O’zLiDeP faoli buxorolik talaba qizlarga biznesda erishgan yutuqlari bilan o‘rtoqlashdi

14.12.2023, 12:37

O’zLiDeP faoli buxorolik talaba qizlarga biznesda erishgan yutuqlari bilan o‘rtoqlashdi

O`zLiDePdek yetakchi siyosiy tuzilmaning hayotbaxsh g‘oya va maqsadlarini amalga oshirishga astoydil bel bog‘lagan maslakdoshlarimizdan biri Buxoro shahridagi “Zamin Madad tayyorlov savdo” MChJ ga rahbarlik qilib kelayotgan Mamlakat Sodiqovadir. Partiya viloyat va Buxoro shahar Kengashlari sa’y-harakatlari bilan o‘tkazib kelinayotgan turli tadbirlarda ushbu korxonaning ishlab chiqarish faoliyati bilan bog‘liq yutuq va muvaffaqiyatlari, aniqrog‘i yangi innovatsion loyihalari keng targ‘ib qilib kelinmoqda.

Ma’lumki, O’zbekiston-2030” strategiyasining 25-maqsadida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini kuchaytirish, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy faolligini oshirish va gender tenglikni ta’minlash belgilangan.

Bu borada O`zLiDeP faoli Mamlakat Sodiqova tomonidan yoshlar hamda xotin-qizlarni tadbirkorlikka keng jalb qilish, xususan, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, “ustoz-shogird” an’analari asosida hunarmandchilik bilan shug‘ullanishni targ‘ib etish ustuvorlik kasb etmoqda. Birgina joriy 2023 yil davomida M.Sodiqova boshchiligida “ustoz –shogird” yo‘nalishida turli kasb-hunarni yoshlarga o‘rgatishga qaratilgan 2 mingdan ziyod nazariy va amaliy mashg‘ulotlar, seminar-treninglar o‘tkazilib, tinglovchi ayol va talaba–qizlardan 350 nafari tadbirkorlikning o‘zlari tanlagan sohalari bo‘yicha mustaqil ravishda faoliyatlarini boshlab yuborganlar. Hunarmandchilik, rassomchilik yo‘nalishlari boshqa yo‘nalishlarga qaraganda ustunlik kasb etmoqda. 

Tadbirkor ayol M.Sodiqovaning ayniqsa, oliy ta’lim muassasalari talaba-yoshlari bilan keyingi paytda o‘tkazib kelayotgan yuzma-yuz muloqot va samimiy uchrashuvlari ham o‘z amaliy natijasini berib turibdi.

Yaqinda ana shunday uchrashuvlardan biri O`zLiDeP Buxoro shahar Kengashi hamda Buxoro davlat pedagogika instituti hamkorligida tashkil etildi. Unda partiya faollari, mahalliy Kengash deputatlari, institut professor-o‘qituvchilari hamda talaba-yoshlari ishtirok etdi.

Tadbirda so‘z olgan O`zLiDeP Buxoro shahar Kengashi raisining ayollar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, tajribali tadbirkor ayol M.Sodiqova o‘z tanlagan sohasida dastlabki paytlarda duch kelgan qiyinchiliklari, mavjud muammolar va ularning yechimini izlab topish borasida sa’y-harakatlari zoye ketmagani, bugungi kunda kelib barcha intilish va aniq maqsadlari o‘z kutilgan amaliy natijasini berayotganini tilga olib o‘tdi. Biror - bir muvaffaqiyatga mashaqqatli mehnat, bilim yoki boy tajribasiz erishib bo‘lmasligini ta’kidladi.

M.Sodiqova uchrashuv ishtirokchilarini o‘zining qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini quritish va saqlashga yo‘naltirgan tadbirkorlik faoliyati bilan yaqindan tanishdirdi.

Tajribali tadbirkor ayol bilan o‘tkazilgan uchrashuv talaba-yoshlarning sohaga bo‘lgan qiziqishlarini yanada kuchaytirdi.

  • Ko'rildi
    88
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+