Strategik sheriklik va ittifoqchilikni mustahkamlash yo‘lida

08.04.2024, 10:17

Strategik sheriklik va ittifoqchilikni mustahkamlash yo‘lida

O‘zbekiston Markaziy Osiyo mamlakatlari, xususan Qozog‘iston bilan o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilikka asoslangan munosabatlarni rivojlantirish yo‘lidan bormoqda. Xalqlarimiz qadimdan yaqin qardosh xalqlar sifatida ko‘p qirrali hamkorlikning barcha masalalari bo‘yicha bir-birini tushungan va qo‘llab-quvvatlab kelgan. Bugun O‘zbekiston va Qozog‘iston yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik sifatida taraqqiyot va barqarorlik yo‘lidan yelkama-yelka borishmoqda. Qolversa, mamlakatlarimizning taqdiri yakdil va kelajagi mushtarakdir.

Xususan, so‘nggi yillarda hamkorlikning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha  sezilarli yutuqlarga erishildi. Ikki mamlakat hukumatlari, vazirliklari va idoralari hamda hududlari o‘tasida yuksak darajadagi aloqalar muntazam asosda amalga oshirilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev tashrif bilan mamlakatimizda bo‘ldi. Qadimiy Xiva shahrida bo‘lib o‘tgan muzokaralarda O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yana-da mustahkamlash hamda ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi. O‘zaro tovar ayirboshlash hajmini ko‘paytirish, iqtisodiyotning muhim tarmoqlarida kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish, transport va energetika sohalarida infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish, gumanitar dasturlarni faollashtirishga alohida eʼtibor qaratildi. Kooperatsiya loyihalarini jadallashtirish, ilgari oliy darajada erishilgan kelishuvlarga muvofiq investitsiya bitimlari va savdo shartnomalarini amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Shuningdek, davlat rahbarlari mashinasozlik, energetika, transport va logistika, konchilik, to‘qimachilik, oziq-ovqat sanoati va boshqa tarmoqlardagi qo‘shma loyihalarni ilgari surish yuzasidan Bosh vazirlar o‘rinbosarlari, Hukumatlararo komissiya huzuridagi ishchi guruhlar hamraislarining hisobotlarini tingladilar.

Prezidentlar tovar ayirboshlashni ko‘paytirish, sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha uzoq muddatli dasturni shakllantirish hamda transport va energetikada infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha aniq topshiriq berdilar.

Shu nuqtai nazardan, joriy yilda Sanoat kooperatsiyasi xalqaro markazini tashkil etish bo‘yicha amaliy ishlarni boshlash, qo‘shma tashqi savdo kompaniyasi faoliyatini kengaytirish muhimligini taʼkidlaymiz.

Shu bilan birga, uchrashuvda gumanitar va turizm aloqalarini rivojlantirish, yoshlar ishtirokida madaniyat, taʼlim va sport sohalarida qo‘shma tadbirlar o‘tkazish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar, shu jumladan suv resurslaridan oqilona foydalanish, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvi doirasidagi hamkorlikni kengaytirish hamda Afg‘onistondagi vaziyatning rivojlanishi yuzasidan fikr almashildi.

 Xususan, O‘zbekiston va Qozog‘iston prezidentlari ikki davlat temiryo‘l maʼmuriyatlari o‘rtasida qo‘shma korxona tashkil etish tashabbusini qo‘llab-quvvatladi. Qo‘shma korxona Transafg‘on yo‘nalishini rivojlantirishda ishtirok etadi.

Muzokaralar Xitoy-Qozog‘iston-O‘zbekiston yo‘nalishi bo‘yicha yuk tashishni tashkil etish uchun Qozog‘iston-Xitoy chegarasi va O‘zbekistonda o‘zaro manfaatli asosda yuk terminallarini taqdim etish haqida bordi. Bizningcha, bu loyiha o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini ko‘paytirish, tashilayotgan yuklar hajmini oshirish, shuningdek, janubiy yo‘nalishda yuk tashish hajmini o‘stirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga xizmat qiladi.

Umuman olganda, Qozog‘iston O‘zbekistonning eng yaqin va ishonchli  sherigi hisoblanadi. Ushbu muzokaralar O‘zbekiston-Qozog‘iston strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari rivojiga yangi kuch surʼat bag‘ishlashiga ishonch bildiramiz.

Aktam XAITOV,

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    33
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+