Tomorqa va tadbirkorlikka havasmand ayollar “Banoaz Tekstile”MChJ issiqxona xo‘jaligini o‘rgandilar

07.02.2024, 14:32

Tomorqa va tadbirkorlikka havasmand ayollar “Banoaz Tekstile”MChJ issiqxona xo‘jaligini o‘rgandilar

Ayni kunda savdo va xizmat ko‘rsatish, qurilish tarmoqlari qatorida 4 gektar issiqxona xo‘jaligini yuritib, dala-dehqonchilik ishlari tufayli jamoasi moddiy manfaatdorligini ta’minlab kelayotgan “Banoaz tekstile” MChJ barqaror ish faoliyati va o‘z tarixiga ega korxonalardan biri. 2017 yilda “Turon banki” viloyat filialining 484 ming AQSh dollar krediti hisobiga Romitan tumani “Qahramon” MFYda 1 gektardan iborat yer maydonida issiqxona tashkil etgan tadbirkor tomoni mazkur issiqxonasini Koreya davlatidan olib kelingan uskunalar bilan jihozlagan.

Bozor talabiga binoan asosan pomidor, bodring yetishtirishga moslashtirilgan bu issiqxonada o‘ndan ortiq doimiy va yana shuncha xotin-qiz mavsumiy ish bilan ta’minlangan. Dastlabki yillardan bu issiqxonadan 100 tonna atrofida hosil olingan. O’z faoliyatini kengaytirgan “Banoaz tekstile” MChJ va uning rahbari Mahtob Odilova hozirga kelib “Turon banki”dan olingan 1 million 200 ming AQSh dollari miqdoridagi imtiyozli kredit sarmoyasi asosida Kogon tumanidagi “Beklar” MFYda ham 4 gektardan iborat yer maydonida issiqxona tashkil etib, aholi dasturxoni to‘kinligini ta’minlashda baholi qudrat hissa qo‘shib kelmoqda.

Darvoqe, savdo xodimi, quruvchi, tadbirkor, O‘zLiDeP viloyat Kengashi faoli—bu Mahtob Adilovaning qariyb 40 yillik serqirra mehnat faoliyatiga xos yaxlit ta’rif desak, mubolag‘a emas. Ko‘p tarmoqli tadbirkor, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibasi Mahtob Odilovaning biznes faoliyati mahalliy namunali tomorqachilar, tashabbuskor ayollarning e’tiborida. Shu bois, bu korxonada issiqxona xo‘jaligiga oid mahorat darslari, ish o‘rganish mazmunidagi uchrashuvlar tez-tez tashkil qilinadi. Zero, “Bir mahalla—bir mahsulot” tamoyili asosida mahallalarni shakllangan tajriba asosida aniq bir ekin turiga ixtisoslashtirish, bunda tajribali fermer va tadbirkor ayollar ish uslubini ommalashtirish muhim ahamiyat kasb etmoqda.

—Issikxonamizda 43 nafar xotin-qiz ish bilan ta’minlangan bo‘lib, ulardan 13 nafari doimiy, 30 nafari esa mavsumiy ishchilardir,—deydi Mahtob Odilova. — Endilikda mahsulot yetishtirish bilangina cheklanmasdan, tayyor pomidorni qayta ishlashni yo‘lga qo‘yish borasida izlanish olib bormoqdamiz. Albatta, bu bilan mahsulot salmog‘i qatorida jamoamiz daromadini yanada oshiramiz. Issiqxonaga kelsak, hozirda “Alamina” naviga mansub pomidor ekib yetishtirish bilan bandmiz. Hademay, jamoamiz bilan bu yerdan 200 tonnadan kam bo‘lmagan hosil yig‘ishtirib olish taraddudidamiz. O’tgan yilgi mavsumda 100 ming AQSh dollariga teng mahsulotni Rossiyadagi buyurtmachi hamkorlarimizga yetkazib bergan bo‘lsak, bu yil ham mahsulot eksportiga e’tibor qaratamiz.    

O‘zLiDePning “Namunali tomorqachi ayol - farovonlik bunyodkori!”  loyihasi  doirasida o‘tkazilgan o‘ziga xos “mahorat darsi” davomida issiqxona faoliyatini yo‘lga qo‘yish istagida bo‘lgan qirqqa yaqin xotin-qizlarga har qarich ekin yeridan samarali foydalanib, barakali hosil yetishtirish, issiqxona faoliyatini yanada kengaytirish va shu orqali oilaviy daromadni oshirish yuzasidan zarur tavsiyalar berildi. Albatta, bunda qatnashgan ayollar orasidan hademay salohiyatli tadbirkorlar, issiqxona xo‘jaligini daromad manbaiga aylantirishga qodir ishbilarmonlar yetishib chiqishiga ishonch bor.  

 

  • Ko'rildi
    54
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+