Qishloq xo‘jaligi rivojiga katta xissa qo‘shayotgan olima ayollar rag‘batlantirildi

13.12.2023, 18:05

Qishloq xo‘jaligi rivojiga katta xissa qo‘shayotgan olima ayollar rag‘batlantirildi

O’zLiDeP Toshkent viloyat Kengashi Ayollarning siyosiy faolligi, jamiyatdagi o‘rni va mavqeini oshirish bo‘limi, Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot institutining Xotin-qizlar Kengashi va Olima uyushmasi, O’zbekiston xotin- qizlar “OLIMA” uyushmasi, O’zbekiston “Agrar soha ayollari” uyushmalari o‘zaro hamkorligida tadbir tashkil qilindi.

Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot institutida “Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni” munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Dilbar Usmonova, Barnoxon Mirzamovalar, institutning Xotin-qizlar kengashi va Olima uyushmasi, institutning olima ayollari hamda partiya faollari ishtirok etishdi.

 Tadbirda so‘z olgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Dilbar Usmonova hamda Barnoxon Mirzamovalar bugun yurtimizda qishloq xo‘jaligi, xotin-qizlarning mamlakat ilmiy hayotidagi, jamiyat va davlat boshqaruvida tutgan o‘rni va mavqeini yuksaltirish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgani xususida fikr yuritishdi. Xususan, olima ayollarning ilmiy izlanishlari yo‘lidagi sun’iy to‘siqlar olib tashlanib, ularning har jihatdan, ayniqsa, moddiy, ma’naviy qo‘llab-quvvatlanayotgani natijasida tadqiqotchi xotin-qizlar saflari tobora ortayotganini  alohida e’tirof etishdi.

Yurtimizda agrar soha rivoji yo‘lida olib borilayotgan tub islohotlarda olima ayollarning o‘z munosib ulushi borligini alqashdi.

Yangi O’zbekistonning qudratli qishloq xo‘jaligini barpo etishda ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borayotgan, dalalarda mehnat qilayotgan xotin-qizlarning tutgan o‘rnini hech bir o‘lchov bilan baholab bo‘lmasligini alohida ta’kidlashdi.

O’zLiDePning bu boradagi sa’y-harakatlarini yuksak baholasharkan, partiya Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Xayitovning qishloq xo‘jaligi ilm-fani sohasida salmoqli ilmiy izlanishlar olib borayotgan,  qator yutuqlarni qo‘lga kiritayotgan olima ayollarga yuborgan bayram tabrigi va tashakkurnomasini yetkazishdi. 

Shuningdek, tadbir doirasida Respublika oliy o‘quv yurtlarida, Fanlar Akademiya ilmiy tekshirish institutlarida hamda Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi tasarrufidagi ilmiy-tadqiqot institutlaridagi talaba, magistr va doktorantlar, samarali mehnat qilayotgan yosh olimalar orasidan innovatsion texnologiyalardan unumli foydalanib, samarali natijalarga erishayotgan, ilg‘or, tashabbuskor, ijodkor, fidoiy, olimalar ishtirokida “OLTIN KUZ” ko‘rik-tanlovi ham tashkillashtirildi.

Tanlovning asosiy qismida odil hakamlar tomonidan Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuniga” bag‘ishlangan “OLTIN KUZ” medali ko‘rik-tanlovida ishtirok etayotgan “olima ayollarning so‘nggi uch yil davomida olib borgan loyihalari ilmiy natijalarini yaqindan xolisona o‘rganib chiqildi.

Yurtimiz qishloq xo‘jaligi ilm-fani rivoji yo‘lida samarali mehnat qilayotgan olima ayollar orasidan ilg‘or, tashabbuskor, ijodkor, fidoiy, innovatsion texnologiyalardan unumli foydalanib, samarali natijalarga erishayotgan tadqiqotchi xotin-qizlar orasidan eng munosiblari saralandi.

Ko‘rik-tanlov g‘olibalari “OLTIN KUZ” medali, partiya va tashkilotchilarning diplom, faxriy yorliq, tashakkurnoma, esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.

Zuxro Mirzohamdamova,

O’zLiDeP Toshkent viloyat kengashi bo‘lim mudiri

  • Ko'rildi
    516
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+