Saylovchilar bilan yuzma-yuz muloqot qilmasdan ularning koriga yarab bo‘lmaydi

12.10.2023, 12:23

Saylovchilar bilan yuzma-yuz muloqot qilmasdan ularning koriga yarab bo‘lmaydi

Deputat, avvalo, xalq vakili, uning zimmasida saylovchilar ishonchini qozonish, g‘amu tashvishlaridan xabardor bo‘lish, koriga yarashdek katta mas’uliyat turadi.

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasining saylovoldi dasturida “partiya mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning bosh maqsadi inson, uning hayoti, erkinligi, qadr-qimmati, or-nomusi, ehtiyojlari va manfaatlariga qaratilganini alohida e’tirof etadi” deb belgilab qo‘yilgan. Bu esa mazkur siyosiy kuchning har bir faoli, undan saylangan har bir xalq vakilining asosiy maqsadi va faoliyati inson baxtu kamoloti va farovonligini ta’minlashga hissa qo‘shish, bu yo‘ldagi muammolarni o‘z vaqtida bartaraf etishdan iborat ekanini ko‘rsatadi. Zero, davlatimiz rahbarligida olib borilayotgan izchil islohotlar, yangi O’zbekistonni yaratishdagi asosiy maqsad ham shu – inson baxti hamma narsadan ustunligiga erishish.

Shu bois o‘zim saylangan Shayxontohur tumani Koxota mahallasida dam-badam saylovchilar bilan dildan muloqot qilaman. Ularni bezovta qilayotgan muammolarni eshitaman, bartaraf etish uchun masalani joyiga chiqib o‘rganaman. Chunki kishilarni tinglamasdan turib, koriga yarab bo‘lmaydi. Tinglashning o‘zi muammoning yarmi yechim topdi degani.

Ana shunday uchrashuvlarimdan birida mahalladagi Aeroplan ko‘chasida oqova suv quvuri yo‘qligi aytildi. Ushbu muammoni mahalla raisi Dilfuza Muhamedjonova bilan birgalikda o‘rgandik. Jarayonda guvoh bo‘ldikki, xalq bejiz e’tiroz bildirmagan. Ko‘chaning sanitar-gigiyenik holati ko‘ngildagidek emas. Noxush hidlar hasharot va zararkunandalarning bu atrofda ko‘payishiga sabab bo‘lgan. Saylovchilar aytganidek, ahvol yoz oylarida yanada yomonlashib, aholi, ayniqsa, bolalarning sog‘lig‘iga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Saylovoldi dasturimda bergan va’dalarimni amalga oshirish hamda ushbu muammoni bartaraf etish maqsadida zudlik bilan mutaxassislarga bog‘landim. Sal o‘tmay ushbu ko‘chaga oqova suv quvuri o‘rnatish ishlari boshlab yuborildi. Tez fursatda 150 metrli oqova suv tarmog‘i o‘rnatilib, 18 ta xonadonga ulab berildi.

Bu ishlar yakunlangach, yo‘llarni ta’mirlash va asfaltlashni ham niyat qilgan edik. Shu maqsadimni tuman obodonlashtirish bo‘limiga deputatlik so‘rovi orqali bildirdim. Mutasaddilar murojaatimga o‘z vaqtida e’tibor qaratishdi. Soybo‘yi ko‘chasi to‘liq ta’mirlanib, mustaqilligimizning 32 yillik bayrami arafasida foydalanishga topshirildi. Ravon yo‘llardan yurib, shahar markazidagi bayram tadbirlarini tomosha qilish uchun ketayotgan fuqarolarimizning kayfiyati balandligini ko‘rib, bizning ham bahri dilimiz ochilgani rost. Doimgidek ushbu xayrli ishda mahalla raisi Dilfuza Muhamedjonova hammaslak va ko‘makdosh bo‘ldi.

Aholi bilan yana bir yuzma-yuz muloqotimda ma’lum bo‘ldiki, tumanning Olim Xo‘jayev mahallasida istiqomat qiluvchi Qoziyevlar oilasi ijtimoiy himoyaga muhtoj ekan. Ko‘p bolali ushbu oila farzandi Nurislom yurak tug‘ma yetishmovchiligi tashxisi bilan dunyoga kelgan. Ketma-ket uch bora o‘tkazilgan jarrohlik amaliyotidan keyin hushsizlik holatiga tushib qolgan. Shuning oqibatida 6 yildan beri o‘zi harakatlana olmaydi, parvarishga muhtoj.

O’sha kuniyoq zudlik bilan ushbu manzilga borib, oilaning yashash sharoiti bilan yaqindan tanishdim, sharoitlarini o‘rgandim. Ular asli qashqadaryolik bo‘lib, hozirgi vaqtda Toshkent shahrida vaqtinchalik ro‘yxatda turib, ijarada yashab kelmoqda. Shuncha yildan beri farzandining parvarishi, davolatish uchun yordam ololmay, sarson bo‘lib yurgan. Chunki Qashqadaryodagi tegishli mutasaddi organlarga bu borada ariza bilan murojaat etishsa, Toshkentga jo‘natishar, Toshkentga kelsa, yashash joyingiz Qashqadaryo viloyati-ku, deb u yoqqa yuborishar ekan.

Nurislomning sog‘lig‘ini tiklash maqsadida 3-oilaviy poliklinikadan shifokor va hamshiralar biriktirdik. Yangi 2023-202 o‘quv yilidan uning ta’lim olishi uchun ham hududiy maktab o‘qituvchilari bilan ta’minladik. Hozirda bolaning darslarga yetib olishi uchun amaliy harakat olib borilyapti. Bundan tashqari, bolakayning toza havoda sayr qilishi uchun tuman tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni tashkil etish bo‘limi ko‘magi va homiyligim ostida aravacha taqdim etdik.

Odamlar orasida bo‘lgan va ularning koriga yaragan sari bundan-da mas’uliyatli yumush va bundan baxtiyor kun yo‘qligini yanada chuqur anglayapman. Hazrat Alisher Navoiy bobomiz ta’biri bilan aytganda: “Odami ersang demagil odami, Onikim yo‘q xalq g‘amidin g‘ami”.

Abduaziz ABDURAZZOQOV,

Xalq deputatlari Shayxontohur tuman kengashi deputati, O’zLiDeP a’zosi

  • Ko'rildi
    140
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+