O’zbekiston va Qozog‘iston hamkorligi yangi bosqichga chiqmoqda

09.04.2024, 17:27

O’zbekiston va Qozog‘iston hamkorligi yangi bosqichga chiqmoqda

O’zbek va qozoq xalqlarining o‘tmishi va buguni mustahkam aloqalar bilan uzviy bog‘liq. Azaldan yaqin qo‘shni sifatida tinch-totuv, ahil-inoq yashab kelayotgan ikki xalqning tarixi, tili, urf-odat, an’ana va qadriyatlari ham o‘xshash.

Ikki davlat o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar 1992 yil 23 noyabr kuni o‘rnatilgan. 1998 yilda Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnoma imzolandi. 2013 yil iyun oyida Strategik sheriklik to‘g‘risidagi bitim imzolanishi bilan davlatlar o‘rtasidagi munosabatlar darajasi yanada oshdi.

Keyingi yillarda ikki davlat o‘rtasida do‘stona qo‘shnichilik va strategik hamkorlik tili, dini, urf-odati, adabiyoti, madaniyatlari mushtarakligiga tayangan holda izchil ravnaq topmoqda. O’zaro yaqin aloqalar, ochiq muloqot bugungi global dunyoda yangi ko‘rinishlarda namoyon bo‘lyapti.

Ikki davlatni ko‘plab o‘zaro manfaatlar bog‘lab turadi. Xalqaro siyosiy masalalarda ham ular bir-birini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Mamlakatlarimiz ikki tomonlama va Birlashgan Millatlar Tashkiloti, YeXHT, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Islom hamkorlik tashkiloti, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi kabi qator nufuzli tuzilmalar doirasida samarali hamkorlik qilmoqda.

O’zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi parlamentlararo muloqot ham ancha faollashdi. Tomonlar qonun ijodkorligi, jumladan, xalqaro parlament tuzilmalari doirasidagi tajribalarni o‘rganish maqsadida muntazam ravishda delegatsiyalarning o‘zaro tashriflarini amalga oshirmoqda.

Bugungi kunda O’zbekistonda 800 ming ortiq qozoq millatiga mansub yurtdoshlarimiz istiqomat qiladi. Qozog‘istondagi o‘zbeklar jamoasi esa 600 mingdan ortiq kishini tashkil etadi. Ular ikki davlat ravnaqi va gullab-yashnashiga, xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va qardoshlik rishtalarini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Ikki davlat Prezidentlarining siyosiy irodasi va uzoqni ko‘zlab amalga oshirayotgan oqilona siyosati natijasida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlari yangi bosqichga ko‘tarildi. Barcha sohalarda katta muvaffaqiyatlarga erishilib, keng ko‘lamli hamkorlik jadal sur’at bilan rivojlanib bormoqda.

Ayniqsa, keyingi olti-etti yilda ushbu davlatlar o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarilib, tarixiy natijalarga erishildi. Xususan, siyosiy muloqot faollashdi, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalar kengaytirildi, faol hududlararo hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.

Xususan, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish, iqtisodiyotning asosiy tarmoqlarida kooperatsiya aloqalarini yanada mustahkamlash, transport va energetika sohasidagi infratuzilma loyihalarini amaliy ro‘yobga chiqarish, gumanitar almashinuv dasturlarini faollashtirish va turizmni rivojlantirish bo‘yicha oliy darajadagi muzokaralar davomida ko‘tarilgan dolzarb masalalar diqqatga sazovor.

Ikki mamlakat iqtisodiyotining rivojlanishi investitsiyaviy, transport-logistika va savdo sohalarida hamkorlik qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratmoqda. 2023 yil yakunlariga ko‘ra, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 4,4 milliard dollarga yetdi.

O’zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik ikki tomonlama munosabatlar o‘sish va rivojlanish sur’atining eng yaxshi ob’ektiv ko‘rsatkichidir. 2016-2023 yillarda davlatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash ikki baravardan ko‘proq — 1,8 milliard dollardan 4,1 milliard AQSh dollariga oshgan.

Davlatimiz rahbarining taklifiga binoan Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayevning shu yil 5 aprel kuni mamlakatimizga tashrifi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatni har tomonlama yuksak darajaga olib chiqish, ikki tomonlama aloqani har jihatdan rivojlantirishga zamin yaratishi, shubhasiz.

Zero, ushbu tashrif ikki davlat va qardosh xalqlar o‘rtasidagi vaqt sinovidan o‘tgan yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarining yana bir yorqin ifodasidir. Sababi tashrif doirasida O’zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash, har tomonlama amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Ishonchim komilki, mazkur tashrif davomida erishilgan kelishuvlar O’zbekiston — Qozog‘iston strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash, ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilish bilan birga, o‘zaro hamkorlik aloqalarini butunlay yangi bosqichga olib chiqadi.

Odinaxon OTAXONOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

 

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    43
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+