Ochiqlik va oshkoralik davr talabi

27.12.2023, 10:52

Ochiqlik va oshkoralik davr talabi

Xalq deputatlari Kogon tuman Kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlik guruhi a’zolari, shuningdek, hududdagi korxona va tashkilotlar rahbarlarining kadrlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari ishtirok etdilar. Yig‘ilishni deputatlik guruhi rahbari Shomurod Bo‘ronov olib bordi.

Yig‘ilishda davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta’minlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qilingan ishlar muhokama qilindi. Bu haqda tuman hokimligi apparati tashkiliy-nazorat bo‘lim boshlig‘i Jamshid Sanoyevning hisoboti tinglandi.

Ta’kidlanganidek, 2021 yil 1 maydan boshlab Prezidentizning ushbu Farmonlariga muvofiq davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari hamda ularning idoraviy va hududiy bo‘linmalari boshqaruv xodimlarining soni 15 foizgacha maqbullashtirilib, ularning yangilangan cheklangan soni doirasidagi ishlar tumanda ham uyushqoqlik bilan tashkil qilindi. Ya’ni, tuman hokimligida so‘nggi 2 yil davomida 20 ta bo‘sh vakant lavozimlar bo‘yicha ishga qabul qilish, davlat xizmatini rivojlantirish Agentligi orqali ochiq tanlovlar asosida amalga oshirildi. Unga asosan Ye-qaror elektron tizimi orqali hujjatlar rasmiylashtirilib, ochiq-oshkora tarzda ish olib borilmoqda. Shu bilan bir qatorda mahallalardagi yoshlar yetakchilari, xotin-qizlar faollarining ham barchasi (tumandagi 23 ta MFY bo‘yicha) davlat xizmatini rivojlantirish Agentligi platformasi orqali ochiq tanlov asosida ishga qabul qilish tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, hokimiyat apparati lavozimlariga inson omili aralashmagan holda "Argos" tizimi orqali ishga qabul qilish ham joriy etilgan.

Ishchi-xodimlarni rag‘batlantirish yoki jazolash bo‘yicha belgilangan barcha ishlar ham Ye-qaror elektron tizimi orqali ijrosi yo‘lga qo‘yilgan.

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan talabgorlarning suhbat bosqichlari ham onlayn tarzda o‘tkazilib, video va audio tasvirga olinmoqda va ularning 3 yil davomida saqlanishi ta’minlanayapti.

Yig‘ilishda muhokama etilgan masala bo‘yicha so‘z olgan partiya vakillari va deputatlar Prezidentimizning yuqoridagi Farmonlari ijrosini ta’minlash maqsadida olib borilayotgan ishlarni yanada faollashtirish, shu tariqa davlat boshqaruvi organlariga ishga qabul qilishda ochiqlik va oshkoralikka erishish zarurligini ta’kidladilar. Bu boradagi ishlarda O‘zLiDeP deputatlik guruhining ham o‘z o‘rni bo‘lishi lozimligini qayd etdilar. Tuman miqyosida bu boradigi ishlarda amaldagi Qonunlar doirasida ish olib borilishi va qat’iy rioya qilinishi muvaffaqiyatlar garovi ekanligi alohida tilga olib o‘tildi.

Deputatlik guruhi yig‘ilishida muhokama etilgan masala bo‘yicha tegishli qaror qabul qilindi.

  • Ko'rildi
    89
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+