Tibbiyot sohasini rivojlantirish – davr talabi

08.02.2024, 18:02

Tibbiyot sohasini rivojlantirish – davr talabi

2024 yilda ta’lim, sog‘liqni saqlash, raqamlashtirish, madaniyat va sport sohalarida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida davlatimiz rahbari tomonidan tibbiyot sohasidagi ustuvor yo‘nalishlar belgilab berilganligi bejiz emas.

Zotan, Prezidentimiz ta’kidlaganidek, jumladan, birlamchi tibbiyot tizimini aholimiz talablariga moslashtirish ishlarini davom ettirish, xususan, tibbiyot brigadalarini malakali shifokorlar bilan to‘ldirish, to‘liq stavkada ishlaydigan xodimlarni ko‘paytirish zarurligi shu kunning muhim talablaridan bo‘lib hisoblanadi.

Davlatmiz rahbarining kadrlar masalasi bo‘yicha bildirgan tanqidiy fikr-mulohazalari batamom o‘rinli bo‘lib endilikda sohadagi barcha vakansiyalarni onlayn platformaga joylashtirgan holda kadrlarni ishga olish bo‘yicha shaffof tizimni yaratish zarurati sezilmoqda .

Videoselektor yig‘ilishida kasalliklarni erta aniqlash, jumladan, kardiologiya, endokrinologiya va onkologiya skrininglarini tashkil etishda yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar ham aniq-ravshan ko‘rsatib o‘tildiki, ushbu kamchiliklar ham belgilangan muddatlarda soha mutasaddilari tomonidan bartaraf etilishi ushbu yo‘nalishdagi barcha ishlar bugungi kun mezonlari darajasida yo‘lga qo‘yilishi zarurligini hayotning o‘zi taqozo etmoqda.

         Shuniungdek, joylarda dispanser nazoratida turgan, surunkali kasalligi bor aholini sog‘lomlashtirish ishlari yetarli emasligi farmatsevtika bozorida mahalliy mahsulotlar ulushi fizik hajmda 40-45 foiz bo‘lsa-da, pul qiymatida 20 foizdan oshmayotganligi, dori-darmonlarning yashirin aylanmasi bo‘yicha yetarli choralarning ko‘rilmayotganligi, tibbiy preparatlardan foydalanish madaniyatini yuksaltirish  ishlarining sustligi va boshqa bir qator masalalar yuzasidan bildirilgan Prezidentimizning haqqoniy e’tirozlari barcha hamkasblarimiz va soha xodimlari qatori meni ham chuqur o‘yga toldirdi. Va eng muhimi davlatimiz rahbari sohadagi mavjud kamchilik va nuqsonlarni bartaraf etish maqsadida amalga oshirilishi zarur bo‘lgan ustuvor vazifalarni ham belgilab berdilar.

Endilikda xavf guruhiga kiruvchi aholini yurak qon-tomir, onkologiya va endokrin kasalliklari skriningdan o‘tkazish tizimini o‘zgartirish, soha mutasaddilari tomonidan “Elektron poliklinika”, “Elektron shifoxona” va “ Elektron tibbiy karta” tizimlarini ishga tushirish, kafolatlangan paketga kirgan dorilarni elektron retsept asosida berishni yo‘lga qo‘yish ana shunday dolzarb vazifalardan bo‘lib hisoblanadi

Chindan ham, el sog‘lig‘i – yurt boyligi. Bugun - Yangi O’zbekiston sharoitida xalqimiz sog‘lig‘ini muhofaza qilish, sog‘liqni saqlash tizimini yanada takomillashtirish davlat siyosati darajasidagi kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalardan biriga aylanganligi va ushbu hayotiy jarayon hamisha bardavom ekanligi, sohaning barcha xodimlari qaysi vazifa va lavozimda ishlashidan qat’iy nazar nihoyatda mas’ul ekanliklari o‘z-o‘zidan ayon. Davlatimiz rahbari raisligida o‘tkazilgan navbatdagi videoselektor yig‘ilishi buning amaliy ifodasidir.

Shu bois, xalq sog‘lig‘ini saqlash, davolash–profilaktika ishlarini Prezidentimiz topshiriq va ko‘rsatmalari asosida to‘g‘ri tashkil etish asosiy vazifamiz, qalb amrimiz va vijdon burchimiz bo‘lib qolaveradi .

 Jonibek Matniyozov,

Buxorodagi “Salomatlik maskani” xususiy shifoxonasi rahbari,

O'zLiDeP shahar Kengashi raisi, shahar Kengashi deputati.

  • Ko'rildi
    63
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+