Davlat dasturining 67-maqsadi Hazoraspda qanday bajarilyapti?

23.11.2023, 18:03

Davlat dasturining 67-maqsadi Hazoraspda qanday bajarilyapti?

Yurtdoshlarimiz turmushi yanada yaxshilanishiga xizmat qiluvchi ustuvor vazifalar bajarilishi bo‘yicha doimiy jamoatchilik va deputatlik nazorati olib borilishiga partiyamiz vakillari g‘oyat mas’uliyat bilan yondashyapti.

 Xususan, “O’zbekiston-2030” strategiyasini 2023 yilda  amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturining 67-maqsadidan (Ekologik vaziyatni barqarorlashtirishga qaratilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasini kengaytirish) o‘rin olgan chora-tadbirlar  ijrosini nazorat qilish, ularning bajarilishiga ko‘maklashish bo‘yicha ham O’zLiDeP Siyosiy Kengashi ijroiya qo‘mitasida  ishchi guruh tuzilgan.

Mazkur ishchi guruh rahbari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga partiyamizdan saylangan deputat Botir To‘razoda  yaqinda Hazorasp tumanida bo‘lib, shu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlar bilan bevosita tanishdi,  mas’ul tashkilotlar vakillarining hisobotini eshitdi.

Taqsimotga muvofiq  ushbu tumanda shu yil kuz mavsumida jami 615 ming 100 tup manzarali, mevali daraxt va buta ko‘chatlari ekilishi mo‘ljallangan. Shu kungacha 574 ming 600 tup ko‘chat o‘tqazildi, boshqacha aytganda, reja 93,4 foizga bajarildi.

 Tok va boshqa mevali daraxt ko‘chatlari asosan Farg‘ona va Samarqand viloyatlaridan olib kelinyapti. Ko‘chatchilik bilan shug‘ullanuvchi mahalliy tadbirkorlik sub’ektlari ham buyurtmachilarga  turli nihollar yetkazib beryaptilar.

Ko‘chatlar yo‘l yoqalari, turli tashkilotlar hududlari, fermer xo‘jaliklari yerlariga o‘tqazilyapti.

Tuman hokimligi tomonidan 49 ta mahallaga 9400 tup ko‘chat bepul tarqatilgani odamlarni mamnun qildi. Shuningdek, Xorazm davlat o‘rmon xo‘jaligi  tumandagi 20 ta maktabgacha ta’lim muassasasiga 2 ming 210 tup, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi turli tashkilotlarga 2 ming 400 tup ko‘chatni bepul topshirdi.

Atrof-muhitga o‘rta va yuqori darajada xavf tug‘diruvchi sanoat korxonalari, xususan, tumandagi “Ibrohim bobo” xususiy ishlab chiqarish savdo firmasi, “Toyirjon Amirxon” MChJ, “Hazorasp tekstil” MChJ hamda “Hazorasp yo‘llardan foydalanish” korxonalari o‘z hududlari atrofida  “yashil belbog‘”lar barpo etdilar.

Albatta, ko‘chatlarni tuproqqa qadash bilangina ish bitmaydi. Birinchi navbatda ularni o‘z vaqtida sug‘orish kerak.  Yangi ko‘chatlarga suv qo‘yish  tizimlari barpo qilish bo‘yicha loyiha hujjatlari ishlab chiqilyapti, ularga asosan kerakli mablag‘ miqdori belgilanyapti.

Partiya ishchi guruhi rahbari “yashil” hududlarni ko‘paytirish g‘oyasini targ‘ib qilish, ko‘chat ekish bobida o‘rnak ko‘rsatish maqsadida tumandagi 1- va 4-sonli umumta’lim maktablari, madaniyat va istirohat bog‘i, Ovshar mahallasi va boshqa joylarda uyushtirilgan ko‘chat ekish tadbirlarida bevosita ishtirok etdi.

Behzod Isroilov,

O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi xodimi,

ishchi guruh a’zosi

Teglar
Ishchi guruh
  • Ko'rildi
    105
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+