Yaxshidan bog‘ qoladi

19.10.2023, 10:55

Yaxshidan bog‘ qoladi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev yaqinda BMT minbarida turib, jahon jamoatchiligi e’tiborini insoniyat hayotiga tahdid solayotgan uchta inqirozga qaratdi. Iqlim o‘zgarishi, bioxilma-xillik yo‘qolishi va atrof-muhit ifloslanishini bartaraf etishga doir muhim tashabbuslarni ilgari surdi. Davlatimiz rahbari shu yil 11 oktyabrda o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ham mazkur masala bo‘yicha bir qator takliflarni bildirib, ustuvor vazifalarni belgilab berdi. Xususan, 25 oktyabrdan 1 dekabrga qadar mamlakatimizda “kuzgi daraxt ekish mavsumi” e’lon qilindi.

Yurtboshimizning ana shu tashabbusidan ruh olib, O’zbekiston mahalla faollari, nuroniylar, ziyolilar, xotin-qizlar va yoshlar vakillari murojaat bilan chiqdi. Faollar doimo ona tabiat bilan uyg‘un va hamohang bo‘lib, atrof-muhit sofligi va barqarorligini saqlashga intilib keladigan ko‘p millatli xalqimizni, butun el-yurtimizni “Yangi O’zbekiston – yashil makonda birga yashaylik!” degan olijanob g‘oyani qo‘llab-quvvatlashga chaqirishgan.

Murojaatda aytilganidek, ayrim mahallalarda, ko‘cha va guzarlarda bo‘sh turgan, daraxt ekilmagan joylar ham ko‘p. Endigi vazifamiz ushbu joylarni bog‘-rog‘larga aylantirishda mahalla ahlining hamjihatligini kuchaytirish, hudud obodligi va aholi farovonligiga xizmat qiladigan loyihalarni kengaytirishdan iboratdir. Buning uchun har bir mahallada “mahalla bog‘lari”ni yaratish, yashil hududlarni ko‘paytirish, har bir fuqaro shaxsiy namuna sifatida dastlab o‘z xonadoni va ko‘chasini obod qilishi “Yashil makon” umummilliy loyihasiga salmoqli hissa bo‘lib qo‘shilishi shubhasiz.

Milliy qadriyatlarimizga sodiq qolgan holda, oilada farzand dunyoga kelganida unga atab ko‘chat ekish, hashar yo‘li bilan bog‘rog‘lar yaratish, imoratlar atrofini ko‘kalamzorlashtirish kabi ezgu an’analarimizga hamohang tarzda har bir xonadon tomonidan 20 tup ko‘chat ekish va o‘stirish tashabbusi ilgari surilmoqda. “Har bir fuqaroning to‘y va boshqa yaxshi kunlarida nihol ekishni an’anaga aylantirsak, nima deysizlar?! Bu g‘oyat savobli tadbir emasmi?” degan chaqiriqqa befarq qarab bo‘lmaydi, albatta.

Mamlakatimizda 3 milliondan ortiq nuroniylar umrguzaronlik qilmoqda. Ular mahallalarda “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish, ko‘chatlarni namunali ekishni tashkillashtirishda yanada faollik va tashabbus ko‘rsatishlariga ishonamiz. Agar otaxon-u onaxonlarimizning har biri 1 tupdan nihol qadasa, 3 million og‘ochlik ulkan bog‘ barpo bo‘ladi. Ular o‘z yonlariga yana 10 nafar farzand-u nevaralarini olsalar, bu savobli ishga yoshlarni ham sherik qilsalar, 30 million tup ko‘chat ekiladi. Shunday savobli ishlarni davom ettirish uchun har bir xonadon egasi o‘z tomorqasiga, mahalla guzari va ko‘chasiga 10 tupdan ko‘chat eksa, yurtimiz bo‘ylab yana o‘rtacha 55 million daraxt bo‘y cho‘zadi. Bu bog‘lar bir kun kelib shovullagan yashil dengizga aylanishi hech gap emas.

“Yashil makon” umummilliy loyihasini muvaffaqiyatli amalga oshirishda O‘zLiDeP elektorati, jumladan, dehqon va fermerlar, tomorqa yer egalarining o‘rni beqiyos. Yurtimizda bir yarim ming fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari tomonidan 81 milliondan ziyod tut, tok, tol, yong‘oq va boshqa nihollar parvarishlanayotgani murojaatda ham e’tirof etilgan. Fermerlarimiz “Bir dala – bir mahsulot” tamoyili asosida o‘z hududiga tut, tok, terak va boshqa ko‘chatlarni eksa, har bir qarich yerimiz bog‘-rog‘larga aylanadi.

O’lkamizda “Onalar – yashil makon uchun” g‘oyasi keng quloch yozib borayotgani, mahallalarda “Onalar bog‘i” tashkil etilayotgani har birimizni quvontiradi. Bunda 10 mingga yaqin mahalladagi “Oqila ayollar” harakatining ham munosib o‘rni borligi shubhasiz. Ushbu xayrli tadbirlarni xalqimiz orasida keng yoyishda partiyamizning “Ayollar qanoti” faollari ham jonbozlik ko‘rsatishmoqda. Siyosiy kuch safidagi opa-singillarimiz bundan buyon ham xayrli amallarda bardavom bo‘lishiga ishonamiz. Hududlarda “Yoshlar bog‘i”ni tashkil etishda ham O‘zLiDePning navqiron a’zolari peshqadamlar qatorida bo‘lishi turgan gap.

Murojaatda ta’kidlanganidek, daraxt ekish va uni parvarishlashni majburiyat emas, qadriyat sifatida qabul qilaylik! Har birimiz kelajak avlod oldidagi burchimizni chuqur his qilgan holda, “Yashil makon” loyihasini umumxalq milliy harakatiga aylantiraylik! Toki, bizdan farzandlarimizga obod, yashillikka burkangan go‘zal Vatan meros qolsin!

To‘lqin FAYZIYEV,

O‘zLiDeP Toshkent viloyat kengashi raisi

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    145
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+