkor N.Ochilov tomonidan mahalliy tadbirkorlar va yoshlarni qiziqtirgan savollarga  tavsiya va yo‘nalishlar berildi.

  • Ko'rildi
    127
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+