“O’zbekiston–2030” strategiyasining mazmun-mohiyati keng aholi vakillari orasida targ‘ibot qilinmoqda

15.09.2023, 18:46

“O’zbekiston–2030” strategiyasining mazmun-mohiyati keng aholi vakillari orasida targ‘ibot qilinmoqda

Davlatimiz rahbarining “O’zbekiston–2030” strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoni hamda “O’zbekiston-2030” strategiyasini 2023 yilda o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mazmun-mohiyatini keng aholi vakillari, partiya elektorati orasida targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.

O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari Aktam Xaitov boshchiligidagi parlament quyi palatasi deputatlari, mahalliy kengash deputatlari, partiya faollari Sirdaryo viloyatining Mirzaobod tumanida tadbirkorlik su’bektlari, yirik korxonalar, tibbiyot muassasalari, mahallalar fuqarolar yig‘ini raislari, faollari ishtirokida “O’zbekiston-2030” strategiyasida belgilan ustuvor maqsad va vazifalar yuzasidan muloqotlar tashkil qilindi.

Muloqotda “O’zbekiston – 2030” strategiyasida beshta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha 100 ta muhim maqsad qamrab olingani ta’kidlandi. Xususan, barqaror iqtisodiy o‘sish orqali daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoridan o‘rin olish, aholi talablariga va xalqaro standartlarga to‘liq javob beradigan ta’lim, tibbiyot va ijtimoiy himoya tizimini tashkil qilish, aholi uchun qulay ekologik sharoitlarni yaratish, xalqqa xizmat qilishi shart bo‘lgan adolatli va zamonaviy davlatni barpo etish, mamlakatning suvereniteti va xavfsizligini kafolatli ta’minlash kabi g‘oyalar aks etganligi e’tirof etildi.

Birgina strategiyaning Barqaror iqtisodiy o‘sish orqali aholi farovonligini ta’minlash yo‘nalishida iqtisodiyotni rivojlantirish, tadbirkorlik, sanoat, qishloq xo‘jaligi sohalarini yangi bosqichga olib chiqish borasida qator tashabbuslar ilgari surilmoqda.

Unga ko‘ra 2030 yilga qadar iqtisodiyot hajmini 2 barobar oshirish va “daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar” qatoriga kirish asosiy maqsad qilib olinmoqda. Bunda kelgusi yetti yillikda yalpi ichki mahsulot hajmini 160 milliard dollarga va aholi jon boshiga daromadlarni 4 ming dollarga yetkazish ko‘zda tutilgan.

Muloqotlar davomida mazkur hujjat inson qadrini ulug‘lash, xalqimizni rozi qilish, munosib turmush sharoiti bilan ta’minlash kabi ulkan maqsad va marralar ko‘zlanganligi ta’kidlandi.

  • Ko'rildi
    416
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+