Qashqadaryoda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati bo‘yicha mas’ullarning axboroti tanqidiy ko‘rib chiqildi

28.09.2023, 12:09

Qashqadaryoda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati bo‘yicha mas’ullarning axboroti tanqidiy ko‘rib chiqildi

Xalq deputatlari Qashqadaryo viloyat kengashining O’zLiDeP deputatlik guruhi yig‘ilishida “Viloyatdagi iste’molchilarni kuzgi-qish mavsumida uzluksiz tabiiy va suyultirilgan gaz, elektr energiyasi va ko‘mir mahsuloti bilan ta’minlash borasida qilingan ishlar yuzasidan” “Hududgaz Qashqadaryo” gaz ta’minoti, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “Ko‘mir ta’minot” viloyat filiallari rahbarlarining hisobotlari eshitildi. 

“Hududgaz Qashqadaryo” gaz ta’minoti viloyat filiali boshlig‘i o‘rinbosari, bosh muhandis Baxtiyor Jabborovning ta’kidlashicha, bugungi kunda viloyatda 776740 ta iste’molchi mavjud bo‘lib, shundan 182 ming 306 tasi tabiiy gazdan, 594 434 tasi suyultirilgan gazdan foydalanib kelishmoqda. Joriy yil oktabr-dekabr oylarida rejaga muvofiq 316,8 mln.kub metrda tabiiy gaz yetkazib berish rejalashtirilgan. Sentyabrning 25 kuniga qadar bu ko‘rsatkich 461,7 mln. kub metrni tashkil etdi. Kuz-qish mavsumini betalofat va barqaror o‘tkazish maqsadida 24 ta avariya tiklash avtotransport vositasi, 8 ta maxsus texnika, 143 dona maishiy gaz ballon tashuvchi mashina, 2 dona kompressor agregatlari tayyor turibdi. 109 nafar maxsus ishchi xodimlardan iborat 20 ta brigada ham iste’molchilar xizmatida bo‘ladi. “Tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini (ASKUG) joriy etish” loyihasi doirasida 170, 8 ming dona aqlli elektron gaz hisoblagichlar o‘rnatildi.

-Viloyatdagi 751,5 mingta iste’molchilarga 182 ta podstansiyalar, 28,9 ming km elektr tarmoqlari va 10 ming 526 ta transformatorlar orqali elektr nuri yetkazib berilmoqda, - dedi “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ direktori o‘rinbosari Nurbek Ismatov. – Elektr energiyasi bilan bog‘liq muammolarini bartaraf etish hamda barqarorligini ta’minlash maqsadida Davlat dasturlari doirasida 1349,3 km elektr tarmoqlari, 365 dona transformatorni yangidan qurish va rekonstruksiya ishlari olib borilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bugungi kunda 381 km elektr uzatish tarmoqlarida yangidan qurish, 191 dona transformator o‘rnatildi. 

“Ko‘mir ta’minot” viloyat filiali rahbari Roman Boboyorov o‘z hisobotida tashkilotlarga 40 834 tonna ko‘mir yetkazib berish yuzasidan shartnoma imzolanganini, aholi xonadonlariga esa 55 ming mahalliy va 10 ming import ko‘mir tarqatish rejalashtirilganligini ta’kidlab o‘tdi.

Yig‘ilishda deputatlardan Ibrohim Xalilov, Ismigul Xushmurodova, Momosuluv Berdiqulova va boshqalar so‘zga chiqib, aholini suyultirilgan gaz bilan ta’minlashda muammolar yuzaga kelayotganligi, ballonlardagi gaz miqdori kamligi, o‘z vaqtida keltirilmayotganligi, qish oylarida qishloqlarda elektr nuri quvvati 160-170 kilovattga ham yetmasligi, yorug‘lik yetarli bo‘lmagani uchun bolalar dars qilishga qiynalayotganligi, qishloq va mahallalarda chirib ketgan simyog‘ochlar odamlar hayotiga xavf solayotgani, aholi uchun tarqatilayotgan ko‘mir faqat kuldan iborat bo‘lganligi uchun odamlar norozi bo‘lib xarid qilishni xohlamayotganliklari, aksincha olibsotarlar qoplab sotayotgan ko‘mir mahsuloti sifatli ekanligi, ammo narxi qimmatligi bois kambag‘al oilalar xarid qilishga qiynalayotganliklarini tanqid qildilar.

Yig‘ilishda mazkur tashkilotlar tomonidan kuzgi-qishki mavsumga tayyorgarlik yuzasidan hali ko‘p ish qilinishi lozimligi e’tirof etilib, deputatlar tomonidan bildirilgan kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf etish yuzasidan taklif va mulohazalar bildirildi.

  • Ko'rildi
    212
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+