O’zLiDeP tadbirkorning buzilgan mulkiga kompensatsiya to‘lanishiga amaliy yordam bermoqda

17.10.2023, 17:24

O’zLiDeP tadbirkorning buzilgan mulkiga kompensatsiya to‘lanishiga amaliy yordam bermoqda

Prezidentimiz bir necha yil avval ilgari surgan xalqchil, hayotiy tamoyil – odamlarni ertaga emas, bugun rozi qilish, afsuski, haligacha ayrim mutasaddi idoralar dasturilamaliga aylanganicha yo‘q. Shu bois ba’zi fuqarolar, xususan, tadbirkorlar e’tiroziga sabab bo‘layotgan holatlar yuz beryapti. Ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilinayotgan ana shunday hodisalardan biriga partiyamiz jiddiy e’tibor qaratyapti.

O’zLiDeP Toshkent shahar va Olmazor tuman kengashlari deputatlari tomonidan olib borilgan o‘rganishlardan ma’lum bo‘lishicha, poytaxtimizdagi Keles yo‘li ko‘chasi kengaytirilishi tufayli tadbirkor Ulug‘bek Nazirovga qarashli savdo do‘koni ham buzilishi rejalashtirilgan va bu reja amalga oshirilgan.

Mutasaddilar mazkur ko‘chada ko‘chmas mulklari joylashgan tadbirkorlar bilan uchrashuv o‘tkazib, buzilgan inshoot evaziga kompensatsiya to‘lanishini bildirishgan.

“Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi O’zbekiston Respublikasi qonunining 19-moddasida “...olib qo‘yilayotgan yer uchastkasidagi uyni, boshqa imoratlarni, inshootlarni buzib tashlashga zararning o‘rni bozor qiymati bo‘yicha oldindan va to‘la qoplanmagunga qadar yo‘l qo‘yilmaydi”,  deya belgilab qo‘yilgan bo‘lsa-da, tilga olingan tadbirkorga bir necha oydan buyon buzilgan mulk uchun va’da qilingan kompensatsiya to‘lanmayapti va bu borada u ko‘plab byurokratik chigalliklar, sansalorliklarga duch kelmoqda.

O’zLiDeP deputatlari tomonidan ishbilarmonga amaliy yordam berish va buzilgan mulk uchun kompensatsiya to‘lanishini ta’minlash yuzasidan amaliy ishlar amalga oshirilmoqda.

Mazkur voqea partiya diqqat markazida turibdi. Jamoatchilik nazorati asosida faollarimiz va deputatlarimiz o‘rganish ishlarini davom ettiryapti. Ularning natijalari muntazam e’lon qilib boriladi.

  • Ko'rildi
    78
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+