Yerdan samarali foydalanish - yoshlar bandligi va daromadini oshirishning muhim omilidir

09.04.2024, 17:19

Yerdan samarali foydalanish - yoshlar bandligi va daromadini oshirishning muhim omilidir

Yangilanayotgan O’zbekistonimizda istiqbolimiz egalari bo‘lgan yoshlarning bandligini ta’minlash orqali daromadlarini oshirish, pirovardida turmush farovonligini oshirish “O’zbekiston - 2030” strategiyasi va “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida ham ustuvor vazifa sifatida ko‘rsatib o‘tilgan.  Bugun yosh avlodning o‘z iqtidorlarini namoyish etgan holda baxtli farovon turmush kechirishlariga ko‘maklashish davlatimiz rahbarining diqqat e’tiborida.

 Prezidentimizning joriy yil 5 apreldagi “Yoshlarga yer ajratish orqali ularning daromadlarini oshirish va bandligini ta’minlash, shuningdek yangi yer maydonlarini o‘zlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ana shu g‘amxo‘rlikning yorqin namunasi bo‘ldi desak, yanglishmaymiz. Qarorga ko‘ra, tuman hokimliklari zaxirasidagi 60 ming gektar yer maydoni elektron onlayn auksion savdolariga qo‘yilib, dehqon xo‘jaliklarini tashkil etish uchun yoshlarga ijaraga beriladi. Aniqrog‘i, dehqonchilik, bog‘ yoki chorvachilik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan yoshlarga yerlarni ijaraga olishlari uchun moliyaviy ko‘mak ajratiladi, yetishtirgan mahsulotlarini sotishlari uchun xaridor topishda ham ko‘maklashiladi.  

Endilikda yoshlar yer maydonini ijaraga berish bo‘yicha  “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali dehqonchilik qilish uchun ijaraga yer olishlari va yaxshigina daromad topishlari mumkin. Auksion savdolari “Mahalla yettiligi”ning tavsiyasi bilan shakllantiriladigan ro‘yxatga kiritilgan yoshlar (talabgorlar) o‘rtasida o‘tkaziladi. Yer maydonlarini ijaraga berish bo‘yicha elektron onlayn auksion savdolari g‘oliblari  yer uchastkasi narxini 10 yil muddatga teng ulushlarda foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lashlari mumkin. Dehqonchilik qilmoqchi bo‘lgan yoshlarga mahsulot yetishtirish uchun tijorat banklari tomonidan 7 yil muddatga 100 mln so‘mgacha kredit ajratiladigan bo‘ldi.  “Mahalla yettiligi” ajratiladigan yer maydonini belgilash uchun kafil hamda olingan kreditlardan samarali foydalanilganligiga javobgar hisoblanadi.   

Yerlarni ijaraga olish maqsadida bo‘lgan ayrim yoshlarni dehqonchilik, bog‘dorchilik yoki chorvachilik borasida tajribasi yetarli bo‘lmasligi mumkin. Shuni hisobga olgan holda ular “Agrobank” ATBning “Fermerlar maktabi” “Suvchilar maktabi”, agrar sohada kadarlar tayyorlaydigan OTMlarga va hududlardagi kichik biznesga ko‘maklashish markazlarida tashkil etiladigan o‘quv kurslariga yo‘naltirilib, bilim va malakalari oshiriladi. Shuningdek, ular agrar sohadagi va boshqa oliy ta’lim muassasalari qoshidagi o‘quv-tajriba uchastkalaridagi bog‘ va tokzorlar barpo etish, sabzavot, kartoshka, dukkakli va moliy ekinlar yetishtirish bo‘yicha ko‘rgazmali dala maydonlarida tez-tez bo‘lishib, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini yetishtirish borasidagi amaliy tajribalarini shakllantiradilar va yanada mustahkamlaydilar.

Yoshlar uchun yana bir imtiyoz. Yerdan ziroat undirmoqchi bo‘lganlarga mini-texnika, ypyg‘ va ko‘chat xarid qilish uchun “Yoshlar daftari” jamg‘armasidan 5 million so‘mdan subsidiya, Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasidan 33 mln so‘mgacha kredit ajratiladi. Ularga fermerlar kengashi va Agrobank tomonidan joylarda 167 ta “Agromarkazlar” orqali xususiy sektorni jalb qilgan holda urug‘, ko‘chat yetkazish, mineral o‘g‘it berish, mini texnika va agronom xizmatlari yo‘lga qo‘yilib, yetishtirgan mahsulotini xarid qilish uchun qayta ishlovchilar hamda eksport qiluvchilar biriktiriladi. Ushbu maqsadlar uchun Yoshlar ishlari agentligi jamg‘armasidan 50 milliard so‘mgacha, O’zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi huzuridagi jamg‘armadan 60 milliard so‘mgacha mablag‘ yo‘naltiriladi.

Talabgor yoshlarga sabzavot, kartoshka, poliz ekinlari, gul, ko‘katlar, makkajo‘xori doni, dukkali va moyli ekinlar yetishtirish uchun sug‘oriladigan yerlar, bog‘dorchilik-uzumchilik yo‘nalishlari uchun ko‘p yillik daraxtzorlar yoki samarasiz yer maydonlari, dorivor o‘simliklar yetishtirish, chorvachilik yo‘nalishlari uchun chorva ozuqasi ekinlari yetishtirishga mo‘ljallangan lalmi, bo‘z, yaylov va yangi o‘zlashtirilgan yer maydonlarini 30 yil muddatgacha “Bir massiv-bir mahsulot” tamoyili asosida ijara olishga ruxsat beriladi.  Viloyat hokimliklari ijaraga berilgan  yerlarni suv bilan ta’minlash uchun quduq qazish, sug‘orish tarmoqlarini tiklash, elektr energiyasi tortish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish borasida ijarachi yoshlarga ko‘makdosh bo‘ladi.  Shuningdek, O’zbekiston Respublikasi Soliq Kodeksining 428-moddasiga muvofiq, tomchilatib sug‘orish texnologiyalari joriy etilgan hamda qishloq xo‘jaligi maqsadlari uchun yangi o‘zlashtirilgan yerlar besh yil muddatga yer solig‘idan ozod etiladi.  

Ahamiyatli tomoni shundaki, elektron auksion savdolari orqali ijaraga yer olgan yoshlar  o‘zlari turgan daftarlardan chiqarilmaydi hamda ular uchun qonunchilikda belgilangan barcha imtiyoz va preferensiyalar foydalanish huquqini saqlab qolishadi. Yoshlarning yerlardan samarali foydalanayotganligi, ekin turlari va olinayotgan samaralar Yoshlar ishlari agentligining “Yosh fermerlar” platformasi orqali nazorat qilib boriladi.    

Bir so‘z bilan aytganda, mazkur qaror bilan bugungi yigit-qizlarimiz qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishdan sotishgacha bo‘lgan zanjirni qamrab oluvchi yangi tizim orqali qo‘llab-quvvatlanib, bandligi ta’minlanadi va turmush farovonligini oshiriladi.  Pirovardida, ular tomonidan yetishtirilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari xalqimiz dasturxonini to‘kisligiga xizmat qiladi.

Aktam XAITOV,

 O’zLiDeP Siyosiy Kengashi  Ijroiya qo‘mitasi raisi,

O’zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari

 va tomorqa yer egalari kengashi raisi

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    31
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+