Surxondaryoda eng yaxshi biznes loyiha muallifi saralandi

23.01.2024, 15:19

Surxondaryoda eng yaxshi biznes loyiha muallifi saralandi

O’zLiDeP Surxondaryo viloyati Kengashida xotin-qizlarni tadbirkorlikka yo‘naltirish va qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Eng yaxshi biznes loyiha” tanlovi o‘tkazildi. Unda barcha tumanlardan o‘z biznesini yo‘lga qo‘ygan va endilikda faoliyatini kengaytirish niyatida bo‘lgan tadbirkor ayollar hamda bu yo‘nalishga qadam qo‘yish istagida bo‘lgan yoshlar o‘zlarining biznes rejalari, loyihalari bilan ishtirok etishdi.

—  Xonadonimizdagi 30 sotix yerga issiqxona qurganmiz, — deydi sherobodlik Nazira Choriyeva. — Unda bodring, pomidor, limon, qulupnay hamda gul ko‘chatlarini parvarishlaymiz. Bularga qo‘shimcha ravishda anor ham yetishtirib, mahalliy bozorda sotamiz. Bir yilda o‘rtacha 100 million so‘m daromad qilamiz. Endilikda qo‘shimcha yer va kredit olib, faoliyatimni yanada kengaytirmoqchiman. 

  Tanlov nihoyasida tumanlardan saralangan ishtirokchilarning faoliyati hay’at a’zolari tomonidan ko‘zdan kechirildi va munosiblar g‘olib deb e’lon qilindi.

—  Qariyb  besh yildan buyon tadbirkorlik bilan shug‘ullanaman, — deydi Termiz tumanidagi “Aysha Malak Trans” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Mahliyo Turdimorodova. — Asosan, tikuvchilik bilan shug‘ullanamiz va trikotaj mahsulotlari ishlab chiqaramiz. 5 nafar xotin-qizni doimiy, 20 nafarini esa mavsumiy ish bilan ta’minlaganman. Bundan tashqari, qandolatchilik va tikuvchilikni o‘rgatadigan o‘quv kurslari faoliyatini ham yo‘lga qo‘yganmiz. Biroq, bu bilan cheklanib qolmasdan ushbu faoliyatimni yanayam kengaytirish niyatidaman. Ushbu tanlovda mening biznes loyiham eng yaxshi deb topildi. Partiyaning bunday qo‘llab-quvvatlovidan mamnunman.

  O’zLiDeP Surxondaryo viloyati Kengashi

matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    76
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+