U kunlarni unutib bo‘ladimi?

26.10.2023, 16:53

U kunlarni unutib bo‘ladimi?

Har gal ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlarda hayotning achchiq-chuchugini totigan keksa, duogo‘y insonlarning ibratli umr yo‘llari, havas qilsa arzigulik halol mehnati faoliyati haqidagi chiqishlar bilan tanishganimda qalbimda beixtiyor shukronalik tuyg‘ulari jo‘sh uradi. Nega desangiz, faxriylar, boy tajribaga ega yurtdoshlarimiz orasida mustaqillikning ikkinchi o‘n yilligida mamlakatimiz siyosiy maydoniga dadil qadam, xalqchil tashabbus va g‘oyalar bilan kirib kelgan Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasini tuzish, tashkil etishda fidoyilik ko‘rsatgan insonlar bizning viloyatimizda ham juda ko‘p.

Hozir ham ko‘z oldimda turibdi: O‘zLiDePning 2003 yilda o‘tkazilgan ta’sis s’ezdida buxorolik faollardan Mansur Zokirov, Farmon Aminov, Ra’no Rahimova, Baxshullo Jumayev, Orif Qodirov, Zamira Jo‘rayeva bilan birga qatnashganmiz. Tarixiy anjumanda yurtimizning turli burchaklaridan kelgan necha yuzlab maslakdoshlarimiz bilan bamaslahat holda fikrlashganmiz, hayotiy takliflarimizni yuksak minbarda turib dadil aytganmiz. Avvalo, yurtimizning iqtisodiy taraqqiy etishi, xalqimiz farovonligi yo‘lida xayrli ishlarni amalga oshirayotgan tadbirkorlarimizning huquq va manfaatlarini himoya qilishdek mas’uliyatli vazifalarni zimmasiga olishga chog‘langan qaldirg‘och siyosiy kuchning ilk a’zolari ekanligimizdan faxrlanganmiz.

Qarangki, oradan yigirma yoshli olovqalb, navqiron yigitning umrichalik yillar o‘tyapti. Demak, bizlar mansub bo‘lgan bu partiya ham ayni kuch-quvvat, qudratga to‘lgan pallaga yetdi. Shu davr oralig‘ida O‘zLiDePdan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy kengashlarga saylangan xalq vakillari – deputatlarimiz tashabbusi bilan xalqimiz va mamlakatimiz taqdiri, istiqboliga oid qanchalab qonun loyihalari ishlab chiqildi, davlatimiz rahbari va hukumatimiz tomonidan qabul qilingan farmon va qarorlar ijrosini ta’minlash borasidagi ibratli sa’y-harakatlar va samarador yutuqlarni quvonch bilan sanab o‘tish lozim.

Tabiiyki, birinchi safdagilarga har doim oson bo‘lmagan. Demoqchimanki, dastlab biz ham endi atak-chechak bo‘layotgan siyosiy harakatning shakllanishi, a’zolarni jalb etish, tashkiliy ishlarni uyushtirish orqali jamoatchilik o‘rtasida keng targ‘ibot olib borganmiz. Lekin biror kishi qiynalyapmiz deb nolimagan. Shukrki, hammasi ortda qoldi. Va bugun faxr bilan ayta olamizki, elektoratimiz vakillari bizdan hamisha rozi.

Bugungi kunda partiyaning Buxoro viloyati kengashi huzuridagi 14 nafar nuroniylardan iborat faxriylar kengashi a’zolari barcha ishlarda boshqalarga ibrat namunasini ko‘rsatishyapti. Masalan, mamlakatimizda “Bir nuroniy – 10 yoshga mas’ul” tamoyilini keng tatbiq va tashviq etish, shuningdek, yurtimizda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan boshlangan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi ishlarni tashkillashtirishda faol bo‘lishga intilishyapti. Va viloyatimizning barcha hududlarida partiyaviy loyihalarni amalga oshirishda ham faol va qolaversa, yaqin maslahatgo‘y sifatida faoliyat olib borishga harakat qilyapmiz.

Men ham sevimli gazetamiz tomonidan qadrdon partiyamizning yigirma yillik ayyomiga bag‘ishlab tayyorlanayotgan o‘qishli maqolalar, unutilmas xotiralardan ruhlangan holda, barcha yurtdoshlarimizni ushbu bayramni munosib nishonlashga da’vat etaman!

Behbud JUMAYEV,

O‘zLiDeP Buxoro viloyat kengashi huzuridagi Faxriylar kengashi raisi,

“El-yurt hurmati” hamda “Do‘stlik” ordenlari sohibi

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    113
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+