O’zLiDeP Buxoro viloyat Kengashining 2023 yildagi faoliyati sarhisob qilindi

01.02.2024, 12:03

O’zLiDeP Buxoro viloyat Kengashining 2023 yildagi faoliyati sarhisob qilindi

O`zLiDeP Buxoro viloyat Kengashining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O`zLiDeP viloyat Kengashi tomonidan 2023 yilda amalga oshirilgan ishlar tanqidiy tahlil qilinib, 2024 yilda bajarilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar belgilab olindi.

Yig‘ilishni O’zLiDeP viloyat Kengashi raisi, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Obidjon Xamidov kirish so‘zi bilan ochdi va olib bordi.

Tanqidiy-tahliliy ruhda o‘tgan yig‘ilishda so‘zga chiqqan partiya viloyat Kengashi raisi birinchi o‘rinbosari-apparat rahbari Bobomurod Ochilov ta’kidlaganidek, “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deb e’lon qilingan 2023 yil mamlakatimiz tarixi sahifalariga bir qator muhim siyosiy tadbirlar o‘tkazilgan yil sifatida muhrlandi. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuni loyihasi bo‘yicha bo‘lib o‘tgan umumxalq referendumi, muddatidan ilgari o‘tkazilgan Prezident saylovi munosabati bilan tashkil etilgan partiyaviy targ‘ibot-tashviqot ishlarining talab darajasida amalga oshirilganligi partiyamizning viloyatdagi obro‘-e’tibori va nufuzini yanada oshirish imkonini berdi.

Targ‘ibot-tashviqot ishlarini kuchaytirish, aholi bandligini ta’minlash, shuningdek, partiya elektorati vakillari tadbirkor va fermerlarni, ishlab-chiqarish korxonalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, boshlovchi tadbirkorlarga banklardan imtiyozli kredit va subsidiyalar ajratishga ko‘maklashish maqsadida muayyan ishlar bajarildi.

Mahalliy Kengashlardagi O’zLiDeP deputatlik guruhlari faoliyatida keyingi paytda siljish ko‘zga tashlanayotganligini aniq ishlar misolida ko‘rsa bo‘ladi. Bugungi kunda mahalliy Kengashlarda jami 143 nafar deputatlar faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lsa, ularning 19 nafar viloyat Kengashi deputatlaridir. Deputatlik guruhlari tomonidan 2023 yil davomida ijro hokimiyati organlari mansabdor shaxslariga 750 ta deputatlik so‘rovlari yuborilib, aholi turmush farovonligini oshirishga, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan muammolarning aksariyati ijbiy hal etildi.

Shuningdek, mafkuraviy targ‘ibot-tashviqot, tashkiliy partiyaviy va istiqbolli kadrlar bilan ishlash, ayollarning siyosiy faollligi, jamiyatdagi o‘rni va mavqeini oshirish, elektorat hamda yoshlar bilan ishlash yo‘nalishlarida ham muayyan natijalar qo‘lga kiritildi.

Kundalik partiyaviy faoliyat samarasi o‘laroq 2023 yil davomida partiya a’zolari soni 73 228 nafardan 100 017 nafarga yetkazildi. Partiya quyi bo‘g‘inlari safi ham 853 tadan 873 taga kengaydi.

Garchi shunday bo‘lsada viloyat partiya tashkiloti faoliyatida hisobot davrida ayrim kamchiliklar ham ko‘zga tashlandi. Bu ayniqsa BPT sonini o‘stirishdagi sustkashlikda ko‘zga tashlandi. Yil davomida ular sonining bor yo‘g‘i 20 taga ko‘paygani bu borada joylarda olib borilgan tushuntirish, targ‘ibot-tashviqot ishlari talab darajasida emasligini, ushbu yo‘nalishdagi faoliyatni yanada jonlantirish zarurligini ko‘rsatib turibdi.

Yig‘ilishda muzokaralarda so‘zga chiqqan xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatlari – F.Aminov, H.Ro‘ziyev, S.Jumayeva, Buxoro tuman Kengashi deputati I.To‘qliyev, partiya Vobkent tuman Kengashi apparati rahbari B.Odilov va boshqalar muhokama etilgan masala bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.

Yig‘ilishda ko‘rilgan masalalar yuzasidan tegishli qaror qabul qilinib, galdagi vazifalar belgilab olindi.

  • Ko'rildi
    86
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+