Deputatlik guruhlari faoliyati tahlil etildi

27.10.2023, 16:47

Deputatlik guruhlari faoliyati tahlil etildi

O’zLiDeP Qashqadaryo viloyat Kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlaridagi partiya deputatlik guruhlari faoliyati tahlil etildi. Yig‘ilishda joriy yilning o‘tgan to‘qqiz oyi mobaynida deputatlarning saylovchilar murojaatlari asosida, ularni qiynab kelayotgan muammolarni bartaraf etish yuzasidan amalga oshirgan ishlariga tahlil qilindi.

Bugungi kunda 20 nafar viloyat kengashi, 144 nafar tuman, shahar kengashlari deputatlari faoliyat olib bormoqdalar. O’tgan to‘qqiz oy mobaynida 153 ta guruh yig‘ilishlari o‘tkazilgan. 385 ta so‘rovnomalar yuborilib, aksariyatiga javoblar olingan. Viloyat, tuman, shahar kengashlari sessiyasiga 77 masala kiritilgan.

Yig‘ilishda deputatlar faoliyatiga tanqidiy baho berilib, berilgan vakolatlaridan unumli foydalanish, aholi bilan bevosita muloqotda bo‘lishligi, partiyaviy topshiriqlarni o‘z vaqtida bajarish lozimligi aytib o‘tildi. 

 Partiya viloyat Kengashi raisi, xalq deputatlari viloyat kengashi deputati Shuhrat Aslanov “O’zbekiston-2030” strategiyasini amalga oshirish va uning maqsadli ko‘rsatkichlariga erishish barcha davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida eng ustuvor vazifaga aylanganini, uning doirasidagi islohotlar bo‘yicha tadbirlar aholi tomonidan bildirilgan tashabbus va fikrlar asosida sifatli olib borilishi lozimligi, belgilangan beshta asosiy g‘oyalarni amalda tatbiq etishda, ayniqsa, deputatlar faollik ko‘rsatishlari zarurligini alohida qayd etdi. 

Yig‘ilishda viloyat kengashining 2023 yil yakunigacha va 2024 yilning birinchi yarim yilligiga mo‘ljallangan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish borasidagi vazifalar ham atroflicha muhokama qilindi. Samarali faoliyat olib bormayotgan deputatlik guruhlari ishini jonlantirish, har bir deputat berilgan topshiriqlar ijrosini bajarishda sidqidildan mehnat qilishi, aholi muammolarini bartaraf etish uchun aniq, tizimli ish tashkil qilishi, islohotlar bardavomligi uchun mas’uliyatni zimmasiga olgan siyosiy kuch deputati ekanligini doimo his etib yashashi zarurligi aytib o‘tildi.

  • Ko'rildi
    70
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+