Jizzaxda tomorqalarni ishga solish bo‘yicha 309 ta mahallaga lider tadbirkor – eksportchilar biriktirilishi belgilandi

09.04.2024, 20:28

Jizzaxda tomorqalarni ishga solish bo‘yicha 309 ta mahallaga lider tadbirkor – eksportchilar biriktirilishi belgilandi

O’zini o‘zi boshqarishning noyob tizimi hisoblangan mahalla jamiyatimizning eng muhim va tayanch bo‘g‘ini hisoblanadi. Aynan, mahalla-ko‘y, qo‘ni-qo‘shnilar quvonchli va tashvishli damlarda, yaxshi-yomon kunlarda bir birlariga yelkadosh, hammaslak, hamdard bo‘ladilar. So‘nggi yillarda mazkur tizimning nufuzini oshirish, huquq va vakolatlarini kengaytirish, moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlash borasida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.

Barcha soha va yo‘nalishlar bo‘yicha “mahallabay” ishlash tizimi keng joriy etilib, mahalla raisi, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi hamda profilaktika inspektoridan iborat ta’sirchan tuzilma faoliyati yo‘lga qo‘yilgani ijobiy samarasini bera boshladi.

Ayni paytda Jizzax viloyatida 309 mahalla mavjud. Ushbu mahallalarning barchasida obodonchilik, bunyodkorlik jarayonlari qizg‘in davom etmoqda. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida millionlab ko‘chatlar ekilmoqda. shuningdek, tadbirkorlikni, tomorqachilikni rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda.

Prezidentimiz Jizzax viloyatiga tashrifi davomida Sharof Rashidov tumanidagi Tuyoqli mahallasida ham bo‘lib, u yerda istiqomat qilayotgan aholi turmush sharoiti, fikru o‘ylari va amalga oshirayotgan faoliyatlari bilan yaqindan tanishdi.

Ma’lumki, yurtimizda mahallalardagi imkoniyatlarni ishga solib, aholi bandligini ta’minlash bugun davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Bunda eng qulay va hammabop imkoniyatlardan biri tomorqadan foydalanishdir.

Tomorqadan unumli foydalanadigan omilkorlik Tuyoqli mahallasida ham ko‘plab topiladi. Mavjud 678 ta xonadonning deyarli hammasida tomorqa bor. Ularning jami maydoni 36 gektar. Mevali daraxtlar, tok va sabzavotlar yaxshi hosil beradi. 314 ta xonadondagi issiqxonalarda poliz ekinlari va gul ko‘chatlari yetishtiriladi.

Davlatimiz rahbari shu yerlik Abdumo‘min Karimov xonadonini kirib ko‘rdi.

Uyning tomorqasi 12 sotix, shundan 7 sotixida issiqxona barpo etilgan. Bundan tashqari, chorva, tovuq, asalari boqiladi. Xonadon egasi ro‘zg‘orbop ekinlar yetishtirib, yiliga 200 million so‘mdan ziyod daromad olayotganini so‘zlab berdi.

Prezident shu yerda «mahalla yettiligi» bilan suhbatlashdi. Joylardagi imkoniyatlarni to‘liq ishga solish orqali oilalarning daromadini, xarid qobiliyatini oshirish haqida so‘z yuritildi. Bu ularning hayot sifatida, salomatligida, farzandlari kamolida aks etib, jamiyat rivojiga hissa bo‘lib qo‘shilishi ta’kidlandi.

Davlatimiz rahbari bu boradagi dolzarb vazifalarni ham belgilab berdi. Tomorqalarni ishga solish bo‘yicha 309ta mahallaga “Lider” tadbirkor – eksportchilar biriktirilishi belgilandi. Lider tadbirkor – eksportchi uchun har bir mahalla ixtisoslashuvidan kelib chiqib tomorqada 50 million so‘m daromad qiladigan moliyaviy xizmat paketi ishlab chiqiladi. Bu borada banklar lider tadbirkorlarga aylanma uchun 3 yil muddatga 1,5 milliard so‘mgacha kreditlar ajratadi, budjet hisobidan agronom jalb qilish, o‘qitish, mahallada yig‘ish, saqlash va quritish punktlarini tashkil qilish uchun 1 milliard so‘mgacha grantlar beradi, xonadonlarga “Oilaviy tadbirkorlik” dasturidan 33 million so‘mdan, “Biznesga birinchi qadam” dasturidan 17 million so‘mdan kredit ajratadi.

Kam hosil berayotgan yerlar 50-100 gektardan yirik lot shaklida, qolgani 1-5 gektardan lotlarga bo‘linib, meva-sabzavot ekadiganlarga taklif qilinadi.

Yirik maydonda mahsulot ekadiganlar qolgan kichik maydon egalarini ham shu yo‘nalishga tortadi.

Shular hisobiga viloyatda meva-sabzavot yetishtirish hajmi ikki yilda 3 million tonnaga, keyinchalik 5 million tonnaga olib chiqilishi reja qilingan. Bu mos ravishda qayta ishlash va eksportni ham 2-3 barobar oshirishga zamin bo‘ladi.

Davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan vazifalar ijrosi nafaqat soha mutasaddilari, balki barchani, ayniqsa, deputatlar va partiya faollari zimmasiga ulkan mas’uliyat yuklab, yangi vazifalarni qo‘yadi.

Zero, serdaromad soha – tomorqachilikni rivojlantirishda joylarda yuzaga kelayotgan muammolarni partiyaviy vositalar bilan bartaraf etish, sohaga oid qonun va qonunosti hujjatlari ijrosini ta’minlashni deputatlik va jamoatchilik nazoratiga olish, mahallani tom ma’noda gullab-yashnagan, huquqbuzarlikdan holi, tadbirkorlik rivojlangan, aholi bandligi ta’minlangan, sog‘lom turmush tarzi qaror topgan, millatlararo totuvlik hukm surayotgan, odamlar bugungi o‘tayotgan kunlaridan rozi bo‘lib, farzandlari kelajagiga ham ishonch bilan qaraydigan maskanga aylantirish barchamizdan faollikni, qo‘lni qo‘lga berib harakat qilishni talab qiladi. Zero, Prezidentimiz so‘zlari bilan aytganda “Yangi O’zbekistonni barpo etishda biz uchun eng muhim va asosiy poydevor bu – xalq ovozi, xalq fikri ustuvor bo‘lgan mahalladir”.

 Sherzod MAMATQULOV

O’zLiDeP Jizzax viloyat hududiy

partiya tashkiloti apparat rahbari

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    60
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+