Jizzaxda kechayotgan ulkan o‘zgarishlar Yangi O’zbekistonni qamrab olgan bunyodkorlik jarayoniga munosib hissa bo‘lib qo‘shilmoqda

09.04.2024, 20:26

Jizzaxda kechayotgan ulkan o‘zgarishlar Yangi O’zbekistonni qamrab olgan bunyodkorlik jarayoniga munosib hissa bo‘lib qo‘shilmoqda

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Jizzax viloyatiga tashrifini nafaqat voha ahli, balki butun mamlakatimiz, chet ellik hamkorlarimiz ham katta hayajon bilan kuzatib borishdi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi.

Boisi, Jizzax viloyati tarixan o‘ta qisqa yetti yil ichida sanoatning yuqori texnologik tarmoqlari, qishloq xo‘jaligi rivojlangan, ko‘plab istiqbolli loyihalar amalga oshirilayotgan, mahallalarda aholi daromadlari oshib borayotgan, eng zamonaviy yangidan yangi korxonalar qurilayotgan, shitob bilan rivojlanayotgan hududga aylandi.

Eng muhimi, bu o‘zgarishlar bugun sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarilib, uzviy davom etmoqda. Xorijlik hamkorlarimizning, ishbilarmonlarning viloyatimizning o‘sib borayotgan iqtisodiy salohiyati katta qiziqish bilan qarayotganliklari ham shundan. Misol uchun, oxirgi besh yilda Jizzax viloyatiga 4 milliard dollardan ortiq investitsiyalar kirib kelgan. 50 trillion so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilib,  861 million dollarlik eksport qilingan. Bu yil viloyatda 2 milliard dollarlik 400 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Ularda 11 mingta yangi ish o‘rni ochiladi.

Tashrif davomida davlatimiz rahbari aynan yangi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi. Xorijiy investor va mahalliy tadbirkorlar 6 milliard  100 million dollarlik 50 ta loyihani amalga oshirishga tayyorligini bildirdilar.

Ahamiyatli tomoni, mazkur loyihalar tog‘-kon, mashinasozlik, elektr texnikasi, kimyo, to‘qimachilik, oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi, tibbiyot va farmatsevtika kabi talab yuqori sohalarni qamrab oladi. Viloyatning iqtisodiy salohiyati oshishi bilan birgalikda, qariyb 20 ming yangi ish o‘rni yaratiladi.

Umuman, Jizzaxda kechayotgan ulkan o‘zgarishlar Yangi O’zbekistonni qamrab olgan ulkan bunyodkorlik jarayonining bir qismi. Prezidentimiz mamlakatimizning qaysi viloyatiga tashrif buyurmasin, yangi-yangi yirik loyihalarni boshlab berayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz.

Bu xayrli an’ana viloyatimizda ham davom ettirildi. Davlatimiz rahbari Jizzax viloyatiga tashrifi chog‘ida sanoat va energetika loyihalarining boshlanishiga bag‘ishlangan marosimda ishtirok etdi.

Ma’lumki, sanoat rivoji barqaror energetikaga bog‘liq. Shu bois bu ikki soha mutanosib rivojlantirilmoqda. Birgina 2023 yilda mamlakatimizda 4 ming 600 ta sanoat korxonalari ishga tushirildi. Sanoat   6 foizga o‘sib, 656 trillion so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarildi. Umumiy quvvati 2,4 gigavatt bo‘lgan 7 ta yirik issiqlik, quyosh va shamol elektr stansiyalari tarmoqqa ulandi. Bundan tashqari, 14 milliard dollarlik xorijiy investitsiyalar hisobiga 12 gigavattli 31 ta elektr stansiyasi barpo etilmoqda. Umuman olganda, muqobil energetikani rivojlantirish hisobiga joriy yilda “yashil” energiyaning generatsiyadagi ulushi 30 foizga yetadi.

Jizzax viloyatida ham bunday loyihalar amalga oshirilmoqda. Ulardan biri – G’allaorol tumanida barpo etiladigan, metallurgiyaga ixtisoslashgan sanoat zonasi. U yerda 500 million dollarlik 7 ta loyiha amalga oshiriladi. Jumladan, armatura, po‘lat sharlar, quvurlar, avtomobil kuzovi va maxsus texnikalar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Hududda bojxona ombori ham bo‘ladi. Jami 5 mingta ish o‘rni yaratiladi.

Ikkinchi loyiha – Forish tumanida Xitoyning “China Poly Group” va “China Electric” kompaniyalari bilan hamkorlikda quriladigan quyosh elektr stansiyasi. 350 million dollarlik ushbu majmua 500 megavatt quvvatga ega bo‘ladi. Unda yiliga 1,1 milliard kilovatt soat “yashil” energiya hosil qilinadi. Bu 450 ming xonadonning energiya ta’minoti yaxshilanadi, degani. Stansiyaning dastlabki 200 megavatt quvvati shu yil yakunida tarmoqqa ulanadi.

Amalga oshirilgan va izchillik bilan davom ettirilayotgan ushbu bunyodkorlik jarayonining samarali bo‘lishi, barchamizdan, ayniqsa, deputatlardan o‘z zimmalariga yuklangan mas’uliyatni chuqur his qilgan holda faollikni oshirishlarini talab qiladi.

Zero, Muborak Ramazon hayiti – Iyd al-Fitr arafasida debochasi boshlab berilgan ushbu majmualar ham Jizzax viloyatining, demakki Yangi O’zbekistonning iqtisodiy salohiyatini yanada oshirishga, hudud aholisini doimiy yuqori haq to‘lanadigan doimiy ish bilan ta’minlashga munosib hissa bo‘lib qo‘shilishi shubhasiz.

 

Erkin XOLMATOV

O’zLiDeP Jizzax viloyat hududiy

partiya tashkiloti raisi

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    47
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+