Buxoroda huquqbuzarliklarning oldini olish borasida ko‘rilgan chora-tadbirlar tahlil qilindi

26.10.2023, 17:01

Buxoroda huquqbuzarliklarning oldini olish borasida ko‘rilgan chora-tadbirlar tahlil qilindi

O’zLiDeP Buxoro viloyat Kengashida Xalq deputatlari viloyat Kengashi huzuridagi Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha doimiy komissiyaning navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Doimiy komissiya yig‘ilishida viloyatda 2023 yilning 9 oyi davomida huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktikasini ta’minlash hamda jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlarning holati to‘g‘risida viloyat IIB tashkiliy boshqarma boshlig‘i Azim Bozorovning axboroti tinglandi.

Ta’kidlanganidek, Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2023 yil 10-11 avgust kunlari Buxoro viloyatiga tashrifi davomida jinoyatchilikni mahallabay jilovlash, mahallalarda “xavfsiz muhit”ni yaratish borasida berilgan topshiriqlar ijrosini samarali tashkil etish bo‘yicha viloyatda muayyan ishlar amalga oshirilgan.

Jumladan, kriminogen vaziyati og‘ir bo‘lgan Buxoro shahar, G’ijduvon va Buxoro tumanlarida kompleks tadbirlar o‘tkazilib, yil yakuniga qadar vaziyatni o‘nglash hamda jinoyatchilikni jilovlash bo‘yicha manzilli profilaktik tadbirlar olib borish ko‘zda tutilgan.

Bunday tadbirlar doirasida yillar davomida kriminogen vaziyati og‘ir bo‘lib kelgan Buxoro shahrining “Razzoq Hamroyev” mahallasi tajriba sifatida tanlab olinib, “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida ishlar tashkil etilgan. Mahalla hududi 320 mln. so‘m mablag‘ evaziga kameralashtirilib,  8 ta savdo nuqtalari va 37 ta aholi xonadonlari qo‘riqlov pultiga ulangan hamda aholi o‘rtasida targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilgan. Amalga oshirilgan profilaktik tadbirlar natijasida ushbu mahalla hududida birorta ham jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmagan.

Jinoyatchilikni jilovlash borasida amalga oshirilayotgan tadbirlar natijasida joriy yilning 9 oyida sodir etilgan jinoyatlarning 100  ming aholi soniga nisbati o‘rtacha 173 tadan to‘g‘ri kelib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 2,1 taga kamaygan.

Ro‘yxatga olingan jami jinoyatlarning 2197 tasi yoki 63,1 foizini oldi olinishi mumkin bo‘lgan jinoyatlar tashkil etib, ushbu turdagi jinoyatlar ham o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 110 taga yoki 4,7 foizga kamaygan.

Umumta’lim maktablari hamda mahalla fuqarolar yig‘inlarida voyaga yetmagan va yoshlar tomonidan jinoyat va huquqbuzarlik sodir etilishining, yoxud ularning jinoyat yoki huquqbuzarlik qurboniga aylanib qolishining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar tasdiqlanib, bu borada amaliy ishlar olib borilgan.

Xotin-qizlar orasida huquqbuzarliklarining oldini olish maqsadida ichki ishlar idoralari, sog‘liqni saqlash va boshqa idoralarning hisobida turgan 3 592 nafar xotin-qizlarning holati o‘rganilib, 2 960 nafarining muammolari mutasaddi idoralar tomonidan ijobiy hal etilgan. Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan 1 756 nafar xotin-qizlarga himoya orderlari berilgan.

Viloyatda joriy yilning 9 oy yakunida 544 ta mahallalarning 36,6 foizida jinoyatlar sodir etilmagan, 37,9 foizida jinoyatlar kamayishiga erishilgan.

Yig‘ilishda doimiy komissiya a’zolari tomonidan kun tartibidagi masala yuzasidan fikr-mulohaza va takliflar bildirildi. Majlis yakunida muhokama qilingan masalaga doir tegishli qaror qabul qilindi.

  • Ko'rildi
    66
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+